Uzr so‘ragan “UzAuto Motors”, jazolangan hokimlar, shifoxonaga tushgan Bayden... Bugun nimalar bo‘ldi?

Jamiyat

image

Bugun, 20 noyabr kuni ham oxirlab qoldi. Kun davomida O‘zbekiston hamda dunyoda muhim voqealar yuz berdi. Avvalo mamlakatda benzin arzonlashayotgani haqida xushxabar berildi, ammo hozircha bu narx pasayishi birjadan tashqariga ta’sir qilmadi. Xalqaro maydonda AQSH Prezidenti Jo Baydenning shifoxonaga tushishi va vazifasini vitse-prezident Kamola Xarrisga topshirishi muhokama qilindi. QALAMPIR.UZ dayjestida siz shu va boshqa dolzarb xabarlarning qisqa tafsiloti bilan tanishishingiz mumkin.

Jamiyat 

Xorazmda o‘ndan ortiq hokim jazolandi

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov 12 ta tuman va shaharlar hokimini jazoladi. Viloyat rahbarining tegishli farmoyishi e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, ular ish faoliyati davomida o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganligi hamda o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondoshib, jiddiy  kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun jazolangan.

O‘zbekistonda bolalarga uyatsiz harakatlar qilganlik uchun jazo kuchaytirilmoqda

O‘zbekistonda bolalarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar uchun belgilangan jazo choralari kuchaytirilmoqda. Bu haqda kecha, 19 noyabr kuni Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullangan “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan.

Qonun bilan jinoyat qonunchiligida voyaga yetmaganlarga nisbatan insonparvarlikni kuchaytirish maqsadida jinoiy javobgarlikka tortish yoshini o‘n uch yoshdan o‘n to‘rt yosh etib belgilanmoqda.

Joriy haftada AI-80 benzin 9,5 foizga arzonlashdi

Joriy yilning 15-19 noyabr kunlari O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida o‘tkazilgan ochiq birja savdolari yakunlariga ko‘ra AI-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha sotilish narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 10 129,4 ming so‘mdan 9 168,4 ming so‘mgacha, ya’ni 9,5 foizga pasaydi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xabar berdi.

Hafta yakuniga ko‘ra birja bozorining mazkur segmentida taklif darajasi 3,1 foizga o‘sgan.

Shuningdek, birja savdolariga qo‘yilgan benzin hajmida kichik 1 tonnalik lotlarning ulushi 6 foizdan 30 foizgacha oshirilgan. Buning natijasida birja savdolari orqali benzinni sotib olgan xaridorlarning soni 32 tadan 143 tagacha, ya’ni 4,5 barobarga o‘sgan.

Sudyalik qasamyodini buzgan ikki nafar sudya ishdan olindi

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining qaroriga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida va Toshkent shahrida sudya hamda sud raisining o‘rinbosari sudyalik qasamyodini buzgani uchun lavozimidan ozod etildi.

Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining sudyasi Gulnora Karimovna Obidova va Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi raisining o‘rinbosari Xazratqulov Tursunovich Odilbek lavozimidan ozod etilib, vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan.

Endi “dom”larda yuqori tezlikdagi internet bo‘ladi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2022–2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari hamda xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llarini mobil aloqa qamrovi bilan ta’minlash reja-jadvali tasdiqlandi.

“Cheksiz uzr so‘raymiz”. “UzAuto Motors” Captiva 5 bo‘yicha bayonot berdi

 “UzAuto Motorskompaniyasi xaridorlarga Chevrolet Captiva 5 avtomobillarini yetkazib berishni to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya rasmiy bayonotida aytilgan.

“UzAuto Motors” kompaniyasi xaridorlarga Chevrolet Captiva 5 avtomobillarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishni to‘xtatishga majbur.

Yuzaga kelgan holat kompaniya tarixida birinchi bor yuz berishi, lekin, biz  bugungi kunda jahon avtomobil sanoati og‘ir kunlarni boshdan kechirayotganligi va bizning kompaniyamiz ham bundan mustasno emasligini bir necha bor xabar qilganmiz.

