Nazarboyev nomi Konstitutsiyadan o‘chirilishiga munosabat bildirdi
Olam
−
30 may 2022
9313Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev 5 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan referendum natijasiga ko‘ra, mamlakat Konstitutsiyasiga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu o‘zgarishlarning bir qismi uning nomini mamlakatning asosiy qonunidan olib tashlashni ko‘zda tutadi. Bu haqda Nazarboyev siyosiy tahlilchi Daniyar Ashimbayev bilan suhbatda aytib o‘tdi.
“Ha, 5 iyun kuni men Konstitutsiya tomonidan berilgan huquqimdan albatta foydalanaman va referendumda qatnashaman... Shu yillar davomida men uning (Prezident Qosim-Jomart To‘qayevni – tahr.) mamlakatimizni isloh qilish va yanada rivojlantirish yo‘lidagi harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganman. Bu safar ham men qo‘llab-quvvatlashimga shubha yo‘q”, deydi Nazarboyev.
Nazarboyev, shuningdek, prezidentlikdan ketganidan so‘ng ma’lum vakolatlarning saqlanib qolishi “siyosiy o‘tish davrining silliq kechishi va jamiyat hamda hukmron elitada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qarama-qarshiliklarni yumshatish uchun” zarur bo‘lganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Nazarboyev Ashimbayev bilan suhbatda qarindoshlarining ayblari sud tomonidan isbotlansa, ular noqonuniy xatti-harakatlari uchun javobgarlikka tortilishi kerakligini aytib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, Nazarboyevga qator imtiyoz va vakolatlar beruvchi "Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi to‘g‘risida"gi qonunni bekor qilib, uning maqomini bosh qonunda belgilab qo‘yish rejalashtirilayotgandi. Biroq keyinroq uning nomini Konstitutsiyadan butkul chiqarib yuborish taklif qilindi.
Nazarboyevning siyosiy intihosi
2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha bir-ikki videomurojaatlardan tashqari, hech qayerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar va 1-2 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u maoshsiz mehnat ta’tilida. Bu orada esa u “Nur Otan” siyosiy kengashi a’zoligidan ketdi.
Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi.
Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.
28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi.
2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.