Efirda yalang‘och ayolni ko‘rsatgan “Kinoteatr” telekanali mas’uli ishdan olindi

Jamiyat

image

Avvalroq, “Sevimli” telekanalida namoyish etilgan “Sabriya” seriali ortidan “Kinoteatr” telekanali ustidan ham tekshiruv boshlangani haqida xabar bergan edik. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi telekanalda efirga uzatilgan “Baunti” filmidagi ochiq sahnalar yuzasidan ekspertlar jalb qilingan holda o‘rganish boshlagandi.

Agentlik o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha ma’lumot berdi. O‘rganish yakunida:

Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

1. “Kinoteatr” telekanali Efirga tayyorlash guruhi mas’uli A.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan;
2. Telekanal mutasaddi rahbari N.B.ga “hayfsan” jazosi qo‘llanilgan.

“Telekanal Badiiy kengashi tomonidan teledasturlar saviyasi ekspertlar ishtirokida atroflicha va tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tashkiliy, ijodiy-texnik chora-tadbirlar belgilandi”, deyiladi AOKA bayonotida.

"Sabriya" mashmashasi

Avvalroq, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar mavjudligi va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qilgan edi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham “Sabriya” serialini tanqid qildi va hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganini bildirdi

Ushbu masala kun tartibiga chiqishi ortidan telekanal prodyuseri Amira Rashidova ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirib, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli” ekanini ma’lum qildi

Shundan so‘ng, mazkur masalaga O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov  ham izoh berdi. Unga ko‘ra, “Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz.

Oradan ko‘p o‘tmay, “Sevimli” telekanali Bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev lavozimidan ozod etildi. Kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib jamoatchilik asosida Firdavs Abduxoliqov saylandi. Shuningdek, shu paytga qadar O‘zEOAVMA bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan J.Safoyev kanal bosh direktori vazifasiga tayinlangan. 

20 yanvar oqshomida “Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova yana ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot bilan chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevadan uzr so‘radi. 

Shuningdek, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov axloqsizlikni televideniyeda targ‘ib qilishni davlatga xiyonat sifatida baholadi.

Keyinroq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini berib kelgani, shuningdek, subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi.

Oradan bir necha kun o‘tib, Bosh prokuratura Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ma’muriy ish ochgani ma’lum qilindi. Biroq mahkama negadir ish sudga oshirilib, ko‘rish boshlangach, axborot berilgani kutilmagan bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1719

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing