15 mamlakat Navalniyning o‘limi yuzasidan Rossiyani tergov o‘tkazishga chaqirdi

Olam

image

Dunyoning 15 davlati rossiyalik marhum muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limi yuzasidan chuqur va shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqdagi bayonot siyosatchi vafot etganining ikki yilligi munosabati bilan kecha, 16 fevral kuni e’lon qilindi.

Unda Navalniy o‘limi uchun to‘liq javobgarlik Rossiya hokimiyati zimmasida ekani ta’kidlanib, uning oilasiga hamdardlik bildirilgan.

Hujjat mualliflari Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi qarorlariga tayanib, Rossiya Navalniyga nisbatan qamoqda insoniylikka zid va qadr-qimmatni kamsituvchi munosabatda bo‘lgani, shuningdek, uning murojaatlariga munosib javob bermagani uchun mas’ul ekanini qayd etgan.

Navalniy o‘limining ikki yilligi arafasida Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiya mutaxassislari mustaqil tahlillar natijasida u katta ehtimol bilan epibatidin nomli noyob zahar ta’siridan vafot etgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelgan. Aytilishicha, siyosatchining qarindoshlari uning biologik namunalarini Yevropaga olib chiqqan va tekshiruv shu asosda o‘tkazilgan.

Kreml bu ayblovlarni asossiz va bir yoqlama deb atab, qat’iy rad etgan. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ayblovlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirgan.

Shuningdek, 15 davlat Rossiyada inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashayotganidan jiddiy xavotir bildirgan. Bayonotda huquq himoyachilari, jurnalistlar va fuqarolik jamiyati vakillariga nisbatan ta’qiblar kuchaygani ta’kidlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada siyosiy sabablar bilan 1700 dan ortiq kishi hibsda saqlanmoqda.

Qo‘shma bayonotni Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Chexiya, Daniya, Kanada, Latviya, Litva, Niderlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Yangi Zelandiya, Polsha, Finlyandiya va Estoniya imzolagan. Ular Rossiya hukumatini xalqaro majburiyatlarini to‘liq bajarishga va barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, Aleksey Navalniy – rossiyalik siyosatchi, huquqshunos va muxolifat yetakchilaridan biri edi. U 1976 yil 4 iyunda tug‘ilgan, 2024 yil 16 fevralda Rossiyadagi jazo koloniyasida vafot etgan.

Navalniy Rossiyada korrupsiyaga qarshi faoliyati bilan tanilgan. U 2011 yilda Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasini tashkil etgan va yuqori lavozimli amaldorlar haqida surishtiruv videolari tayyorlab, internet orqali e’lon qilib borgan. Uning chiqishlari Rossiya hukumati va ayniqsa, Prezident Vladimir Putin siyosatiga tanqidiy munosabat bilan ajralib turgan.

Navalniy bir necha marta hibsga olingan. 2020 yilda u zaharlangan va davolanish uchun Germaniyaga olib ketilgan. Keyinchalik Rossiyaga qaytganidan so‘ng yana qo‘lga olinib, uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan.

U xalqaro miqyosda Rossiya muxolifatining asosiy timsollaridan biri sifatida ko‘rilgan. Uning faoliyati va o‘limi xalqaro jamoatchilikda katta bahs va munosabatlarga sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aleksey Navalniyning oila a’zolari siyosatchi o‘ldirilganidan so‘ng xorijga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan biomateriallarda epibatidin moddasi aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Biomateriallarni o‘rgangan bir nechta laboratoriya ekspertlari bir-biridan mustaqil ravishda shunday xulosaga kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Aleksey Naval'niy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing