Rossiyada Navalniyning ukasi qidiruvga berildi
Olam
−
20 fevral
11302Rossiya Ichki ishlar vazirligi Aleksey Navalniyning ukasi Olegni qayta qidiruvga berdi. Tegishli e’lon vazirlik ma’lumotlar bazasida paydo bo‘ldi.
"Oleg Navalniy, 1983 yil 9 aprel. Qidiruv uchun asoslar: Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha qidiruvga berilgan. Xususiyatlari: qayta e’lon qilingan, avval qidiruvga berilgan", deyiladi idoraning ma’lumotlar bazasida.
U qaysi jinoyat moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilganiga aniqlik kiritilmagan.
Ma’lumot uchun, Rossiya Ichki ishlar vazirligi Oleg Navalniyni 2022 yilning yanvarida ham federal qidiruvga bergan edi. O‘shanda qidiruv uchun asos jinoiy huquqbuzarlik sifatida ko‘rsatilgan, biroq bu ayblovga aniqlik kiritilmagan. 2021 yil sentyabr oyida u Kiprga uchib ketgan va hali ham qaytib kelmagan.
Eslatib o‘tamiz, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy koloniyada vafot etgani haqida Federal jazoni ijro etish xizmati Yamal bo‘yicha departamenti ma’lum qildi. Bir necha siyosatchilar esa Navalniy Kreml tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilgani haqida gapirdi. AQSH Prezidenti Jo Bayden ham Navalniyning o‘limi uchun Putin javobgar ekanini aytdi.
“Interfaks” nashri shifokorlar Navalniyni jonlantirishga yarim soatdan ko‘p harakat qilgani haqida yozdi. Muxolifatchining oilasi ham uning o‘limini tasdiqladi. Bu hodisalar ortidan esa yirik namoyishlar boshlanib ketdi. Joriy yilning 16 fevral kuni AQSH vitse-prezidenti Kamola Harris Myunxenda bo‘lib o‘tayotgan xavfsizlik konferensiyasida Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya bilan uchrashdi va unga ta’ziya bildirdi.
Ertasi kuni, 17 fevralda bo‘lsa Navalniyning onasiga o‘g‘lining jasadi berilmadi, buning ortidan 46 mingdan ortiq kishi rasmiylardan marhumning jasadini oilasiga qaytarishni talab qildi. Yevropa Ittifoqi inson huquqlari borasidagi sanksiyalariga Navalniy nomini berdi. Shunday qilib, Navalniyning jasadi yana ikki hafta “ekspertiza”dan o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bugun, 20 fevral kuni Navalniyning onasi Putinga videomurojaat bilan chiqdi.
LiveBarchasi