Sardor Berdimuhamedov Prezident lavozimiga kirishdi
Olam
−
19 mart 2022
10404Bugun, 19 mart kuni Ashxobodda Turkmanistonning saylangan Prezidenti Sardor Berdimuhamedovning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Turkmaniston: Oltin asr” sayti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, marosimda hukumat va Xavfsizlik kengashi a’zolari, davlat idoralari rahbarlari, diplomatlar va jurnalistlar ishtirok etgan.
Poytaxtdagi “Ruhiyat” saroyi zaliga Turkmaniston davlat bayrog‘i, Turkmaniston Prezidenti shtandarti, Turkmaniston Konstitutsiyasi va Qur’oni Karim olib kirilgan.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Gulmurod Murodov Berdimuhamedovga prezidentlik guvohnomasini topshirgan. Shundan so‘ng, yangi davlat rahbari Konstitutsiyaga qo‘lini qo‘yib, prezidentlik qasamyodini qabul qilib, “Turkmaniston konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga, Turkmaniston Prezidenti zimmasiga yuklangan vazifalarni vijdonan bajarishga” va’da berdi.
Mamlakatda prezidentlik saylovi 12 mart kuni bo‘lib o‘tdi. Saylovchilarning 97,17 foizi yoki 3 million 362 ming 52 kishi ishtirok etdi. Markaziy saylov komissiyasi barcha byulletenlarni sanab chiqqach, 72,97 foiz ovoz olgan Demokratik partiyadan nomzod Sardor Berdimuhamedov g‘alaba qozonganini e’lon qildi.
Turkmanistonda prezidentlik saylovlari har yetti yilda o‘tkaziladi.
LiveBarchasi