Buxoroda qal’a devori qulab tushdi
Madaniyat-san’at
−
13 mart 2022
20715Joriy yilning 11 mart kuni kechki payt Buxoro shahridagi “Talipoch qal’a darvozasi” chap tomonidagi qal’a devorining bir qismi qulab tushdi. Madaniy meros agentligiga ko‘ra, bunga hafta davomida Buxoroda yomg‘ir yog‘gani sabab bo‘lgan.
Kecha, 12 mart kuni Buxoro viloyat hokimyati, Madaniy meros boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi, Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi mas’ul xodimlari va boshqarmaning maxsus eskspertlaridan iborat Jamoatchilik Ilmiy maslahat kengashi a’zolari joyida hodisa o‘rganib chiqqan.
O‘rganish natijasida, XVI asrga tegishli “Talipoch qal’a darvozasi” 2003 yilda qayta tiklangani, o‘tgan yillar davomida qal’a atrofidagi devorning chap qanoti ortidagi madaniy qatlamlarning cho‘kishi, qoplama devorlarida yoriqlar paydo bo‘lishi hamda joriy yilning mart oyida kuzatilgan doimiy yog‘ingarchilik devorning cho‘kishi va qulab tushishiga olib kelgani aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, “Talipoch qal’a darvozasi” 2022 yil davomida asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarining manzilli ro‘yxatiga kiritilgan.
Hozirda soha mutasaddilari va mutaxassislar tomonidan mazkur ob’ektning atrofini o‘rab olish, mazkur huddudda yashovchi fuqarolar va ob’ektga tashrif buyuruvchi sayyohlar xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilgan.
Shuningdek, Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi va ekspertlar tomonidan ob’ektning texnik holati o‘rganilib va uni tezkorlik bilan qayta tiklash choralarini ko‘rish bo‘yicha muhokamalar olib borilmoqda.
LiveBarchasi