Qozog‘istonda “Qonli yanvar” voqealari bo‘yicha nechta o‘zbekistonlik tergovga tortilgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
14 mart 2022
7002Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari yanvar oyidagi tartibsizliklardan so‘ng 19 nafar xorijlik fuqaroga nisbatan ishlarni tergov qilmoqda. Ularning 11 nafari O‘zbekiston fuqarosi. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi vakili Serik Shalabayev ma’lum qilgan.
“Jinoyat ishida 19 nafar xorij fuqarosi bor. Ulardan 11 nafari O‘zbekiston, to‘rt nafari Rossiya, ikki nafari Qirg‘iziston hamda bir nafardan Xitoy va Tojikiston fuqarolari”, degan u.
Qayd etilishicha, ularning xatti-harakatlari tartibsizliklar va o‘g‘irliklarda ishtirok etish faktlari bo‘yicha baholanadi.
“Bu ma’lumotlar yakuniy emas, chunki tergov hali ham davom etmoqda”, degan Shalabayev.
Yanvar oyi boshida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, ularning ishtirokchilari politsiya va harbiylarga hujum qildi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev davlat to‘ntarishiga urinish haqida e’lon qildi va yordam so‘rab KXSHTga murojaat qildi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashdi, 19 yanvardan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu voqealar natijasida 230 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
LiveBarchasi