Qozog‘istonlik UFC jangchisi namoyish o‘tkazayotgan yurtdoshlarini qo‘llab-quvvatladi (video)
Sport
−
05 yanvar 2022
25941Qozog‘istonlik UFC jangchisi Shavkat Rahmonov (14-0) yurtdoshlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘z Instagram sahifasiga video joylashtirdi.
“Men har qanday holatda ham siz bilanman. Hozir men Qozog‘istonda emasman va qo‘llab-quvvatlashim mumkin bo‘lgan yagona narsa bu videoni yozib olish. Umid qilamanki, hukumat muammolarni xalq manfaati uchun hal qiladi. Ollohdan barchaga kuch va sabr tilayman”, deydi Rahmonov.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
LiveBarchasi