No war. Zelenskiy Rossiyaning “Vremya”sini buzgan ayolga rahmat aytdi (video)

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning “Birinchi kanal”i jonli efirini buzgan rossiyalik ayol Marina Ovsyannikovaga minnatdorlik bildirdi. Ovsyannikova jonli efir vaqtida “Urush yo‘q” deya yozilgan plakat bilan studiyaga bostirib kirgandi.

“Haqiqatni yetkazishga harakat qilishdan to‘xtamagan ruslardan minnatdorman. Dezinformatsiyaga qarshi kurashayotgan va haqiqatni, do‘stlari, qarindoshlari va yaqinlariga aytayotganlardan. Shuningdek, shaxsan urushga qarshi plakat bilan “Birinchi kanal” studiyasiga kirgan qizdan. Norozilik bildirishdan qo‘rqmaydiganlardan. Sizning mamlakatingiz butun dunyodan yopilib, juda katta Shimoliy Koreyaga aylanmaguncha, kurashishingiz kerak. Imkoniyatingizni qo‘ldan boy bermasligingiz kerak”, degan Zelenskiy. 

Ma’lumot o‘rnida, Marina Ovsyannikova “Vremya” ko‘rsatuvi paytida Rossiya Federatsiyasining “Birinchi kanal”i studiyasiga bostirib kirgan, u boshlovchining orqasida urushga qarshi shiorlar yozilgan katta plakatni ushlab olgan. Ovsyannikova “Birinchi kanal”da muharrir sifatida faoliyat yuritadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

92

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing