Uzr so‘ragan Abdurahmonov, maqsadiga erishgan Makron, “Qozoq malikasi” atrofidagi gaplar... Bugun nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
09 fevral 2022
14487Jamiyat
Shuhratbek Abdurahmonov Marhamatdagi sharmandalik uchun ustozlardan uzr so‘radi
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar o‘quv muassasada ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida tik turib kechirim so‘rashga majbur qilingani haqida xabarlar tarqaldi.
Holat jamoatchilikning keskin e’tiroz va tanqidiga sabab bo‘ldi. Bugun, 9 fevral kuni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov holatga munosabat bildirib, uzr so‘radi.
“Bugun ijtimoiy tarmoq, jamoatchilik vakillari orasida ko‘plab muhokamalarga va e’tirozlarga sabab bo‘layotgan holat, ustoz - murabbiylarimizning sha’ni va qadr-qimmatini obro‘sizlantirishga qaratilgan harakat ekanligini ko‘rish mumkin.
Bu bilan ustozlarimizga bo‘lgan e’tibor Davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ayni davrda “ayrim” rahbarlarning ma’naviyatsizligi va saviyasizligi kechirib bo‘lmas xatoni yuzaga keltirdi”, deydi Abdurahmonov.
Nukusda ona bolasini tug‘ib, ko‘chaga tashlab ketdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Nukus shahrida yangi tug‘ilgan chaqaloq yarim tunda ko‘chaga tashlab ketilgani haqida xabar tarqaldi. Bolaning ahvoli og‘ir ekani aytilgan. Holat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston prokuraturasi rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 8 fevral kuni soat 02:00 larda Nukus shahri Taxtako‘pir tumanida 2002 yilda tug‘ilgan A.K. bolasini dunyoga keltirib, o‘zi yashaydigan joydagi uy oldiga tashlab ketgan.
Shundan so‘ng, chaqaloq Respublika perenatal markaziga olib kelinib, hayoti saqlab qolingan.
Andijonda o‘qituvchilar boshini egib, uzr so‘ratish “g‘oya”si qaysi boshdan chiqqani ma’lum bo‘ldi
Andijon viloyatining Marhamat tumanida o‘qituvchilarni o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘ratish tuman hokimi Boburjon Yo‘ldoshevning tashabbusi bo‘lgan. Bu haqda Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilovning holat bo‘yicha bildirgan munosabatida ma’lum qilindi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari va ota-onalar yig‘ilishi Marhamat tumani hokimidan chiqqan tashabbus bo‘lib barcha maktablarda o‘tkazishga topshiriq berilgan. Shu sababdan XTB boshlig‘i tuman hokimining mazkur holat bo‘yicha shaxsan o‘zining munosabat berishini qat’iy talab qilgan.
Azizbek Mirkomilovning qayd etishicha, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov tomonidan o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida birorta umumta’lim maktabi direktorlariga va o‘qituvchilariga intizomiy chora ko‘rish yoki ularni kamsitish mumkin emasligi qat’iy ko‘rsatib o‘tilib, ogohlantirilgan.
Yana pora, yana Andijon, yana maktab direktori
Andijon shahrida maktab direktori X.S. pora olayotgan vaqtda qo‘lga tushdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 1 fevral kuni maktabning Yoshlar ittifoqi yetakchisi S.A. va o‘qituvchi N.B. arizasiga asosan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jalaquduq tuman bo‘limi xodimlari, viloyat DXX boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari ishtirokida tadbir o‘tkazigan.
Maryam Tillyayeva buvisi bilan birinchi marta Oqsaroyga borib, bobosini xotirladi
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nabirasi Maryam Tillyayeva Toshkentga qaytdi. U buvisi – Karimovning bevasi Tatyana Karimova bilan Oqsaroy qarorgohida o‘rin olgan Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Butun olamni jo qilgan yurak” badiiy ko‘rgazmasini tomosha qildi.
Maryamning aytishicha, u bobosi vafotidan keyin ilk bor Oqsaroyda bo‘lib turibdi.
“Do‘stlar men sizlarni bobom sharafiga barpo etilgan xotira yodgorligi va muzeyi bilan tanishtirmoqchiman. Muzey uning vafotidan keyin Oq uyda tashkil etilgan. Hozir bu yerda bobom sharafiga taqdimot bo‘lyapti. Ammo undagi barcha portretlar uning vafotidan keyin tayyorlangan. Negaki u suratga tushishni yoqtirmagan. Men bu yerda bo‘lmaganim uchun bularning barini ko‘rish qiziq”, deydi Maryam Instagram’dagi sahifasida.
