Navalniyning zaharlanishi: 5 davlat Rossiyaga jiddiy ayblov qo‘ydi
Olam
−
14 fevral 2568 2 daqiqa
Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiya rossiyalik marhum muxolifatchi Aleksey Navalniyning Rossiya koloniyasida epibatidin – Janubiy Amerika qurbaqasining zahri bilan zaharlanishi yuzasidan qo‘shma bayonot e’lon qildi. Bayonot besh davlat Tashqi ishlar vazirlari tomonidan kelishilgan bo‘lib, Buyuk Britaniya hukumati saytida keltirilgan.
Unda aytilishicha, epibatidin Janubiy Amerikadagi zaharli qurbaqalarga xos toksin bo‘lib, Rossiya hududida u bilan tabiiy yo‘l bilan aloqa qilish imkonsiz.
“Navalniy qamoqda vafot etdi, bu esa Rossiyada unga ushbu zaharni yuborish uchun vosita, motiv va imkoniyat bo‘lganini anglatadi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, hujjatda Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti Rossiya Kimyoviy qurollar bo‘yicha konvensiyani buzganidan xabardor qilingani qayd etilgan.
“Biz va hamkorlarimiz Rossiyani javobgarlikka tortish uchun qo‘limizdagi barcha siyosiy vositalardan foydalanamiz”, deyiladi hujjatda.
Ma’lumot uchun, Aleksey Navalniy 2024 yil 16 fevral kuni Rossiyaning Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi “Qutb bo‘risi” (IK-3) maxsus rejimli koloniyasida vafot etgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u sayrdan so‘ng o‘zini yomon his qilgan, hushini yo‘qotgan va tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aleksey Navalniyning oila a’zolari siyosatchi o‘ldirilganidan so‘ng xorijga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan biomateriallarda epibatidin moddasi aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Biomateriallarni o‘rgangan bir nechta laboratoriya ekspertlari bir-biridan mustaqil ravishda shunday xulosaga kelgan.
Live
Barchasi