Ohangarondagi bog‘chada 3 yashar bola zaharlanib vafot etdi
3-sahifa
−
13:08 3969 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi 6-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 3 yashar tarbiyalanuvchi hasharotlarga qarshi kimyoviy vositani bilmasdan ichib qo‘yib, vafot etdi. Bu haqda Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 28 avgust kuni sodir bo‘lgan. 2023 yil 16 iyulda tug‘ilgan T.I. bog‘chaning oshxonasida turgan hasharotlarga qarshi ishlatiladigan BSM vositasini ichib qo‘ygan. Shundan so‘ng, u Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, bola 30 avgust kuni tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasida bolaning o‘limiga kimyoviy moddadan kelib chiqqan o‘tkir zaharlanish, toksik miokardit, toksik ensefalopatiya, bosh miya va o‘pka shishi hamda ikki tomonlama pnevmoniya sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.
Tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruvda 27 avgust kuni 6-sonli bog‘cha xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudirasi P.A. chaqiruvi bilan Ohangaron tuman dezinfeksiya stansiyasi xodimi M.I. tomonidan binoda hasharotlarga qarshi dezinfeksiya ishlari bajarilgani aniqlangan.
Tekshiruv davomida dezinfeksiya ishlaridan ortib qolgan kimyoviy aralashma belgilangan tartibda saqlanmagani va bog‘chada qoldirilgani ma’lum bo‘lgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan joriy yilning 4 sentyabr kuni Ohangaron shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida ovqatdan zaharlanishda gumon qilingan fuqarolar shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiPromis Devidni intervyu chog‘ida ari chaqib oldi
27 Sentyabr