Dunyo davlatlari qarzlari reytingida O‘zbekistonning holati qanday?
Qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbati eng yuqori bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida O‘zbekiston 153-o‘rinni egalladi. Bu haqda Visual Capitalist ma’lumotlari darak bermoqda.
2020 yilda COVID-19 butun dunyo bo‘ylab tarqala boshlaganidan beri global iqtisodiyot ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar, tovarlar narxining o‘zgaruvchanligi, mehnat bozoridagi muammolar va turizm daromadlarining pasayishi bilan sinovdan o‘tdi. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, pandemiya natijasida 97 millionga yaqin odam o‘ta qashshoqlikka tushib qolgan. Ushbu qiyin vaziyatda yordam berish uchun dunyo hukumatlari yuqori sog‘liqni saqlash xarajatlari, ishsizlik, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va biznesning omon qolishiga yordam berish uchun o‘z xarajatlarini oshirishga majbur bo‘ldi.
Buxoroda 9 marta sudlangan erkak kar-soqov qizni zo‘rladi
Buxoroda 9 marta sudlanib, umrining 21 yilini qamoqda o‘tkazgan fuqaro nogiron qizni zo‘rlagani uchun yana qamaldi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.
Fuqaro G‘ijduvon tumanidagi oshxonaga tushlik qilish uchun kirgan. Unga kar-soqov qiz xizmat ko‘rsatgan. Aybdor ovqatlanib bo‘lgach, qizning ojizligidan foydalanish maqsadida oradan 3 soat o‘tib, yana shu yerga qaytib kelgan va jabrlanuvchining ish vaqti tugashini kutgan.
Oshxona egasining jiyani bo‘lgan imkoniyati cheklangan qiz erkakdan uni nima uchun kutib turganini ishora orqali so‘ragan. Fuqaro uni kuzatib qo‘ymoqchiligini bildirib, qizning roziligini olgan. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, mashina boshqa tomonga harakatlanayotganini payqagan qiz, uyi tumandagi “Chog‘onon” MFY Urganji qishlog‘ida ekanini tushuntirishga uringan.
Uzr chelenj davom etadi. Navbat o‘qituvchilarni sazoyi qilgan tuman hokimiga
Kecha, 8 fevral kuni Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida bosh egib, kechirim so‘rashga majbur qilingani haqida xabar bergan edik. Marhamat tumani hokimi Boburjon Yo‘ldoshev hududidagi maktabda bo‘lgan sharmandalik uchun o‘qituvchilardan uzr so‘rab chiqdi.
“Assalomu alaykum, hurmatli ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari. Men Marhamat tumani hokimi Yo‘ldoshev Boburjonman. Marhamat tumanida o‘qituvchilarning uzr so‘rashi bo‘yicha keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan postlar bo‘yicha munosabat bildirmoqchiman. Muhtaram Prezidentimizning ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘tkizgan selektoridan so‘ng, viloyatimiz hokimi tomonidan tuman va maktablarda qilinadigan ishlar bo‘yicha aniq topshiriqlar, o‘z o‘rnida, hech bir rahbar, o‘qituvchilarga chora ko‘rmaslik bo‘yicha aniq topshiriq bergan”, deydi tuman hokimi.
“O‘zavtosanoat” “rastamojka” narxi osmondaligini tan oldi
O‘zbekistonda avtomobil importi uchun boj stavkalarini qayta ko‘rib chiqish kerak. Bu haqda “O‘zavtosanoat” rahbari o‘rinbosari Azizbek Shukurov mamlakatda ulov importi uchun boj yuqori ekanini tan olgan holda aytib o‘tgan.
Aytish joizki, iqtisodchi Yuliy Yusupovning avtomobil sanoatidagi monopoliyaning oqibatlari haqidagi maqolasida avtomobil importi uchun to‘siqlardan biri mahalliy sertifikatlashtirish ekanligini, qo‘yilgan bojxona to‘lovlaridan voz kechish kerakligini, sertifikatlash narxlari juda qimmatligi, shuningdek “UzAuto Motors” AJ iste’molchilarning manfaatlariga tajovuz qilishi haqida fikrlarni keltirib o‘tgan.
Milliardlar qayerga ketdi? Oliy Majlis Behzod Musayevga parlament so‘rovi yubormoqda
Sog‘liqni saqlash vazirligiga 2021 yilda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish xarajatlari uchun dastlab 3 trln so‘m, 2021 yil 5 noyabrda qabul qilingan “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun bilan qo‘shimcha ravishda 1?2 trln. so‘m, jami 4,2 trln so‘m mablag‘ ajratilgan.
Shuningdek, koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot xodimlarini va boshqa kasbdagi xodimlarni rag‘batlantirish xarajatlariga 1 413,9 milliard so‘m, dori-darmon vositalari, gigiyena va zararsizlantiruvchi vositalar uchun 604,2 mlrd so‘m, bir marotabalik shaxsiy himoya uchun kombinezonlar, qo‘l va yuz niqoblari hamda boshqa xarajatlar uchun 89,5 mlrd so‘m, oziq-ovqat mahsulotlariga 86,6 mlrd so‘m ajratilgan.
Asakadagi “daraxtkushlik”. Prokuratura ishni sudga oshirdi
Avvalroq, Andijon viloyatining Asaka tumanida 10 ga yaqin ko‘p yillik daraxt kesib tashlangani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat oqibatida tabiatga 18 mln 360 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, holat yuzasidan “Asaka v.l.” xususiy korxona rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismi bo‘yicha to‘plangan ma’muriy javobgarlikka oid ish hujjatlari bugun, 9 fevral kuni sudga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, Asaka tumani “Amir Temur” MFY hududidagi daraxtlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va mahalliy davlat hokimiyatining ruxsatnomasi berilmagan.
Mazkur hududdagi daraxtlarni xususiy korxona rahbariyati tomonidan daraxtlarni kesishga ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinmagan.
To‘qayev Nurdinjon Ismoilovni “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi
O‘zbekiston parlamenti Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashdi.
“Akorda” e’lon qilgan suratlardan ko‘rish mumkinki, uchrashuvda To‘qayev O‘zbekiston parlamenti spikerini “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlagan.
Qozog‘iston Prezidentining ta’kidlashicha, O‘zbekiston Qozog‘iston uchun qardosh davlat va ishonchli hamkordir.
“Biz munosabatlarimizni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz. Bizning ittifoqchilik munosabatlarimiz siyosiy, savdo-iqtisodiy, gumanitar va madaniy sohalar kabi keng qamrovga ega”, degan To‘qayev.
Toqayev Qozog‘iston-O‘zbekiston hamkorligini ittifoqchilik darajasiga olib chiqish imkonini bergan Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yilning dekabr oyida Qozog‘istonga davlat tashrifi yakunlarini ham yuqori baholagan.
Olam
“Va’da berdingiz, bajaring”. Lukashenko Putindan harbiy unvon so‘radi
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenkoga polkovnik unvonini berishni va’da qilgan, biroq haligacha va’dasi amalga oshmagan. Bu haqda Lukashenko teleboshlovchi Vladimir Solovyovga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Solovyov uning harbiy unvoni va pogoniga qiziqqan. Lukashenko pogonida gerb o‘rnatilganini, o‘zi esa podpolkovnik unvonida ekanini aytgan.
“Men o‘zim uchun generalissimus yoki general yulduzini osib qo‘ya olmayman. Putin polkovnik, u menga polkovnik unvonini berishga va’da bergan. Haligacha bermadi”, degan Lukashenko.
Qozog‘istonda Kalashnikov avtomatlari ishlab chiqariladi
Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyatida joylashgan “Tinis” zavodi joriy yilda Kalashnikov avtomatlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda Qozog‘iston sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.
“Yil davomida Kokshetau (viloyat ma’muriy markazi) 2015 yildagi kabi Kalashnikov avtomatlarini ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AK-12 va AK-15 avtomatlarini yig‘ish “Tinis” zavodi bazasida amalga oshiriladi.
Maqsadiga erishgan Makron. Fransiya va Ukraina liderlari nimalarga kelishdi?
Avval xabar berganimizdek, kecha, 8 fevral kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Kiyevda Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Ikki davlat Prezidentlari Ukraina sharqidagi mojaroni muhokama qilib, bir qancha yo‘nalishlarda hamkorlik qilish, jumladan, Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatish borasida kelishib oldi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, Makronning Zelenskiy bilan muzokaralari uzoq davom etgan, Prezidentlar rejalashtirilganidan bir soat kechroq matbuot oldiga chiqqan. Shu sababli, brifing qisqartirilgan formatda o‘tkazilgan.
Zelenskiy yig‘ilishni ochar ekan, bu Fransiya Prezidentining 24 yil ichida Kiyevga birinchi tashrifi ekanligini ta’kidlab, Ukraina sharqidagi tinchlik jarayoni muzokaralar markazida ekanini aytgan.
NATO kuchlarining chegaralar yaqinida to‘planishi butun tashkilot uchun xavf – KXSHT
NATOning qo‘shni hududlarda harbiy faolligini oshirishi nafaqat Belarus va Rossiyaga tahdid soladi, balki butun Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT – ODKB) xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu haqda bugun, 9 fevral kuni tashkilot bosh kotibi Stanislav Zas “Valday” xalqaro munozara klubining “Yangi davrda kollektiv xavfsizlik: KXSHT tajribasi va istiqbollari” konferensiyasida aytib o‘tdi.
“KXSHT mas’uliyat zonasining g‘arbiy chegaralarida NATO harbiy guruhlari sezilarli darajada oshgani, qo‘shni hududlarda harbiy infratuzilmaning rivojlanishi kuzatilmoqda. Harbiy faollik kuchaymoqda, aslida butun mintaqani harbiylashtirish. Bu davom etmoqda. Bu nafaqat Belarus va Rossiyaga tahdid soladi, balki butun tashkilotimiz, butun KXSHT xavfsizligiga salbiy ta’sir qiladi”, deydi u
KXSHTdan Afg‘oniston uchun iltifotli bayonot berildi
Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Afg‘onistonga tinch hayotga qaytishda yordam berishga va bu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarda ishtirok etishga tayyor. Bu haqda Rossiyaning Tashkilotdagi doimiy vakili Mikael Agasandyan ma’lum qildi.
“Biz Afg‘onistonga tinch hayotga o‘tishda yordam berish niyatimizni hamda vaziyatni barqarorlashtirish va bu mamlakatni BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roli bilan rivojlantirish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarda ishtirok etishga tayyorligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz”, degan Agasandyan.
Nurlarga cho‘mgan, nurlardan to‘ygan shahar. Qozog‘istonda poytaxt o‘zgaradimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘iston poytaxtini Nur-Sulton shahridan Qo‘stanayga ko‘chirilishi haqida ma’lumotlar tarqaldi. Ko‘plab bahslarni keltirib chiqargan ushbu masalaga Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi ko‘magida noaniq ma’lumotlarga qarshi kurashish maqsadida yaratilgan stopfake.kz portali nuqta qo‘ydi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda [mamlakat Prezidenti] Qosim-Jomart To‘qayev poytaxtning Qo‘stanayga ko‘chirilishi haqida e’lon qilgani haqidagi ma’lumotlar tarqalmoqda. Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deyiladi xabarda.
“Qozoq malikasi”ning ishga chiqmasligi surunkali tus oldi
Qozog‘iston Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning qizi, parlament deputati Darig‘a Nazarboyeva ikki oydirki, palata majlislariga kelmayapti. Bu haqda mamlakat mahalliy nashrlari yozmoqda.
Qayd etilishicha, bugun, 9 fevral kuni bo‘lib o‘tgan parlament yalpi majlisida Darig‘a Nazarboyeva ishtirok etmagan. Majlis uning kelmaganini tasdiqladi va deputat maoshsiz ta’tilga chiqqanini qo‘shimcha qildi.
Sport
Ronaldu 2010 yildagi antirekordini takrorladi
“Manchester Yunayted”ning portugaliyalik hujumchisi Krishtianu Ronaldu 2010 yildagi antirekordini takrorladi. Bu haqda “Sky Sports Statto” xabar bermoqda.
Futbolchi o‘zining eng yomon golsiz seriyasini takrorladi. Ketma-ket beshta o‘yinda Ronaldu raqiblar darvozasini ishg‘ol eta olmadi. U oxirgi marta o‘tgan yilning 30 dekabrida “Byornli”ga qarshi o‘yinda gol urgan.
Bunday golsiz seriya oxirgi marta 2010 yilda sodir bo‘lgandi. O‘shanda futbolchi “Real”da o‘ynagan va maydan sentyabrgacha beshta o‘yinda ham gol ura olmagan.
Kamaru Usman operatsiya qilindi
UFC yarim o‘rta vazn chempioni Kamaru Usmanning qo‘lida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bu haqda uning menejeri Ali Abdelaziz ma’lum qildi.
“Usman qo‘lidagi ligamentni tuzatish uchun operatsiya qilindi”, degan Ali Abdelaziz ESPN muxbiri Mark Raymondiga bergan intervyusida.
Alining aytishicha, Usman iyul oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan UFC 276 gacha qaytishni maqsad qilgan. UFC prezidenti Dena Uayt 2021 yil iyun oyida Neyt Diaz ustidan g‘alaba qozongan Leon Edvards Usmanning kamariga asosiy da’vogar ekanligini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi