Navalniyning o‘limi uchun Putin javobgar – Bayden
Olam
−
16 fevral
9436Aleksey Navalniyning o‘limida bevosita Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning qo‘li bor. Bu haqda AQSH Prezidenti Jozef Bayden rossiyalik muxolifatchining o‘limi munosabati bilan qilgan maxsus murojaatida aytib o‘tdi.
“Adashmang. Navalniyning o‘limi Putinning bo‘ynida. Barcha javobgarlikni u o‘z zimmasiga oladi. Bu voqea Putinning qanchalik shafqatsizligiga yana bir dalildir”, degan Bayden.
AQSH Prezidentining qo‘shimcha qilishicha, Putin “nafaqat boshqa davlat fuqarolarini, balki o‘z manfaati yo‘lida rossiyaliklarni ham yo‘qotishga tayyor”.
"Men Navalniyning vafoti haqidagi xabardan hayron qolmadim. U Rossiya rasmiylarining zo‘ravonligiga dadil qarshilik ko‘rsatdi. Buning uchun u qamoqqa tashlandi, zaharlandi, ammo bu kabi qarshiliklar uni to‘xtata olmadi", degan AQSH yetakchisi.
Shuningdek, Bayden zaharlanganidan keyin xorijda qolishi mumkin bo‘lgan, ammo baribir Rossiyaga qaytgan Navalniyning jasoratini e’tirof etdi.
"Men uning oilasiga hamdardlik bildiraman. Alekseyning jasorati hech qachon unutilmaydi", deya qo‘shimcha qilgan AQSH yetakchisi.
Ma’lumot uchun, 2021 yilda Bayden jurnalistlarga Vladimir Putin bilan uchrashib, Navalniyning o‘limi unga qimmatga tushishidan ogohlantirgani haqida ma’lum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 16 fevral kuni Rossiya hukumati muxolifatchi Aleksey Navalniy qamoqda vafot etganini e’lon qildi.
LiveBarchasi