Yevropa Ittifoqi inson huquqlari borasidagi sanksiyalarini Navalniyga bag‘ishlamoqchi
Olam
−
19 fevral
3756Yevropa Ittifoqining inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sanksiyalar mexanizmi rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy nomi bilan ataladi. Bu haqda bugun, 19 fevral kuni Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma’lum qildi.
Borrelga ko‘ra, Navalniy o‘limidan so‘ng Yevropa Ittifoqi Kremlning rossiyalik muxoliflari bilan birdamligini ko‘rsatishi kerak.
“Biz Rossiya muxolifatini qo‘llab-quvvatlash signalini yuborishimiz kerak”, degan Borrel.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Navalniyning o‘limi munosabati bilan YeI ushbu fojia uchun javobgar shaxslarga va voqea yuzasidan “eng katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan” Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning o‘ziga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llash imkoniyatlarini qidiradi.
Shu bilan birga, Yevropa diplomatiyasi rahbari Ukrainani qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.
“Ikkala frontda – siyosiy va harbiy – biz Ukraina va erkin yashashni istagan rossiyaliklarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishimiz kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, 16 fevral kuni Yamal-Nenets avtonom okrugi federal jazoni ijro etish xizmati Xarp qishlog‘idagi 3-sonli “Qutb bo‘risi” qamoqxonasida Aleksey Navalniy vafot etgani haqida xabar bergandi. Shu kundan boshlab Rossiyada va dunyoning boshqa mamlakatlarida rossiyalik muxolifatchini xotirlash uchun stixiyali aksiyalar o‘tkazilmoqda. Navalniyning oilasi va jamoasi, shuningdek, jahon siyosatchilari va ommaviy axborot vositalari uning o‘limini qotillik deb bilmoqda va buning uchun Rossiya rahbariyatini ayblamoqda.
Rossiya Federatsiyasida Navalniy xotirasiga bag‘ishlangan namoyishning yuzlab ishtirokchilari “militsiya xodimlariga bo‘ysunmaslik”, “jamoat tartibini buzgan holda ommaviy tadbir uyushtirish” va boshqa “huquqbuzarliklar” uchun hibsga olindi.
LiveBarchasi