Rossiya Portugaliyaga quvilgan diplomatlari uchun javob qaytardi

Olam 6198
image
-

Portugaliyaning Rossiyadagi elchixonasidagi besh nafar xodimi “persona non grata” (istalmagan shaxs) deb e’lon qilindi. Ular 14 kun ichida Rossiyani tark etishlari kerak. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi

"Bugun, 19 may kuni Portugaliyaning Moskvadagi elchisi Madalena Fisher Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Moskva tomonidan unga Portugaliya Respublikasi rasmiylarining Rossiya diplomatik missiyasining 10 nafar xodimini “persona non grata” deb e’lon qilish haqidagi provokatsion qarori munosabati bilan qattiq norozilik bildirildi”, deyiladi xabarda.

TIVga ko‘ra, javob sifatida Portugaliya Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasining besh nafar xodimi “persona non grata” deb e’lon qilingan. Ular elchiga tegishli nota taqdim etilgan kundan boshlab 14 kun ichida mamlakatni tark etishlari kerak.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya aprel oyida Yevropa Ittifoqi, Bolgariya va Germaniyaning mamlakatdagi diplomatlarini chiqarib yuborgandi. May oyida esa DaniyaBolgariyaRuminiyaFransiya, Ispaniya va Italiya diplomatlarini “persona non grata” deb e’lon qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Diyora Abdurahmonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 24
Reyting: 3.2
t
×