Mojaro ichidagi Abduxoliqov, qonxo‘rga chiqqan Sohibqiron, ko‘rinmay qolgan “qozoq malikasi”... Bugun nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
01 fevral 2022
10606Jamiyat
Bugundan poliklinikalarda qog‘ozbozlik qisqartirildi – SSV
Bugun, 1 fevraldan birlamchi tibbiyot muassasalari xodimlari yuritadigan tibbiy jurnal, blank va kartalar soni qisqartirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, birlamchi tibbiyot muassasalari xodimlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar haddan ziyod ko‘p. Ularning asosiy ish vaqti turli jurnal va hisobotlarni to‘ldirish bilan bog‘liq ortiqcha jarayonlarga sarflanmoqda. Oqibatda shifokorlar qabulida uzundan uzoq navbatlar yuzaga kelib, bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati cheklanyapti.
Shu sababli bundan bir muddat oldin Sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tkazilgan uchrashuvda amaliyot uchun foydali bo‘lmagan hujjat va hisobot shakllarini qisqartirish yuzasidan maxsus ishchi guruh tuzilgan.
Farg‘onadagi bozorda 25 ta do‘kon yonib ketdi
Bugun, 1 fevral kuni Farg‘ona viloyati, Quva tumanidagi savdo kompleksida yirik yong‘in yuz berdi. Yong‘inni o‘chirishga 11 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.
Bildirilishicha, soat 06:23da tumanning “G‘alaba” MFY, Bo‘ston ko‘chasida joylashgan Quva savdo kompleksida (bozor) taxminan 25 ta kiyim-kechak do‘konining tomi, shifti va ichki qismi yongan.
Yongin o‘chirish ekipajlari voqea joyiga soat 06:27da yetib borib, yong‘in 07:10da qurshab olinib, 07:37da o‘chirildi.
Korrupsion mojaroga aralashib qolgan Firdavs Abduxoliqov O‘zEOVMA raisligidan ketdi
Firdavs Abduxoliqov O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi lavozimidan ozod etildi. Bu haqda “Uzreport” telekanali ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugun, 1 fevral kuni assotsiatsiya a’zolari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Assotsiatsiya raisi Firdavs Abduxoliqov yig‘ilishda o‘z lavozimidan ozod etishni so‘ragan.
“Bir ovozdan ariza qoniqtirilib, Firdavs Abduxoliqov lavozimidan ozod etildi”, deyiladi xabarda.
Andijonda uyushgan jinoiy guruh IIB xodimlarini toshbo‘ron qilgani aytildi
Bugun, 1 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari mahallaning uyushgan jinoiy to‘daga aylangan fuqarolari tomonidan toshbo‘ron qilingani aks etgan videolavha tarqaldi. Unda voqea Andijon viloyati Baliqchi tumani Alam mahallasida sodir bo‘lgani bayon etilgan. Holat yuzasidan Andijon IIB Matbuot xizmati izoh berdi.
Qayd etilishicha, Baliqchi tumani “A’lam” MFYda yashovchi A.B. tuman “Suvoqava” tashkilotiga tegishli bo‘lgan suv qazib chiqarish inshooti va hududini o‘zining tomorqasiga noqonuniy qo‘shib olgan va yetmaganiga devor bilan o‘rab olgan. Natijada agar suv inshooti nosoz holga kelsa, ta’mirlash uchun kelgan fuqarolarni bu hududga o‘tishga to‘sqinlik qilayotgani uchun mahalla aholisi bilan ushbu oila o‘rtasida nizo yuzaga kelgan.
Suvdan“schyotchik”siz foydalanayotganlar uchun to‘lovlarni hisoblashning yangi me’yori o‘rnatildi
O‘zbekistonda bugun, 1 fevraldan suv hisoblagichi bo‘lmagan uylardagi ichimlik suvini hisoblashning yangicha me’yorlari kiritildi. Bu haqda “O‘zsuvta’minot” AJ Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, bugun, 1 fevraldan boshlab, ko‘p kvartirali va hovli uylarda kuniga 350 litr bo‘lgan yagona me’yor qo‘llaniladi, avtomashina va uy hayvonlari uchun mavjud bo‘lgan boshqa me’yorlar chiqarib tashlanadi. Suv sepish uchun me’yor 15 litrgacha kamaytiriladi.
Sharmanda! O‘zbekiston haqidagi rolikda Amir Temur qonxo‘r bosqinchi deb ta’riflandi
Joriy yilning 29 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish boshqarmasining “Facebook”dagi rasmiy sahifasida xorijiy videoblogerlar tomonidan “Indiana Jons O‘zbekistonda” nomi bilan suratga olingan qisqametrajli film e’lon qilindi. Ammo videodagi kutilmagan holat shundaki Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston tarixidagi muhim shaxslardan biri, Temuriylar davlatining asoschisi Sohibqiron Amir Temur qonxo‘r-bosqinchi sifatida yoritilgan.
Video Samarqand shahrida suratga olingan bo‘lib, rolikning kirish qismi shunday ma’lumot bilan boshlanadi:
“Timur Tamerlan – dunyodagi eng mashhur bosqinchilardan biri bo‘lib, u haqidagi barcha hikoyalar qonli daryolar bilan tugaydi. Uning qo‘lidan 17 milliondan ortiq odam halok bo‘lgan, XIV asrga kelib u yer yuzidagi barcha aholining 5 foizini qirib tashladi. U “o‘lim otasi” sifatida ham tanilgan. Dafn etilganida qabr toshiga la’nat o‘yib yozilgan. “Kim mening qabrimni ochishga jur’at etsa, uning boshiga mendan ham qattol bosqinchi tushadi”.
“Sevimli” ortidan “Kinoteatr” telekanalida ham tekshiruv boshlandi
“Sevimli” telekanalida namoyish etilgan “Sabriya” seriali ortidan “Kinoteatr” telekanali ustidan ham tekshiruv boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, kecha, 31 yanvar kuni “Kinoteatr” telekanali orqali soat 22:00 da efirga uzatilgan “Baunti” filmida ochiq sahnalar namoyish etilgan va bu jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu holat ortidan “Kinoteatr” telekanali Efirga tayyorlash guruhi mas’uli A.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, Telekanal mutasaddi rahbari N.B.ga “hayfsan” oldi.
Bosh prokuratura Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ma’muriy ish ochdi
Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z oila a’zolariga tegishli telekanalga davlat buyurtmalarini bergani yuzasidan prokuratura tomonidan ma’muriy ish ochildi. Bu haqda Bosh prokurorning Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
“Bosh prokuratura tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, 25 yanvar kuni Kinematografiya agentligi bosh direktoriga ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilib, mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun sudga yuborilgan”, deydi Hayot Shamsutdinov.
Olam
Darig‘a Nazarboyeva nega ko‘rinmay qolgani ma’lum bo‘ldi
Avvalroq, Qozog‘iston parlamentining quyi palatasi yig‘ilishida mamlakat Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi, deputat Darig‘a Nazarboyeva ishtirok etmagani haqida xabar bergan edik. Uning yordamchisiga ko‘ra, ayni vaqtda Darig‘a Nazarboyeva maoshsiz ta’tilda. Bu haqda “Zakon” nashri ma’lum qildi.
“Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Majlisi deputati Darig‘a Nazarboyeva hamon maoshsiz ta’tilda. Hozir u Nur-Sultonda va koronavirus infeksiyasidan keyin reabilitatsiyani davom ettirmoqda”, degan deputatning yordamchisi Janna Ermekova.
Vashington xavotirda. AQSH Belarusdagi xizmatchilarini chaqirib oldi
AQSH Davlat departamenti Amerika hukumati xodimlarining Belarusdagi oila a’zolariga mamlakatni tark etishni buyurdi.
“Davlat departamenti 2022 yil 31 yanvarda davlat xizmatchilarining oila a’zolarining mamlakatni tark etishi to‘g‘risida buyruq chiqardi”, deyiladi departament bayonotida.
Xabarga ko‘ra, Rossiyaning Ukraina bilan chegarasi yaqinidagi “g‘ayrioddiy va xavotirli harbiy faoliyati” fonida Belarusdagi AQSH fuqarolari yoki u yerga borishni xohlovchilar mintaqadagi vaziyatni “oldindan aytib bo‘lmaydigan” ekanligini hisobga olishlari kerak.
“Qozoq malikasi” yana parlament majlisiga kelmadi. U Dubaydaligi taxmin qilinmoqda
Qozog‘iston parlamentining quyi palatasi – Majlisning bugun, 1 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida mamlakat Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi deputat Darig‘a Nazarboyeva ishtirok etmadi. Bu haqda “ORDA” nashri ma’lum qildi.
“Darig‘a Nazarboyeva parlament majlislar zalida yo‘q”, deyiladi xabarda.
Siyosatshunos Yerbol Yedilov parlament deputati Darig‘a Nazarboyeva Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida ekanligini aytmoqda.
Rossiya mojaro qidirmoqda – Kanada Bosh vaziri
Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, bu og‘ir va jiddiy oqibatlarga olib keladi. Bu haqda Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo mamlakat Federal parlamentining Ukraina inqirozi bo‘yicha maxsus yig‘ilishida ma’lum qildi.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya mojaro qidirmoqda. Kanada ukrainalik askarlarni tayyorlashda yordam bermoqda va kelgusi uch yil davomida yordam berishda davom etadi.
Bundan tashqari, u Ottava Ukrainaga mablag‘ va harbiy texnika jo‘natishini ham aytib o‘tdi.
Britaniya Rossiyaga qarshi tayyorlagan “eng qattiq sanksiyalar”ini e’lon qildi
Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorladi, ular “Kreml uchun ahamiyatli” bo‘lgan kompaniyalar va shaxslarga ta’sir qiladi. Bu haqda Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trass ma’lum qildi.
“Bu biz Rossiyaga nisbatan joriy qiladigan eng qattiq sanksiyalar rejimi bo‘ladi va Yevropa Ittifoqidan chiqqanimizdan keyin yondashuvimizdagi eng katta o‘zgarish bo‘ladi”, degan Trass.
Turkiyada yashovchi o‘zbek ISHID jangarilariga soxta pasport sotyapti – “The Guardian”
Rasmiy vizalar yopishtirilgan soxta pasportlar yasash bo‘yicha onlayn biznes ISHID ekstremistik guruhiga aloqador shaxslarga Suriyadan Buyuk Britaniya, YeI mamlakatlari, Kanada va AQSHga sayohat qilish imkonini beradi. Bu haqda Buyuk Britaniyaning “The Guardian” nashri tergoviga tayanib xabar berilgan.
Tergov natijalari kecha, 31 yanvar kuni e’lon qilingan. Tekshiruvlar davomida soxta pasportlar tayyorlovchi tarmoqlardan biriga Turkiyada yashovchi etnik o‘zbek rahbarlik qilayotgani ma’lum bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, u turli davlatlarning yuqori sifatli qalbaki pasportlarini katta pulga — ba’zan 15 ming dollarga sotadi.
Sport
11 yoshli shaxmatchi FIDE sport ustasi unvonini qo‘lga kiritdi
O‘zbekistonlik 11 yoshli shaxmatchi Humoyun Bekmurodov Xalqaro shaxmat federatsiyasining (FIDE) sport ustasi unvonini qo‘lga kiritdi.
Bekmurodov shu kunga qadar o‘smirlar o‘rtasidagi ko‘plab musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan, shuningdek 2020 yilda o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha onlayn O‘zbekiston chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan holda yakunda Spark avtomobil bilan taqdirlangan edi.
“Choy puli”: Obameyang “Barselona”da qancha maosh oladi?
“Arsenal” klubi sobiq sardori Per-Emerik Obameyang ijara asosida “Barselona”ga o‘tdi.
“Mundo Deportivo” xabariga ko‘ra, 32 yoshli gabonlik hujumchi “ko‘k-anorranglilar” safida haftasiga 5000 yevro oladi. Manbaga ko‘ra, Oba faqatgina joriy mavsum oxirigacha shunday maoshga ega bo‘ladi. Kelasi yildan boshlab hujumchining maoshi ko‘tariladi.
Roberto Karlos futbolga qaytdi. U antiqa o‘yinda qatnashadi
“Real Madrid” klubi va Braziliya terma jamoasining sobiq himoyachisi Roberto Karlos futbolchilik faoliyatini bir o‘yin uchun qayta tiklaydi. Bu haqda VVS nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 48 yoshli Karlos mahalliy barlar va pablar homiyligidagi jamoalardan tashkil topgan havaskorlar musobaqasida “Barn Yunayted buqalari” jamoasida o‘ynaydi.
Ushbu jamoa “Orzular transferi” tanlovida g‘olib chiqdi. Klublar ishtirok uchun 5 funt to‘laydi va musobaqada g‘olib chiqqan jamoa bir o‘yin uchun professional futbolchi oladi.
LiveBarchasi