QALAMPIR.UZ dayjesti: Dinozavr murojaati, Rossiyani yo‘q qilishga kirishgan AQSH, Xavi bilan kelishgan “Barsa”

Jamiyat

image
Yakuniga yetayotgan 28 oktyabrda O‘zbekiston va xalqaro maydonda qanday voqealiklar yuz berdi? Bugungi kun nimasi bilan esda qoldi? Bularning bari QALAMPIR.UZ dayjestida.

Jamiyat 

Hokim va “zamxokim”larining reytingi e’lon qilindi

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi joriy yilning birinchi yarim yilligi holatiga ko‘ra hokimar faoliyatini baholash orqali tuzilgan reytingni e’lon qildi. Reyting viloyat, tuman va shaharlardagi hokim va hokim o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK, KPI) asosida baholash orqali tuzilgan.

Natijalar agentlikning argos.uz portali “Reyting” sahifasiga joylashtirildi va u quyidagi qismlardan iborat: natijadorligi yuqori hududlar, ko‘rsatkichlari eng yuqori tuman (shahar)lar, hududlardagi ko‘rsatkichlari eng quyi tuman (shahar)lar, hokim o‘rinbosarlarining EMSK bo‘yicha reytingi.

O‘zbekistonda 48,9 foiz oilalar farzand bilan ajrashishgan   

2021 yilning yanvar-sentyabr oylarida 29 031 ta nikohdan ajralishlar qayd etilgan. 

Jami nikohdan ajralish davrida (2021 yil yanvar-sentyabr):

•    Farzandsiz ajrashish – 51,1 foiz;

•    Bitta farzand bilan ajrashish – 28,1 foiz;

•    Ikkita farzand bilan ajrashish – 15,8 foiz;

•    Uchta farzand bilan ajrashish – 4,2 foiz;

•    To‘rt va undan ortiq farzand bilan ajrashish – 0,9 foiz.

O‘zbekistonda masofadan boshqariladigan pulemyot ishlab chiqarildi

Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tasarrufidagi korxonalardan birida masofadan boshqariladigan jangovar modul ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda.

Xususan, soha mutaxassislari tomonidan mahsulotning barcha konstruktorlik-texnik hujjatlari ishlab chiqilib, ular asosida yirik kalibrli pulemyot hamda zamonaviy elektron-optik kuzatuv va nishonga olish moslamalari bilan jihozlangan jangovar modulning tajriba namunasi ishlab chiqildi.

O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi uchun yordam kengaytiriladi

Joriy yilning 26 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Jahon savdo tashkiloti (JST) Bosh direktori o‘rinbosari Syanchen Chjan bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokara jarayonining hozirgi holati hamda bu boradagi hamkorlik doirasida navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.

Qashqadaryolik erkak deputat uni kaltaklatganini iddao qildi. IIB holatga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarida chiroqchilik fuqaro E.F.ning videomurojaati tarqaldi. Unda fuqaro uning uyiga shu tuman kengashi deputati M.O‘. boshchiligida bir nechta shaxslar bostirib kelgani hamda ular E.F.ni urib, tan jarohati yetkazgani aytilgan.

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mazkur murojaat bo‘yicha munosabat bildirdi.

O‘zbekiston Rossiyaga migrantlarni ishga yollashni soddalashtirishni taklif qildi

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rossiyalik hamkasblariga o‘zbekistonliklarni Rossiyada tashkiliy ishga qabul qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuvga o‘zgartirish kiritishni taklif qildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Moskvada o‘tgan uchrashuvda qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalariga mehnat migrantlarini jalb etishning soddalashtirilgan tartibi, mehnat jarayonlarini raqamlashtirish va qonunchilkdagi innovatsiyalar bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.

O‘zbekistonda eng qimmat avtoraqam sotildi

Joriy yilning 26 oktyabr kuni Toshkentda elektron auksionda 01 O 001 OQ avtomobil raqami 498 million 150 ming so‘mga sotildi.

Qayd etish kerakki, bu avtomobil raqamlari auksioni tarixidagi eng qimmatga sotilgan raqam bo‘ldi.

Avtoraqamning boshlang‘ich narxi 243 mln so‘m bo‘lgan. Savdolar vaqtida 01 O 001 OQ avtomobil raqami ikki baravardan ko‘proq qimmatlashgan.

10 yilda necha kishi O‘zbekistondan butunlay ketgan?

So‘nggi 10 yilda O‘zbekistondan boshqa davlatga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganlarning soni 346 562 kishini tashkil qiladi.

So‘nggi 10 yilda mamlakatdan xorijga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganlar kesimida:

•  2010 yilda – 44 420 kishi;
•  2011 yilda – 50 816 kishi;
•  2012 yilda – 45 447 kishi;
•  2013 yilda – 38 589 kishi;
•  2014 yilda – 42 228 kishi;
•  2015 yilda – 31 765 kishi;
•  2016 yilda – 28 069 kishi;
•  2017 yilda – 20 772 kishi;
•  2018 yilda – 17 579 kishi;
•  2019 yilda – 13 229 kishi;
•  2020 yilda – 13 648 kishi.

O‘zbekistonliklarning issiqlik energiyasidan qarzi 2 trlndan oshdi

Ayni vaqtda O‘zbekiston aholisining issiqlik energiyasidan 2 trln 100 mln so‘m qarzdorligi bor.

“Respublika bo‘yicha yetkazib berilgan issiqlik energiyasi uchun aholining debitor qarzdorligi 2 trln 100 mln so‘mga teng. Issiqlik ta’minoti korxonalarining gaz, elektr va sovuq suvdan qarzi — ikki yarim trillion so‘mni tashkil etmoqda”, deydi  Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Qurbon Tursunov.

Politexnika universiteti yonida yong‘in yuz berdi

Bugun, 28 oktyabr kuni soat 13:44 da Toshkent shahar Olmazor tumani Universitet  ko‘chasida Toshkent davlat texnika universiteti yonida joylashgan oshxonada yong‘in sodir bo‘ldi. 

Mazkur holat yuzasidan 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 13:50 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 14:03 da qurshab olindi va soat 14:09 da batamom o‘chirildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talaba qizlarga murojaat bilan chiqdi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talaba-qizlarga murojaat bilan chiqib, yangi ishonch telefoni hamda bot ishga tushirilganini ma’lum qildi. Ushbu ishonch raqami orqali talaba-qizlar o‘qish joyida tegajog‘lik, tazyiq yoki zo‘ravonlik kabi holatlarning guvohi bo‘lganda murojaat qilishi mumkin.

Musulmonlar idorasi Umra ziyoratchilariga berilgan yengillik bo‘yicha o‘zbekistonliklarga izoh berdi

Avvalroq, endilikda Umra ziyoratiga borishni xohlovchi musulmonlar avvalgidek ro‘yxatga yozilish uchun 14 kun kutishlari shart emasligi haqida xabar bergandik.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Umra ziyoratiga borishda berilgan yengillik haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Musulmonlar idorasi O‘zbekistonning Jidda shahrida joylashgan Bosh konsulxonasidagi “Haj” va “Umra” masalalari bo‘yicha Attashesi bilan doimiy muloqot qilib, muborak safarlar bilan bog‘liq har bir jarayonni diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Olam 

Sukerberg va uning rafiqasiga sud ishi ochildi 

Facebook asoschisi Mark Sukerberg va uning rafiqasi Prissilla Changa tegishli kompaniyalardan birining sobiq xodimlari ularni sudga berdi.

Da’vo qurbonlar ishlagan tuzilmalar ichidagi ta’qiblarga ishora qiladi. Ta’kidlanishicha, Sukerbergning oilaviy kompaniyasida ishlagan ikki xodim boshqa xodimlarni jinsiy zo‘ravonlik va diskriminatsiyaga aloqadorlikda ayblamoqda. 

AQSHning Afg‘onistondagi mag‘lubiyati yangi urushlarga sabab bo‘ladi – Asad 

AQSHning Afg‘oniston va Iroqdagi mag‘lubiyati yangi urushlar va yangi mag‘lubiyatlarga olib keladi. Suriya Prezidenti Bashar Asad shunday fikr bildirgan.  

“Biz taxmin qilishimiz kerakki, AQSHning Afg‘oniston va Iroqdagi mag‘lubiyatidan keyin... yangi urushlar va mag‘lubiyatlar bo‘ladi”, degan Asad Suriya armiyasi Oliy qo‘mondonligi kurslarini tamomlagan ofitserlar bilan suhbatda. 

Dunyoda ziddiyatlar tufayli qochqinlar rekord darajaga yetdi

Ziddiyalar oqibatida mamlakat ichida ko‘chishga majbur bo‘lganlar rekord darajaga – 48 mlnga yetdi. Bu haqda BMTning ichki migratsiya bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Sesilya Ximenez-Damari Bosh Assambleyaning Uchinchi qo‘mitasidagi chiqishi vaqtida ma’lum qildi.

“Qurolli to‘qnashuvlar va zo‘ravonliklar tufayli o‘z joylarini tashlab ketganlar soni dunyo bo‘ylab 48 millionga yetdi, bu tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Qurolli to‘qnashuvlar va zo‘ravonliklar tobora murakkablashib borayotgan sharoitda xalqaro gumanitar va inson huquqlariga oid qonunlarga hurmatni ta’minlash tobora qiyinlashib bormoqda”, degan ma’ruzachi.

Guterrish Afg‘oniston masalasida jahon hamjamiyatiga murojaat qildi 

Jahon hamjamiyati davlatlari Afg‘onistonga to‘liq iqtisodiy tanazzulga yo‘l qo‘ymaslikda yordam berish uchun birgalikda harakat qilishlari kerak. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish shunday chaqiriq bilan chiqdi. 

“Biz afg‘on iqtisodiyotining to‘liq tanazzulga uchrashiga yo‘l qo‘ymaslik yo‘lini topishimiz kerak. Biz (Respublika) iqtisodiyoti yana nafas olishi va odamlarning omon qolishiga yordam berish uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak”, degan u Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlar yig‘ilishidagi chiqishida. 

Afg‘on oilalari ochlik sabab qizlarini sotib yubormoqda – OAV

“Tolibon” hokimiyatga kelganidan keyin Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat yomonlashib, ko‘plab afg‘on oilalari o‘z qizlarini sotish yoki odatdagidan ertaroq turmushga berishmoqda. 

Afg‘onistonda kichik yoshdan nikoh qurish va bola savdosi yangilik emas, lekin so‘nggi oylarda bunday holatlar ko‘paygan.

Talabalikka bir qadam qolganda... Afg‘onistonlik qiz AQSH bazasidagi hayoti haqida gapirdi

Afg‘onistonlik qiz yurtidan evakuatsiya qilinganlar joylashayotgan AQSHning Viskonsin shtatidagi harbiy bazasida boshqa etnik guruhdagi afg‘onlar tomonidan ta’qibga uchraganini ma’lum qildi. 

“Tolibon” harakati Afg‘oniston poytaxti Qobulni joriy yilning 15 avgustida egallab oldi va 7 sentyabr kuni muvaqqat hukumat tuzilganini e’lon qildi. Avgust oyining so‘nggi ikki haftasida AQSH harbiylari himoyasi ostida bo‘lgan Qobul aeroportidan G‘arb fuqarolari va ular bilan hamkorlik qilgan afg‘onlar ommaviy evakuatsiya qilindi. AQSHning Viskonsin shtatidagi Fort-Makkoy harbiy bazasidan bir necha ming afg‘on qochqinlari joy olgan.

AQSH va Rossiya Turkiya oldidagi majburiyatini bajarmayapti – Chavusho‘g‘lu

AQSH va Rossiya Suriyadagi jangarilar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmayapti. 

Vazir Suriyada YPG/PKK terrorchilariga qarshi ehtimoliy operatsiya hamda Suriya masalasida Rossiya Federatsiyasi va AQSH bilan aloqalar haqida berilgan savolga javob berar ekan, Prezident Erdo‘g‘anning bu borada kerakli bayonotlar berganini qayd etdi.

Davlat byudjeti xarajatlari ko‘paytirilmoqda: kuch tuzilmalari qo‘shimcha 1,4 trln oladi

O‘zbekistonning 2021 yilga mo‘ljallangan Davlat byudjeti xarajatlari qariyb 12 trln so‘mga ko‘paytirilmoqda. Tegishli qonun Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida ma’qullangan.

Qonun bilan 2021 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari bo‘yicha o‘zgartish kiritilmoqda.

O‘z turingizni saqlab qoling! – “Dinozavr” BMT minbaridan insoniyatni sergaklikka chaqirdi 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi kecha, 27 oktyabr kuni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlash maqsadida videorolik e’lon qildi. Videoda Frenki ismli dinozavr BMT Bosh Assambleyasi minbariga chiqib, delegatsiyalarga murojaat qilib, “bahonalarni to‘xtating va haqiqatan ham muammolarga qarshi kurashni boshlang”, deydi.  

Dinozavr uglevodorodlar uchun davlat subsidiyalari iqlim o‘zgarishi kontekstida mantiqsiz ekanini da’vo qilgan. Frenkining so‘zlariga ko‘ra, asteroid uning turlari vakillarining yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lgan.

AQSH Rossiya dengiz flotini yo‘q qilish choralarini ko‘rib qo‘ygan – “Forbes”

Amerikaning B-1B Lancer strategik bombardimonchilari Qora va Boltiq dengizidagi Rossiya flotini yo‘q qilish uchun ishlatilishi mumkin. 

Ta’kidlanishicha, B-1B Lancer yaqin yillarda AQSH raqiblarining dengiz kuchlarini qo‘rqitish uchun qo‘llaniladi. Bunga 2017 yilda ushbu bombardimonchilar 24 tagacha uzoq masofaga uchuvchi LRASM (Long-Range Anti-Ship Missile) kemalarga qarshi raketalarni tashishga yordam bergan.

Sport 

“Barselona” Xavi bilan kelishib oldi

“Barselona” Qatarning “Al-Sadd” klubi bosh murabbiyi Xavi bilan shartnoma tuzishga kelishib oldi. 

Manba ma’lumotiga ko‘ra, Kataloniya klubi “Al-Sadd”ni 41 yoshli ispan bilan shartnomani bekor qilishga ko‘ndirgan. Ta’kidlanishicha, shartnomada Xavining badal puli 1 mln yevro etib belgilangan.

Mirzahalilov yana “hakamlar qurboni” bo‘ldi

Bugun, 27 oktyabr kuni Serbiyaning Belgrad shahrida boks bo‘yicha Jahon chempionatining to‘rtinchi kungi bahslari start oldi.

Dunyo birinchiligida 57 kg vazn toifasida Jahon chempioni (2019) Mirazizbek Mirzahalilov AQSH vakili Jamal Xerliga qarshi ringga ko‘tarilib, 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Biroq Mirzahalilov jang davomida ustunlikka erishgan edi. Keyingi bosqichda Xerliga Braziliya vakili Luis Do Nasimento raqiblik qiladi.

“Barselona” Kumanni iste’foga chiqardi

Kataloniyaning “Barselona” klubi bosh murabbiy Ronald Kumanni iste’foga chiqardi. 

Klub La Liganing 11-turi doirasida “Rayo Valekano”dan (0:1) uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng 58 yoshli mutaxassis iste’fosini rasman e’lon qildi. 

Ronald Kuman “Barselona”ni 2020 yil avgustdan beri boshqarib kelayotgandi. O‘tgan mavsumda Kuman boshqaruvida “Barsa” Ispaniya Kubogini qo‘lga kiritdi, La ligada esa 3-o‘rinni egalladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

74

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing