Ta’tildagi Mirziyoyev, Qozog‘istondagi talato‘p, XK bilan xayrlashgan Nazarboyev... Bugun nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
05 yanvar 2022
13783Jamiyat
Prezident Mirziyoyev ta’tilga chiqdi
O‘zbekiston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 yanvardan navbatdagi qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqdi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi raisi o‘rinbosari - Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Davlat rahbari o‘tgan yili ham aynan yanvar oyida qisqa muddatli ta’tilda bo‘lgan edi.
Buxoroda mast ota o‘zining 17 yoshli o‘g‘lini pichoqlab o‘ldirdi
2021 yilning 30 dekabr kuni Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida mast holatda uyiga kelgan ota o‘zining 17 yoshli o‘g‘lini pichoqlab, o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea 30 dekabr kuni soat 18:30 larda G‘ijduvon tumani “Denov” mahallasida sodir bo‘lgan. O‘sha kuni mazkur mahallada yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan S.Z. mast holatda uyiga kelgan. Uyida 2004 yilda tug‘ilgan o‘g‘li U.N. bilan janjallashib qolgan va uning qorin sohasiga oshxona pichog‘i bilan og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda 17 yoshli U.N. ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, olgan og‘ir tan jarohati tufayli tuman shifoxonasida vafot etgan.
Mitinglar ortidan O‘zbekiston Qozog‘iston shaharlaridan biriga parvozlarni to‘xtatdi
“Uzbekistan Airways” AJ Qozog‘istonning Aqtau shahriga parvozlarni bekor qildi. Bu haqda aksionerlik jamiyati Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Aqtau xalqaro aeroporti xalqaro parvozlarni qabul qilishni va amalga oshirishni yopganligi munosabati bilan joriy yilning 5 yanvar kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan HY-9725/9726 Urganch – Aqtau – Urganch yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlari bekor qilingan.
Aviakompaniya ushbu yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni amalga oshirish kunlari haqidagi qo‘shimcha ma’lumot keyinroq taqdim etilishini qo‘shimcha qilgan.
“Zagranpasport”ni endi DXMlarda ham olish mumkin
2022 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish ichki ishlar bo‘limlari bilan bir vaqtda Davlat xizmatlari markazlari (DXM) orqali ham amalga oshiriladi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, xorijga chiqish uchun biometrik pasport ("Zagranpasport") berish uchun to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari (270 ming so‘m)ni tashkil etadi.
Chimyonda norozilikka sabab bo‘lgan holat bo‘yicha racmiy izoh berildi
Ijtimoy tarmoqlar orqali Chimyonda dam oluvchilarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan “qo‘lbola to‘siqlar” nima maqsadda qo‘yilgani xususidagi e’tirozlarga Toshkent viloyati hokimligi tomonidan rasmiy munosabat berildi.
“Bugungi kunda dam olish maskaniga tashrif buyurayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida tegishli mutasaddi tashkilotlar ishtirokida ishchi guruh tashkil qilingan va hududdagi (ot, kvadratsikl, snoubort, tyubing, chang‘i va boshqa) ko‘ngilochar sport turlari bilan shug‘ullanuvchi sport ixlosmandlari va yakka tartibdagi dam oluvchilar o‘rtasida turli xil ko‘ngilsiz holatlar yuzaga kelishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda”, deyiladi izohda.
Bulung‘urning sobiq hokimi yangi lavozimga tayinlandi
Bugun, 5 yanvar kuni podpolkovnik Bahodir Abdullayevich Bahromov Samarqand viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasiga rahbar etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi Matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Tayinlovga qadar u Bulung‘ur tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. 2021 yil 22 dekabr kuni Samarqand viloyati hokimining tegishli qarori bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Shuningdek, Bahodir Bahromov 1996-2000 yillarda Samarqand davlat universitetida tahsil olgan. 2018-2019 yillarda Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosari, 2019-2021 yillarda Samarqand viloyati prokurorining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Mercedes-Benz haydovchisi yo‘lning qatnov qismida “drift” ko‘rsatdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Mercedes-Benz E 200 haydovchisi yo‘lning qatnov qismida "drift" qilayotgani aks etgan video tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, holat joriy yilning 1 yanvar kuni taxminan soat 02:10 da Chilonzor tumanida 35 yoshli B.L. tomonida Mercedes-Benz E 200 avtomobilida sodir etilgan.
Sobiq rektor Prezident Administratsiyasida ish boshladi
Nodirbek Baxtiyorovich Sayfullayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi madaniyat va san’atni rivojlantirish sho‘’basi mudiri lavozimiga tayinlandi.
