Navalniy qurbaqaning zahri bilan o‘ldirilgan – OAV
Olam
−
14 fevral 5237 2 daqiqa
Rossiyalik marhum muxolifatchi Aleksey Navalniyning oila a’zolari siyosatchi o‘ldirilganidan so‘ng xorijga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan biomateriallarda epibatidin moddasi aniqlandi. Biomateriallarni o‘rgangan bir nechta laboratoriya ekspertlari bir-biridan mustaqil ravishda shunday xulosaga keldi. Bu haqda “The Insider” xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, biomateriallar o‘rganilgan Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiya laboratoriyalari vakillari Myunxen xavfsizlik konferensiyasida qo‘shma bayonot berishni rejalashtirmoqda.
Epibatidin – 1974 yilda kashf etilgan bo‘lib, u Janubiy Amerikadagi Epipedobates tricolor turiga mansub daraxt qurbaqasining terisidan ajratib olingan, keyinchalik esa sun’iy yo‘l bilan sintez qilingan. Bu nikotin va muskarin atsetilxolin retseptorlariga ta’sir qiluvchi neyrotoksindir. Mazkur retseptorlar og‘riq sezgisini uzatish, harakat va boshqa funksiyalarda ishtirok etadi. “The Insider”ning yozishicha, epibatidin butun tanada uvishish chaqiradi va tezda to‘liq falajlikka olib kelishi mumkin. Agar falajlik nafas olishning to‘xtashiga sabab bo‘lsa, modda o‘limga olib keladi.
“Aleksey Navalniyda kuzatilgan alomatlar haqidagi ochiq manbalardagi ma’lumotlar epibatidinning ma’lum ta’siriga mos keladi”, degan “The Insider”ga zaharlanish paytida Navalniyni davolagan reanimatolog shifokor Aleksandr Polupan.
2025 yilning sentyabrida Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya Aleksey Navalniy 2024 yil 16 fevral kuni Harpdagi qutb koloniyasida halok bo‘lganidan so‘ng uning jamoasi biologik material namunalari qo‘lga kiritib, ularni G‘arbning ikki davlati laboratoriyalariga yuborganini ma’lum qilgan (qaysi davlatlar va qaysi laboratoriyalar ekani o‘shanda aniqlashtirilmagan). Laboratoriyalar tadqiqotni bir-biridan mustaqil ravishda o‘tkazib, Aleksey Navalniy zaharlanganini tasdiqlagan.
“Men erim zaharlanganiga birinchi kundanoq amin edim, ammo endi bunga dalil bor: Putin Alekseyni kimyoviy qurol bilan o‘ldirdi. Ikki yil davomida puxta ish olib borgan va haqiqatni ochib bergan Yevropa davlatlaridan minnatdorman. Vladimir Putin – qotil. U barcha jinoyatlari uchun javob berishi kerak”, deydi Yuliya Navalnaya.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Berlinda Aleksey Navalniy xotirasiga bag‘ishlangan kechada uning bevasi Yuliya Navalnaya eri sharafiga “siyosatchilar va ommaviy tashabbuslar uchun” yillik mukofot ta’sis etilishini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi