IIBdan o‘ligi chiqqan fuqaro, qarzi ortayotgan O‘zbekiston, “Sevimli”dagi serialni qoralagan Mirziyoyeva... Bugun nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
19 yanvar 2022 34964 13 daqiqa
Jamiyat
Toshkentdagi kafeda yong‘in yuz berdi
Kecha, 18 yanvar kuni soat 18:08 da Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Beshyog‘och ko‘chasida joylashgan hozirda ish faoliyati to‘xtatilgan kafeda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Shahar FVBga shu haqda xabar kelib tushishi bilan 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 18:15 da yetib borib, yong‘in soat 18:30 da qurshab olingan va soat 18:33 da bartaraf etilgan.
“Taxtaqoracha” dovoni yopildi
Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi “Taxtaqoracha” dovonida ko‘p miqdorda qor yog‘gani sababli turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida avtotransport vositalarining harakati vaqtincha to‘xtatildi.
Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, yo‘llarni qordan tozalash, muzlamalarni bartaraf qilish maqsadida qum-tuz aralashmasini sepish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bolaga haqqini talab qilishni o‘rgatmaslikni aytgan Samarqand XTB bo‘lim boshlig‘i ishdan bo‘shatildi
Samarqand viloyatining Nurobod tumanida “Bir million dasturchi” loyihasida birinchi o‘rin olgan o‘quvchiga ishlatilgan noutbuk sovg‘a qilingani haqida xabar bergandik.
Muhokamalarga sabab bo‘lgan holatni o‘rganish jarayonida “bolaga tarbiya bermoqchi bo‘lsak, uning o‘z haqqini talab qil deb o‘rgatmaslik kerak”, degan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid G‘oziyev vazifasidan ozod etildi.
Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘iga ko‘ra, Xurshid G‘oziyev o‘z arizasiga ko‘ra ishdan olingan.
Toshkentda emlanmagan xodimlar ishdan chetlatilmoqda
Toshkentda tadbirkorlik sub’ektlari va byudjet tashkilotlarida vaksina olmagan 1 ming 44 nafar xodim vaqtinchalik ishdan chetlatildi, 200 nafariga jarimalar qo‘llanildi, 1 ta ob’ektning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda Toshkent shahrida koronavirusga chalinish holati keskin ortib, bemorlar soni 5 ming 600 nafarga yetgan. Bugungi kunda bemorlarning 3 ming 297 nafari statsionar, 2 ming 216 nafari ambulator sharoitda davolanmoqda.
Fransiya O‘zbekistonga 100 mln yevro qarz beradi
O‘zbekiston Prezidentining “Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
2021 yil 28 iyunda O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) o‘rtasida imzolangan bitimga asosan "Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish" loyihasini moliyalashtirish uchun 100 mln yevro miqdorida qarz ajratish nazarda tutilgan. Loyihani amalga oshirish muddati - 5 yil (2022-2026 yillar).
Buxorodagi Ichki ishlar bo‘limidan so‘roqqa chaqirilgan fuqaroning o‘ligi chiqdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatidagi Ichki ishlar bo‘limida bir fuqaroning vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Ushbu holatga aniqlik kiritish uchun QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan bog‘landi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, joriy yilning 17 yanvar kuni Buxoro viloyati prokuraturasiga G‘ijduvon tumani 4-sonli ichki ishlar bo‘limi binosida fuqaro I.T.ning vafot etgani haqida xabar kelib tushgan. Hodisa joyiga viloyat prokurori, viloyat IIB boshlig‘i va tuman hokimi hamda viloyat prokuraturasi tergov-tezkor guruhi yetib borgan.
Aniqlanishicha, 17 yanvar kuni G‘ijduvon tuman Ichki ishlar boshqarmasiga fuqaro F.Q. ariza bilan murojaat qilib, hududda giyohvandlik moddasi savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgan A. ismli shaxsga chora ko‘rishni so‘ragan.
Deputat bosim va provokatsiyalardan “dod” dedi. U siyosiy faoliyatini tugatmoqchi
Xalq deputatlari Uchtepa tuman kengashi deputati, O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Nuriddin Zaynitdinov bosimlar ortidan siyosiy faoliyatini to‘xtatish va partiya safidan chiqib ketishga qaror qildi. Bu haqda u kecha, 18 yanvar kuni Telegram’dagi sahifasi orqali xabar bergan.
“Oxirgi voqealar fonida amaldagi deputatlik faoliyatimni yakunlash va partiya safidan chiqib ketish va boshqa siyosiy jarayonlarda ishtirok etmaslik fikriga keldim. Agar shunday qaror qabul qilsam, tushuningki, yetarli asoslar bor”, deb yozadi Zaynitdinov.
DXX Suriyadagi terrorchilarga qo‘shilish orzusidagi yigitni ushladi
Suriyadagi terrorchilik tashkilotlari safiga qo‘shilishni rejalashtirgan o‘zbekistonlik yigit Rossiyada qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasida mavsumiy ishlashi davrida Internet tarmog‘i orqali xalqaro terrorchi tuzilmalar ta’siriga tushib, qo‘poruvchilik harakatini sodir qilishni maqsad qilgan.
Shu sabab u Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgan. Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaro Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Rossiyada qo‘lga olingan va O‘zbekistonga olib kelingan.
Battar bo‘laylik! “UzAuto Motors” mashinalarni “magnitofon”siz chiqarmoqchi
“UzAuto Motors” kompaniyasi Chevrolet Lacetti va Cobalt avtomobillarini vaqtincha magnitolasiz yetkazib beradi. Bu haqda kompaniya Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mikrosxemalar yetishmovchiligi UzAuto Motors kompaniyasi uchun yagona bo‘lgan GM sertifikatiga ega avtomagnitola ishlab chiqaruvchi “Humax” korxonasiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Janubiy Koreya ishlab chiqaruvchisi avtomagnitolani yetkazib berishni noma’lum muddatga to‘xtatgan.
“COVID-19 sababli yarimo‘tkazgichlarga talab keskin ortdi. Bu esa, o‘z navbatida, hozirgi integral mikrosxemalarning yetishmovchiligiga olib keldi. UzAuto talabini bajarish uchun biz imkon qadar hamma narsani qilyapmiz. Biroq biz bu global vaziyatni, muammoni o‘zimiz hal qila olmaymiz. Integral mikrosxemalar tanqisligi natijasida yuzaga kelgan inqirozning zararini minimallashtirish uchun Humax Automotive kompaniyasining barcha xodimlari ushbu vaziyatni yaxshilash hamda xabardorlikni oshirish uchun kundalik ishlarga jalb qilingan. Biz barcha mavjud vositalar va resurslardan yechim izlayapmiz”, deyilgan Humax Automotive xabarida.
Sirdaryoda 8 marta sudlangan o‘ta xavfli retsidivist yana jinoyatga qo‘l urdi
Guliston shahrida yashovchi, sakkiz marta sudlanib, 27 yil qamoqda o‘tirgan 67 yoshli otaxon yana jinoyat sodir etgan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Guliston shahrida yashovchi 67 yoshli S.Boboyev ilgari sakkiz marotaba sudlanib, “o‘ta xavfli retsidivist” tamg‘asini olgan. U hayotining 27 yildan ortig‘ini panjara ortida o‘tkazgan. Lekin bundan tegishli xulosa chiqarmasdan yana jinoyatga qo‘l urdi.
Hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganman – Prezidentning qizi “Sevimli”dagi axloqsiz serialni tanqid qildi
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva ham “Sevimli” telekanali orqali efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialini tanqid qildi.
“Mamlakatimizda, shubhasiz, so‘z va ijod erkinligi mavjud.
Lekin bir tomoshabin sifatida “Sevimli” kanalida praym-taym vaqti namoyish etilayotgan, millionlab teletomoshabinlarning diqqatini tortgan “Sabriya” milliy serialiga nisbatan shaxsiy munosabatimni bildirishga haqliman, deb o‘ylayman.
Badiiy saviya haqida gapirib ham o‘tirmayman, unaqa narsaning o‘zi yo‘q. Serial mualliflari orasida birorta ayol yo‘qligiga ham ishonchim komil. Chunki hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafrat ko‘rmaganman”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Uning ta’kidlashicha, syujetda giyohvand moddalarni iste’mol qilish bo‘yicha aniq va batafsil yo‘riqnoma ko‘rsatishdan maqsad nimaligi ham tushunarsiz.
“Bu holatdan hech qanday xulosa chiqarilmagan. Hamkasb-ayollar o‘rtasidagi zahar-zaqqumga to‘la raqobat g‘oyasi-ku, umuman, ayollarni odam o‘rnida ko‘rmaydigan latifabozlardan ilhomlanib yozilgandek. Va nihoyat, eng yoqimsiz va jirkanch epizodlar – ayollarga nisbatan zo‘ravonlik sahnalari hamda isnoddan qutulishning yagona “to‘g‘ri” yo‘li – o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq. Naqadar "dono" maslahat!
Ushbu serialda ayollar fikri tor, makkora, zaifa, hayotdagi hamma balolarga sababchi qilib ko‘rsatilgan”, deydi Mirziyoyeva.
So‘zida davom etarkan Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi bo‘lgan Mirziyoyeva badiiy kino jamiyatdagi qarashlarni shakllantiradigan vositalardan biri ekanini eslatib qo‘ygan.
“Umuman, kimki ommaga ta’sir o‘tkaza olsa, og‘zidan chiqqan har bir so‘z uchun mas’uldir.
Biz gender tengligi va ayollarga ehtirom masalasini aholi ongiga singdirish uchun zo‘r berib harakat qilayotgan bir paytda bunday seriallar gender tengligi rivojlanishiga shaksiz to‘sqinlik qiladi. Ularda hech qanday sog‘lom fikr yo‘q. Bu – O‘zbekistondagi turmush tarzi borasida ijodkorlarning buzuq fantaziyasi, xolos.
Nima deb o‘ylaysiz, o‘zbekistonlik ayollarning obro‘iga jiddiy putur yetkazayotgan bunday sayoz “ijod namunalari” yaratishni bas qilishni talab etishga haqlimizmi? Qanday qilib o‘z joniga qasd qilishni ekranda ko‘rsatish mumkin, axir?
Men badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtai nazaridan xulosa berishga chaqiraman. Ayollarimiz bunday munosabatga loyiq emas! Bu ham xususiy, ham davlat kinematografiga birdek taalluqli!”, deya so‘zini yakunlagan Saida Mirziyoyeva.
Olam
Dunyodagi eng keksa erkak vafot etdi
Dunyodagi eng keksa erkak ispaniyalik Saturnino de la Fuente Garsiya 112 yoshida Leonda vafot etdi. Bu haqda Ginnesning rekordlar kitobi saytiga tayanib xabar berilgan.
“Saturnino de la Fuente Garsiya 112 yoshu 341 kunligida o‘z uyida olamdan o‘tdi”, deyiladi xabarda.
Erkak 2021 yil 10 sentyabrda Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan, o‘shanda u 112 yoshu 211 kunlik bo‘lgan. Saturnino de la Fuente 1909 yil 11 fevralda Leonda tug‘ilgan. Ta’kidlanishicha, erkak bo‘yi past bo‘lgani (150 santimetr) tufayli Ispaniya fuqarolar urushi (1936-1939) davrida armiyaga chaqirilmagan, keyin u o‘zining poyabzal biznesini ochib, askarlar uchun poyabzal yasashni boshlagan.
Erdo‘g‘an Bashar Asad kimning sharofati bilan iqtidorda qolayotganini aytdi
Agar Rossiya Suriyani qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortsa, Suriya Prezidenti Bashar Asad o‘z mamlakatida hokimiyatda qola olmaydi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an shunday fikr bildirdi.
“Suriyaning katta hududida Amerikaning harbiy bazalari bor, Rossiyaning ham bazalari bor. Boshqa tomondan, terrorchilik tashkilotlari Qo‘shma Shtatlardan sezilarli yordam olgan va olishda davom etmoqda. Biz bu yordam boshqa berilmaydi, deya olamizmi? Yo‘q, biz Bayden (AQSH Prezidenti Jo Bayden) bilan uchrashuvlarimizda hamisha bu haqda gaplashganmiz. AQSH “Biz ketyapmiz, ketyapmiz, bu yerda terror tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlamaymiz”, dedi. Albatta, ular haqiqatni gapirmayapti”, degan Erdo‘g‘an Albaniyadan qaytayotgan samolyot bortida turk jurnalistlariga.
Erdo‘g‘an Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini baholadi
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini real yondashuv deb hisoblamaydi. Bu haqda u Albaniyaga tashrifi chog‘ida jurnalistlarga gapirgan.
Erdo‘g‘anga ko‘ra, Ukraina inqirozini Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muhokama qilish zarur.
“Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini men real yondashuv deb hisoblamayman. Chunki Ukraina oddiy davlat emas. Ukraina kuchli davlat. Qolaversa, Rossiya bu qadamni qo‘yishi uchun butun dunyodagi va o‘z vaziyatini qayta ko‘rib chiqishi kerak. Ozarbayjon Prezidenti Aliyev Ukrainada bo‘ldi. Endi men u bilan gaplashaman. Albatta, janob Putin bilan ham bu masalalarni muhokama qilishimiz kerak”, degan Erdo‘g‘an.
Dallollik qilish Ozarbayjonga qoldimi? Aliyev “katta og‘a”ga qo‘ng‘iroq qildi
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali suhbatlashdi. Suhbatda Ukrainadagi vaziyat hamda Rossiya Federatsiyasining AQSH va NATO bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralar muhokama qilindi. Bu haqda Kreml matbuot xizmatiga tayanib xabar berilgan.
“Ilhom Aliyevning yaqinda Ukrainaga qilgan tashrifini inobatga olgan holda, Kiyevning buzg‘unchi chizig‘i tufayli to‘xtab qolgan Ukrainani ichki tartibga solish masalalari muhokama qilindi. Vladimir Putin AQSH va ularning ittifoqchilari bilan bo‘lgan aloqalar haqida gapirdi”, deyilgan xabarda.
Rossiya istalgan vaqtda Ukrainaga hujum qilishi mumkin – Oq uy
Rossiya istalgan vaqtda Ukrainaga hujumga o‘tishga tayyor. Oq uy Matbuot kotibi Jen Psaki bunday bosqinchilik Moskva uchun jiddiy iqtisodiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.
“Hozir biz Rossiya istalgan vaqtda Ukrainaga hujum qila oladigan bosqichda turibmiz”, degan Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Matbuot kotibi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina chegaralari bo‘ylab 100 ming rus qo‘shinini to‘plash, shuningdek, qo‘shma mashg‘ulotlar, jumladan, Ukrainaning sharqiy chegarasida qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun Belarusga kuchlarini joylashtirish orqali inqirozli vaziyatni yuzaga keltirgan.
Erdo‘g‘an Putin va Zelenskiyni “yarashtirish uchun” Turkiyaga chaqirdi
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya va Ukraina Prezidentlari Vladimir Putin hamda Vladimir Zelenskiyni ikki davlat o‘rtasidagi “ixtiloflarni bartaraf etish” uchun Turkiyaga taklif qildi. Bu haqda Turkiya rahbarining rasmiy vakili Ibrohim Kalin bayonot berdi.
“Turkiya Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatni kamaytirish uchun har qanday rolni o‘ynashga tayyor. Prezident Erdo‘g‘an Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar olib bormoqda. Haqiqatan ham, u ikki davlat rahbarini agar xohlasalar, Turkiyaga kelishga taklif qilgan”, degan rasmiy vakil.
To‘qayev Mudofaa vazirini almashtirdi
Qozog‘iston Prezident Qosim-Jomart To‘qayev shu kunga qadar Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Milliy gvardiya bosh qo‘mondoni lavozimida ishlab kelgan Ruslan Jaqsiliqovni Mudofaa vaziri etib tayinladi. Bu haqda “Oq O‘rda” saytida ma’lum qilindi.
“Ruslan Jaqsiliqov Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vaziri etib tayinlansin”, deyiladi farmonda.
O‘zbekistonga olib o‘tilgan AQSH samolyotlari “Tolibon”ga berilmaydi – Pentagon
Afg‘onistondan O‘zbekiston va Tojikistonga olib o‘tilgan AQSH samolyotlari “Tolibon”ga berilmaydi. Bu haqda AQSH Mudofaa vaziri Matbuot kotibi Jon Kirbi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan hafta Pentagon rahbari Lloyd Ostin Mudofaa mikroelektronika faoliyatini sanoat texnik mukammalligi markazi sifatida belgilagan. Kirbiga ko‘ra, mikroelektronika ko‘plab asosiy qurol tizimlariga imkon beradi. Matbuot kotibining aytishicha, bu ijobiy qadam hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, AQSH 2021 yilning avgust oyida Afg‘onistonni tark etganida ayrim afg‘on uchuvchilari mamlakat harbiy-havo kuchlariga tegishli bo‘lgan samolyotda o‘zlari va oilalarini mamlakatdan tashqariga — O‘zbekiston va Tojikistonga olib ketgan. Ular orasida AQSH tomonidan taqdim etilgan samolyotlar ham bo‘lgan.
Sport
“Chelsi” o‘rtamiyona jamoa maydonida ochko yo‘qotdi
Kecha, 18 yanvar kuni Londonning “Chelsi” klubi Angliya Premer ligasining 23-turidan o‘rin olgan “Brayton”ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotdi. Uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi.
28-daqiqada “aristokratlar” hisobda oldinga chiqib oldi. Hakim Ziyesh Ngolo Kantening uzatmasidan so‘ng, raqib darvozasini ishg‘ol etdi.
“Brayton” esa Adam Uebsterning goli bilan javob qaytardi. Himoyachi uchrashuvning 60-daqiqasidayoq gol urib, muvozanatni tikladi.
“Navbahor” serbiyalik to‘purar bilan kelishuvga erishdi
Bugun, 19 yanvar kuni Namanganning “Navbahor” klubi Gruziya chempionatining 2021 yildagi eng yaxshi futbolchisi va to‘purari bo‘lgan Zoran Marushich bilan kelishuvga erishdi
28 yoshli Marushich 2021 yilda “Dinamo” (Tbilisi) safida Gruziya chempionatida 16 ta gol urgan holda mavsum to‘purari bo‘ldi. Bundan tashqari u Gruziya chempionatining eng yaxshi hujumchisi va eng yaxshi futbolchisi, deb topilgan hamda chempionat ramziy terma jamoasidan ham o‘rin olgan.
O‘zbekistonda “Roma” akademiyasi tashkil etiladi
Kecha, 18 yanvar kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati hamda Italiyaning “Roma” klubi vakili Karlos Perez o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘FA vakillari tomonidan O‘zbekistonda “Roma” klubi akademiyasini tashkil etish imkoniyatlari haqida aytib o‘tildi. Shuningdek, o‘zbekistonlik iqtidorli futbolchilar hamda murabbiylarni Italiyada malaka oshirish va tajriba almashishlarini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi. Yevropada mavqei yuqori hisoblangan “Roma” klubining marketing tizimini o‘rganib chiqib, O‘zbekistonda tatbiq etish taklifi ilgari surilgan.
Live
Barchasi