Sultonov, O‘tayev, Ikromov, Qo‘qonov, Rahmonova... Bugunning qahramoni kim?
Jamiyat
−
10 iyul 2019
7303Bugun, 10 iyul kuni ham nihoyasiga yetyapti. Quyida bugunning eng dolzarb xabarlarining e’tiboringizga havola etamiz.
Jamiyat
Mirziyoyev aholining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish bo‘yicha qaror qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 9 iyul kuni “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.
Toshkent shahar IIBB 5 yoshli bola ishtirokidagi YTH bo‘yicha ma’lumot berdi
Kecha, 9 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda haydovchi bolani urib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahrining Sergeli tumanida yuz bergani, bolaning ota-onasi yonida bo‘lmagani aytilgandi.
YTH kecha, 9 iyul kuni soat 19:20 da Sergeli tumani Mirzo Tursunzoda ko‘chasida yuz bergan. Haydovchi 26 yoshli Bahrom X. Matiz avtomobilida yo‘ldan o‘tayotgan besh yoshli R.S.ni urib yuborgan.
Toshkent viloyatida yirik yer ko‘chkisi yuz berdi
Joriy yilning 8 iyul kuni taxminan soat 15:30 da Angren ko‘mir konining shimoliy qismida chamasi 20 million metr kub bo‘lgan yer ko‘chkisi sodir bo‘ldi.
Tabiiy ofatning vujudga kelishida asosiy omil bu joriy yilning aprel-may oylarida yomg‘irning yog‘ishi (ko‘p yillik me’yordan ortiq), yer osti suvlari darajasining sezilarli darajada ko‘payishi bo‘lib, bu gidrodinamik bosimining oshishiga olib keldi. Natijada, qum tosh tuproqlarni yer osti oqimlari bilan yuvilib yer qamlamida bo‘shliqlarni hosil qildi. Bu esa o‘z navbatida Angren ko‘mir konining shimolidagi yon tomonining zaiflashishiga olib keldi.
Alisher Ikromov 25 yil deganda lavozimdan chetlatildi
YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasining mas’ul kotibi Alisher Ikromov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda. Alisher Ikromov ushbu lavozimda 25 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan edi. Uning nima sababdan lavozimini tark etgani hozircha ma’lum emas.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, bundan bir necha kun avval O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, xususan Samarqand YUNESKOning madaniy meroslar ro‘yxatidan chiqarilishi mumkinligi haqida xalqaro OAVda xabarlar tarqaldi. Bunga shaharda, jumladan Registon ansambli atrofida amalga oshirilgan qurilish ishlari sabab sifatida ko‘rsatildi.
O‘tayev Ortiqxo‘jayev va IIBBning ustidan prokuraturaga xat kiritdi
“Kerak bo‘lsa, OAV orqali uzr so‘rashi kerak!” – Bu O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O‘ktam O‘tayevning Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning xatti-harakatlariga nisbatan javobi edi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Toshkent shahar prokuraturasiga joriy yilning 25 iyundan 26 iyunga o‘tar kechasi ikki xodimi Yunusobod tumani Ichki ishlar bo‘limiga olib kirib ketilgani, aybi isbotlanmay turib, hokimning norasmiy topshirig‘iga binoan IIB kamerasida ushlab turilgani yuzasidan murojaat yo‘lladi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O‘ktam O‘tayev QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
“Qo‘yliq” yaqinida falokatning oldi olindi
Kecha, 9 iyul kuni soat 21:40 atrofida “Qo‘yliq” dehqon bozori yonidagi ko‘prik ustidan o‘zini tashlab joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan ayolni ko‘rib befarq bo‘lmagan aholining sa’y-harakatlari natijasida IIB xodimi va Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi o‘z vaqtida yetib kelgan. Yordamga oshiqqan ayrim fuqarolarning to‘xtab turishga majbur qilgan qaltis vaziyatda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining tezkor va ishonchli harakati ayolning hayotini saqlab qoldi.
Surayyo Rahmonova Bosh prokuraturani “yopib” ketdi...mi?
Surayyo Rahmonovaning prokuraturadan ketgani birinchi kunlardanoq sezildi. Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 5 iyul kuni Bosh prokuratura Matbuot xizmatiga yangi rahbar tayinlandi. Farg‘ona viloyati prokurorining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha katta yordamchisi sifatida faoliyat yuritib kelgan Hayot Shamsuddinov Bosh prokuraturada faoliyatini boshlaganiga bugun 5 kun to‘ldi. Bu orada QALAMPIR.UZ Shamsuddinov bilan aloqa o‘rnatish, muntazam muloqotda bo‘lish, Rahmonovadan qolgan an’anani davom ettirish maqsadida Bosh prokuraturaga qo‘ng‘iroq qildi. Go‘shakni ko‘targan xodim barcha OAV xodimlarining telefon raqamlari va ma’lumotlari to‘planayotgani, keyinroq, Telegram messenjeri orqali Hayot Shamsuddinov bilan muloqot o‘rnitish mumkin bo‘lishini ma’lum qildi. Biroq...
Toshkent hokimligidan kutilmagan g‘amxo‘rlik
Poytaxt Toshkentda narx-navo kun sayin oshib bormoqda. Supermarketlar qatorida bozorlarda ham narx navo ko‘tarilganini guvoh bo‘lyapmiz. Toshkent shahar hokimligi Dehqon bozorlarida qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxlari asossiz oshib ketishining oldini olish maqsadida Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan “Elga xizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etilgani ma’lum qildi. Mazkur korxona uchun dehqon bozorlarining aholi gavjum va xaridorlar uchun qulay bo‘lgan joylaridan 40 ta savdo nuqtasi ajratilgan. Qayd etilishicha, arzonlashtirilgan mahsulotlar aholiga naqd pulga hamda plastik kartochkalar orqali sotilmoqda.
Oliy sud Samandar Qo‘qonovni oqlamadi
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov davrida eng uzoq muddat qamoqda o‘tirgan sobiq deputat Samandar Qo‘qonov Shavkat Mirziyoyev Prezident bo‘lgach, ozodlikka chiqib, oilasi bag‘riga qaytgan edi.
1945 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan Qo‘qonov joriy yilning 22 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga oqlashni so‘rab kassatsiya tartibida murojaat qilgan. O‘tgan vaqt mobaynida uning murojaati ko‘rib chiqilib, oqlov qondirilmagan. Bu haqda QALAMPIR.UZ`ga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Matbuot xizmati xodimi Aziz Abidov ma’lum qildi.
Kosonsoydagi 8 asrlik chinor nega kesildi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Kosonsoy tumanida 800 yillik chinor daraxti kesilayotgani haqida e’tirozli xabarlar tarqaldi. Mazkur holatga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, murojaat va e’tirozlar atroflicha o‘rganilgan.
“O‘rganish natijalariga muvofiq Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi madaniyat va istirohat bog‘i markazida ko‘p yillik bir tup chinor daraxti mavjud bo‘lib, mazkur chinorning yon shoxi tabiiy omillar ta’sirida to‘liq qurib qolganligi hamda odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf solish ehtimoli mavjudligi sababli, shuningdek, sog‘lom qismiga salbiy ta’sir ko‘rsatishining oldini olish maqsadida tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan faqat qurigan shoxi kesilgan”, deyiladi qo‘mita bayonotida
Sultonov gaz va elektr energiyasi narxi qanchaga oshishini aytdi
Ayni kunlarda O‘zbekistonda energiya resurslari narxi oshirilishi bilan bog‘liq masala dolzarb bo‘lib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov jurnalistlar bilan uchrashib, narx-navoning oshirilishi bilan bog‘liq savollarga aniqlik kiritdi.
Samarqandda nimalar bo‘lyapti?
Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish jarayoni kechmoqda. Bu yil Davlat test markazi tomonidan hujjatlarni qabul qilish jarayoniga ko‘pgina o‘zgartirishlar kiritilgan.
Shu sababdan ayrim OTMlarga hujjat topshirish jarayonida abituriyentlarning uzundan-uzun navbatlari yuzaga kelgan. Bunday holatning kelib chiqishiga DTMning hujjat qabul qilishdagi onlayn tizimida kelib chiqqan nosozliklar sabab bo‘lmoqda. Huddi shunday holat Samarqand davlat universitetida ham kuzatildi.
Olam
Zelenskiy 71 nafar rahbarni ishdan bo‘shatdi
Kecha, 9 iyul kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 71 nafar davlat tuman rahbarlarini lavozimidan bo‘shatdi. Tuman rahbarlarining birdaniga bo‘shatilishining sababi bitta – Ukrainaning sobiq Prezidenti Pyotr Poroshenkoning vakolat muddati tugagani ekani aytilgan.
Merkelning “tutqanog‘i” tutdi
Germaniya Federativ Respublikasi kansleri Angela Merkelning salomatligida muammolar borga o‘xshaydi. Merkel xonimni bir oyda uchinchi marta muhim uchrashuvlarda omma oldida titroq bosyapti.
Bugun, 10 iyul kuni Angela Merkel Finlyandiya Bosh vaziri Antti Rinne bilan Berlinda o‘tgan uchrashuvga yuz berdi.
Ukrainada o‘zbekistonlik yollanma jangchi o‘ldirildi
Ukraina sharqida davom etayotgan jangovor harakatlarda DXR (Donetsk xalq respublikasi) tomonda jang qilayotgan o‘zbekistonlik halok bo‘ldi.
O‘zbekistonlik Hojiakbar Istamovich Sharipov 3 iyul kuni Yasinotava tumanida halok bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 32 yoshli Sharipov oldin ham yaralangan va 2015 yilning avgustida “DNR/LNR” tibbiy muassasalariga murojaat qilgan. U Ukraina sharqida urush amaliëtlari boshlangan 2014 yildan buyon Donetsk jangarilarining “Vostok” brigadasida jang qilgan. Yuk tashuvchi mashina va BMP haydovchisi bo‘lgan.
Sport
“Barselona” Grizmanni qutqarmoqchi
Madridning “Atletiko” klubi hujumchisi Antuan Grizmann yaqin vaqtlar ichida “Barselona” safiga transfer qilinadi.
“Ko‘k-anorranglilar” 28 yoshli futbolchini tezroq o‘z safiga qo‘shib olishni xohlayapti. Kataloniyaning “Barselona” klubi Antuan Grizmanning transferini 12 iyul kuniga qadar rasmiylashtiradi. Transfer narxi futbolchining “Atletiko” bilan tuzgan shartnomasida ko‘rsatilgan tovon puli – 120 mln yevroni tashkil etadi.
Germaniya termasidan quvilgan futbolchi Turkiyada o‘ynamoqchi
Londonning “Arsenal” klubi yarim himoyachisi Mesut O‘zil o‘z faoliyatini Turkiyaning “Fenerbaxche” klubida davom ettirishi mumkin.
Ma’lum bo‘lishicha, turklar futbolchini bir mavsumga ijaraga olmoqchi. Ammo, Londonliklar uni to‘liq sotib yuborishni xohlamoqda. O‘zilning “Arsenal” bilan tuzgan shartnomasi 2021 yilning yoziga qadar davom etadi.
“Real”ning 7-raqamli futbolchisi “Arsenal”ga o‘tadi
Madridning “Real” klubi hujumchisi Mariano Dias yaqin vaqtlar ichida Londonning “Arsenal” klubiga o‘tishi mumkin.
O‘tgan mavsum avvalida “Lion” klubidan Madridga ko‘chib o‘tgan futbolchi “Real” asosiy tarkibidan muqim joy egallay olmadi. Qolaversa, “qirollik klubi” joriy transfer vaqtida jamoaning hujumdagi chizig‘ini yetarlicha kuchaytira oladigan futbolchilarni xarid qildi. Shu sababdan Zidan yangi mavsumda ham Diasga yetarli darajadagi o‘yin amaliyotini vada qila olmasligi mumkin.
LiveBarchasi