Shu munosabat bilan, “UzAuto Motors” AJ rahbariyati va jamoasi o‘z mijozlarimizdan keltirilgan noqulayliklar uchun cheksiz uzr so‘raydi hamda ayni paytdagi vaziyatda mijozlari uchun qayg‘urib, qabul qilingan qarori yagona to‘g‘ri qaror ekanligiga ishonadi”, deyiladi kompaniya xabarida.

DXX Afg‘oniston va Tojikistondan olib o‘tilgan ko‘p miqdordagi giyohvand moddani aniqladi

Surxondaryoda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan giyohvand moddalar aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirda katta miqdordagi narkotiklar musodara qilindi. 

Tadbir davomida 1982 y.t. mahalliy fuqaro 28 kg 895 gr. “opiy” hamda 2 kg “gashish” moddalarini, shuningdek, boshqa bir holatda esa muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganliklari uchun sudlangan, 1962 va 1970 yillarda tug‘ilgan aka-uka 9 kg 161 gr. “opiy” va 446 gr. “geroin” moddalarini kelgusida sotish maqsadida qabul qilib olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Senatorlar o‘zlari ma’qullagan qonunni eslay olmadi

Joriy yilning 26 iyun kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qilib, ma’qullagan edi. Biroq oradan qariyb besh oy o‘tganiga qaramay bu qonun kuchga kirgani yoki Prezident tomonidan qaytarilgani haqida OAVga hech qanday ma’lumot berilmadi.

Kecha, 19 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlis yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalist senatorlarni davlat tili to‘g‘risidagi qonunning ijrosi masalasida savolga tutdi.

Olam

WSJ: Xitoy BAAda yashirincha harbiy ob’ekt qurmoqchi bo‘lgan 

AQSH razvedka xizmatlari Xitoy BAA poytaxti Abu-Dabi yaqinidagi port hududida yashirincha harbiy inshoot qurayotganiga ishongan. Bu haqda “The Wall Street Journal” vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar bergan.  

Manbalarga ko‘ra, taxminan bir yil oldin AQSH rasmiylari Abu-Dabi yaqinidagi Xalifa portida “shubhali Xitoy faoliyati” haqida razvedka ma’lumotlarini olishni boshlagan. 

AQSH “Tolibon” hukumatini tan olish shartini aytdi

“Tolibon” AQSH tomonidan qonuniy hukumat deb tan olinishi uchun terrorchilikka qarshi kurashishi, inklyuziv hukumat tuzishi hamda etnik kamchilik huquqlarini himoya qilishi kerak. Bu haqda AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Uest “Tolibon”ning Kongressga yo‘llagan maktubiga javoban ma’lum qildi.

“Biz “Tolibon”ga nisbatan aniq, ochiq diplomatiyani davom ettiramiz. Terrorizmga qarshi kurash, inklyuziv hukumatni barpo etish, ozchiliklar, ayollar va qizlarning huquqlarini hurmat qilish, shu jumladan ta’lim va ishlashda teng huquqlarga ega bo‘lish orqali qonuniylik va qo‘llab-quvvatlashga erishish kerak”, degan Uest.

AQSH tarixida ilk bor mamlakatni ayol kishi boshqardi

AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 19 noyabr kuni 1 soatu 25 daqiqaga umumiy behushlik ostida o‘tkazilgan kolonoskopiya muolajasi tufayli o‘z vakolatlarini vitse-prezident Kamola Xarrisga topshirdi. Shu tariqa, Qo‘shma Shtatlar tarixida birinchi marta ayol kishi mamlakatni boshqardi.

Jarayon Vashington yaqinidagi Uolter Rid tibbiyot markazida bo‘lib o‘tdi. Tekshiruv yo‘g‘on ichakdagi anomaliyalarni aniqlashga qaratilgan bo‘lib, bugun, 20 noyabr kuni 79 yoshga to‘lgan Prezidentning tibbiy ko‘rikdan o‘tishining birinchi qismi hisoblanadi. 

Ta’kidlanishicha, bir soatdan ortiq vaqt davomida mamlakatni boshqargan Kamola Xarris Oq uyning G‘arbiy qanotidagi ofisidan turib ishlagan.