U tayinlovga qadar Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori lavozimida faoliyat yuritib kelgan. 2022 yilning 3 yanvarida ushbu lavozimdan ozod etilib, o‘rniga Abbosjon Mirzorahimov Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori etib tayinlangan.
Rasman! O‘zbekistonliklar uchun Umra safariga ruxsat berildi
Bugun, 5 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Saudiya Arabistonidagi “Abu Sarhad” hamkor shirkati rahbari Abusarhad Nosir Abdulloh bilan “Umra – 2022” mavsumini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda umra safarini tashkil etish choralarini ko‘rish, hududlarda COVID pandemiyasidan avval navbatda turgan fuqarolarning imkoniyatlarini o‘rganish, ro‘yxatlarni qayta shakllantirish, aviaqatnovlar jadvalini ishlab chiqish va ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari boshlangan.
Shuningdek, ziyoratni yuqori darajada tashkil etish uchun “Abu Sarhad” hamkor shirkati orqali Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun qulay sharoitlarni hozirlash, Ikki Haram masjidiga yaqin bo‘lgan mehmonxonalarni tanlash, zamonaviy transport va boshqa xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Olam
Qozog‘istonda favqulodda holat e’lon qilindi
Qozog‘istonning Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Qozog‘iston Bosh prokuraturasi esa mamlakat fuqarolarini Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarishga va ularga zarur yordam ko‘rsatishga chaqirdi.
Namoyishlar ortidan Nazarboyev iste’foga chiqdi
Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Bu haqda mamlakatning amaldagi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev televideniye orqali murojaatida ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, endi To‘qayevning o‘zi mamlakat Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini egalladi. Ushbu lavozimda 2019 yil martdan buyon Elboshi Nursulton Nazarboyev faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Banditlar harbiy xizmatchilarni masxara qilmoqda – To‘qayev
Qozog‘istonning Olma-ota shahrida bir to‘da banditlar harbiy xizmatchilarni masxara qilmoqda. Bu haqda Prezident Qosim-Jomart To‘qayev televideniye orqali qilgan murojaatida aytib o‘tdi.
“Olma-otada banditlar to‘dasi harbiy xizmatchilarni masxara qilmoqda, hatto ularni yalang‘och holda ko‘chalardan olib o‘tyapti, do‘konlarni talon-taroj qilyapti”, dedi To‘qayev.
Prezidentning ta’kidlashicha, Qozog‘istondagi to‘qnashuvlar oqibatida xavfsizlik kuchlarining ba’zilari halok bo‘lgan, ko‘pchiligi yaralangan.
AQSHda Rossiya Baydenni hurmat qilishi uchun kutilmagan usul taklif qilindi
Amerika rasmiylari Eronga yadroviy kelishuv bo‘yicha bosim o‘tkazishi kerak, shunda Rossiya va Xitoy Prezident Jo Baydenni jiddiy qabul qila boshlaydi. Bu haqda kichik Jorj Bushning sobiq nutq yozuvchisi Uilyam Makgern “The Wall Street Journal”da e’lon qilgan.
“Baydenda nafaqat Tehronda yadroviy bomba paydo bo‘lishining oldini olish, balki Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpinni xalqaro maydonda chora ko‘rishdan oldin ikki marta o‘ylashga majbur qilish uchun ajoyib imkoniyat bor”, degan muallif.
Makron yana prezidentlik saylovida ishtirok etmoqchi
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron joriy aprel oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida ishtirok etishni istayotganini bildirdi. Biroq, o‘zini nomzod sifatida rasman e’lon qilmadi. Bu haqda TACC xabar bermoqda.
“Yolg‘on gapirishga hojat yo‘q. Men prezidentlikka yana nomzodimni qo‘yishni xohlayman. Buni yashirmayman. Oxirigacha bora olishimga ishonchim komil bo‘lgandagina rasman nomzodimni ko‘rsataman”, deydi davlat rahbari.
Shuningdek, Makron bu safar prezidentlikka nomzodlar orasida ayollar ko‘pligidan mamnunligini bildirdi.
Nijniy Novgoroddan Xo‘jandga uchayotgan samolyot Toshkentga qo‘nishga majbur bo‘ldi
Bugun, 5 yanvar kuni Nijniy Novgoroddan Tojikistonning Xo‘jand shahriga uchayotgan S76431 reysi belgilangan aeroportdagi quyuq tuman tufayli Toshkent aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘ldi. Bu haqda RIA Novosti Toshkent aeroporti vakiliga tayanib, xabar berdi.
“S7 Airlines avikompaniyasining Nijniy Novgorod–Xo‘jandga uchayotgan S76431 reysi belgilangan aeroportdagi quyuq tuman tufayli Toshkentga soat 10.00 da qo‘ndi”, degan aeroport vakili.
Sport
Boks olamining “baronlari” e’lon qilindi
Britaniyaning “Manchester Evening News” nashri dunyoning eng badavlat bokschilari reytingini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, besh vazn toifasida sobiq jahon chempioni, amerikalik Floyd Meyveyzer 400 million funt (479,5 million yevro) evaziga reytingni boshqarib turibdi. Ikkinchi o‘rinni superog‘ir vaznda sobiq jahon chempioni Jorj Forman (222 million funt) egallab turgan bo‘lsa, yaqindagina faoliyatini yakunlagan, 8 vazn toifasida sobiq jahon chempioni Menni Pakyao (163 million funt) kuchli uchlikka yakun yasagan.
Dunyoning eng boy 10 nafar bokschilari:
1. Floyd Meyveyzer (400 million funt sterling)
2. Jorj Forman (222 million funt sterling)
3. Menni Pakyao (163 million funt sterling)
4. Oskar De La Xoya (148 million funt sterling)
5. Saul Alvares (105 mln funt sterling)
6. Lennoks Lyuis (103 million funt sterling)
7. Tayson Fyuri (100 million funt sterling)
8. Shakar Rey Leonard (88 million funt sterling)
9. Entoni Joshua (60 million funt)
10. Vladimir Klichko (58 mln funt)
WBA yangilangan reytingida o‘zbek bokschilarining o‘rni qanday?
Butunjahon boks assotsiatsiyasining (WBA) 2021 yil dekabr oyi yakuniga ko‘ra yangilangan reytingi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, yarim yengil vaznda (-55,3 kg) WBA chempionlik kamari sohibi Murodjon Ahmadaliyev mazkur yo‘nalishda reytingning eng yuqori pog‘onasida bormoqda. U shuningdek, IBF yo‘nalishida ham chempion hisoblanadi.
Birinchi o‘rta vazn toifasida (69,8 kg) mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Isroil Madrimov o‘tgan oyda fransiyalik Mishel Soroni mag‘lub etgan holda 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Madrimov katta ehtimol bilan revansh jangida ham g‘alaba qozonsa, chempionlik jangida ringga ko‘tariladi.
Konor chempionni jangga chorladi
Ikki vazn toifasidagi UFC sobiq chempioni Konor Makgregor o‘zining Instagram sahifasida yengil vaznning amaldagi chempioni, braziliyalik Charlz Oliveyrani osonlikcha mag‘lub etishini ma’lum qildi.
Konor Oliveyraning futbolchi Neymar bilan tushgan suratini ilova qilib, “Men ikkalasini ham chekib yuboraman”, deya yozib qoldirgan.
Zarrux Adashevning UFC’dagi jangi bekor qilindi
O‘zbekistonlik MMA jangchisi Zarrux Adashevning UFC’dagi jangi bekor qilindi
29 yoshli Zarrux Adashev (4-3) promoushendagi 4-jangini 2022 yilning 16 yanvar kuni “UFC Vegas 46” turniri doirasida braziliyalik Kleydson Rodrigesga (7-1) qarshi o‘tkazishi kerak edi. Biroq Adashev qo‘lidan olgan jarohati sabab ushbu jangda ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi va UFC ushbu jangni bekor qildi.
IJF Bobonovni 10 000 AQSH dollari bilan mukofotladi
Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) 2021 yilni o‘z vazn toifasining reyting peshqadami sifatida yakunlagan 14 nafar dzyudochini mukofot tariqasida 10 000 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirladi.
Pul mukofotiga ega chiqqanlar orasida Tokio Olimpiadasining bronza medali sovrindori o‘zbekistonlik Davlat Bobonov ham bor. Navoiylik sportchi 90 kg vazn toifasi reytingida birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Qayd etilishicha, IJF shu yo‘l bilan 14 ta vazn toifasida Olimpiada yilini birinchi o‘rinda yakunlagan dzyudochilarni taqdirlashga qaror qilgan.
Qozog‘istonlik UFC jangchisi namoyish o‘tkazayotgan yurtdoshlarini qo‘llab-quvvatladi
Qozog‘istonlik UFC jangchisi Shavkat Rahmonov (14-0) yurtdoshlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘z Instagram sahifasiga video joylashtirdi.
“Men har qanday holatda ham siz bilanman. Hozir men Qozog‘istonda emasman va qo‘llab-quvvatlashim mumkin bo‘lgan yagona narsa bu videoni yozib olish. Umid qilamanki, hukumat muammolarni xalq manfaati uchun hal qiladi. Ollohdan barchaga kuch va sabr tilayman”, deydi Rahmonov.
LiveBarchasi