“O‘g‘limni ko‘rishga ruxsat bering”. Navalniyning onasi Putinga murojaat qildi (video)
Olam
−
20 fevral
11690Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning onasi Lyudmila Ivanovna Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga videomurojaat yo‘lladi.
Lyudmila Navalnayaning murojaati Putinning ashaddiy tanqidchisi vafot etgan qamoqxona tashqarisida suratga olingan.
“Mana beshinchi kundirki, men o‘g‘limning jasadini ham ko‘ra olmayapman. Ular menga uni berishmayapti, hatto qayerdaligini aytishmadi ham”, deb boshlagan onaizor so‘zlarini.
“Men sizga murojaat qilyapman, Vladimir Putin. Muammoning yechimi faqat sizga bog‘liq. O‘g‘limni so‘nggi bor ko‘rishga ruxsat bering. Alekseyning jasadi izzat-ikrom bilan dafn etilishi kerak”, deb murojaatini yakunlagan Lyudmila Ivanovna.
Eslatib o‘tamiz, 16 fevral kuni Rossiya hukumati muxolifatchi Aleksey Navalniy qamoqda vafot etganini e’lon qildi. Shundan so‘ng bir qator dunyo siyosatchilari, jumladan AQSH Prezidenti Jo Bayden ham Navalniyning o‘limi uchun Putinni aybladi.
Shundan so‘ng, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning onasi Lyudmila Ivanovna o‘g‘li vafot etgan Xarp qishlog‘idagi qamoqxonaga bordi. Lyudmila Ivanovnaga o‘lim guvohnomasi berilgan, biroq siyosatchining jasadi Salexarddagi o‘likxonada ekani aytilgan.
"Yamal-Nenetsk avtonom okrugidagi 3-sonli axloq tuzatish koloniyasi rahbariyati Aleksey Navalniyning jasadi Salekxard o‘likxonasida ekanligini aytdi. Siyosatchining onasi u yerga kelganida, ularda jasad yo‘qligini aytishdi", deb yozgan edi Kira Yarmish bu haqda.
Bundan tashqari, 50 mingdan ortiq kishi Navalniyning jasadini oilasiga topshirishni talab qilib chiqqan.
Shunga qaramay, bugun Rossiya Tergov qo‘mitasi Aleksey Navalniyning jasadini uning onasi Lyudmila Ivanovnaga berishdan bosh tortgan. Bunga uning jasadi kimyoviy ekspertizadan o‘tkazish uchun yuborilgani va bu jarayon 14 kun davom etishi bahona bo‘lgan.
LiveBarchasi