Rossiyada xitoyliklarga hujum qilgan olti o‘zbekistonlik qamaldi

Rossiyada Xitoy fuqarosiga hujum qilgan olti nafar O‘zbekiston fuqarosi sud hukmi bilan qamoq jazosiga hukm qilindi. 

Novosibirsk sudi xitoylikka hujum qilgan olti nafar O‘zbekiston fuqarosini Jinoyat kodeksining 162-moddasi 4-qismi va 105-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topgan.

Sud qarori bilan besh nafar o‘zbekistonlikka 8 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi tayinlangan. Qotillik ayblovi qo‘yilgan oltinchi erkakka 16 yil qamoq jazosi tayinlangan. Jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.

AQSHga ergashib: yana bir davlat Pekin Olimpiadasini boykot qilishi mumkin

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Xitoydagi inson huquqlari vaziyatiga norozilik bildirish maqsadida Pekinda bo‘lib o‘tadigan 2022 yilgi qishki Olimpiada o‘yinlariga diplomatik boykot e’lon qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. 

Ta’kidlanishicha, hukumatda Buyuk Britaniya 2022 yilgi Olimpiada o‘yinlariga diplomatik boykot e’lon qilishi mumkin bo‘lgan AQSHdan o‘rnak olishi yoki olmasligi haqida “faol muhokama” boshlangan. Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Elizabet Trass bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi.

Prezident shifokori qariya Baydenning ahvoli haqida ma’lumot berdi

AQSH Prezidenti Jo Bayden sog‘lom va baquvvat, uning ahvoli unga davlat rahbari vazifalarini bajarishda davom etish imkonini beradi. Bu haqda Amerika yetakchisi shifokorining Oq uy tomonidan chop etilgan hisobotida aytiladi.

“78 yoshli Prezident Bayden sog‘lom, faol va vazifalarini, jumladan, bosh ijrochi hokimiyat, davlat boshlig‘i, bosh qo‘mondonlik funksiyalarini muvaffaqiyatli bajarishga qodir”, deyiladi hujjatda. Hisobotni ko‘p yillar davomida Baydenning shifokori bo‘lgan Kevin O’Konnor tayyorlagan.

Sport

Ahmadaliyev to‘liq davom etgan jangda raqibini taslim etdi

Bugun, 20 noyabr kuni AQSHning Nyu Gempshir shtati Manchester shahrida joylashgan SNHU arenasida professional boks kechasi tashkil etildi.

Unda super yengil vazn toifasida IBF va WBA  yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempioni hisoblangan Murodjon Ahmadaliyev (10-0) chililik Xose Velaskesga (29-6-2) qarshi ringga ko‘tarilib, g‘alabaga erishdi. Bahs to‘liq davom etdi va yakunda barcha hakamlar 119-111 hisobini qayd etdi.

 “Liverpul” “Barselona”sabab Saloh bilan shartnomani yangilamoqchi

Angliyaning “Liverpul” klubi hujumchi Muhammad Saloh bilan tez orada shartnomani uzaytirmoqchi. Amaldagi bitim muddati 2023 yilning yoziga qadar amal qiladi. Xabarlarga ko‘ra, bu holat futbolchiga “Barselona”dan bo‘lgan qiziqish bilan bog‘liq.

Tomonlar yangi shartnoma bo‘yicha kelishib olmagan, chunki “Liverpul” Misr terma jamoasi sardorining moliyaviy ishtahasini qondira olmayapti.

Ahmadaliyev ringga ko‘tarilgan turnirda qanday natijalar qayd etildi?

Bugun, 20 noyabr kuni AQSHning Nyu Gempshir shtati Manchester shahrida joylashgan SNHU arenasida professional boks kechasi tashkil etildi.

Avvalroq, super yengil vazn toifasida IBF va WBA  yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempioni hisoblangan o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev (10-0) chililik Xose Velaskesga (29-7-2) qarshi ringga ko‘tarilib, g‘alabaga erishgani haqida xabar bergan edik. 

“Matroom Boxing” promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan boks oqshomining markaziy jangida esa o‘rta vazn toifasida WVO yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempioni Demetrius Andrade (31-0) Jeyson Kuiglini (19-1) nokaut evaziga mag‘lub etdi.


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

146

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing