Aleksey Navalniy qamoqxonada vafot etdi
Olam
−
16 fevral
15361Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy kaloniyada vafot etdi. Bu haqda Federal jazoni ijro etish xizmati Yamal bo‘yicha departamenti ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugun, 16 fevral kuni 3-sonli axloq tuzatish koloniyasida Navalniy yurishdan so‘ng o‘zini yomon his qilgan va darhol hushini yo‘qotgan.
“Muassasa tibbiyot xodimlari zudlik bilan yetib keldi va tez tibbiy yordam brigadasi chaqirildi. Barcha zarur reanimatsiya choralari ko‘rilgan, biroq ijobiy natija bermagan. Tez tibbiy yordam shifokorlari mahkumning o‘limini tasdiqladi. O‘lim sabablari aniqlanmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Aleksey Navalniy 2021 yil fevralida Iv Rocher ishi bo‘yicha firibgarlikda aybdor deb topilgach, qamoqxona koloniyasiga jo‘natilgan. Keyin siyosatchi 2 yil-u 8 oyga ozodlikdan mahrum etildi. 2022 yil mart oyida Navalniy yana firibgarlikda, keyin esa sudyani haqorat qilishda aybdor deb topilib, 9 yilga qattiq tartibli koloniyaga (jinoyatlar birikmasi uchun) jo‘natilgan edi.
2023 yil avgustida Navalniy Moskva shahar sudi tomonidan “ekstremistik jamiyat” tashkil etganlikda ayblanib, maxsus rejimli koloniyada 19 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Rasmiylarga ko‘ra, u asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi “ekstremistik jamiyat” sifatida ko‘rilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Aleksey Navalniy Vladimir viloyatining Melexovo qishlog‘idagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasidan yo‘qolib qolgan, uning yaqinlari va advokatlari deyarli uch hafta davomida siyosatchi bilan bog‘lana olmagan edi. Keyinchalik u Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi Xarp qishlog‘ida joylashgan 3-sonli “Qutb bo‘risi” axloq tuzatish koloniyasiga ko‘chirilgani ma’lum bo‘ldi.
LiveBarchasi