Ketmoni uchayotganlar yoxud O‘zbekistonda tadbirkorlar nega o‘zini osmoqda? – Hafta dayjesti
Jamiyat
−
30 iyul 2022
27257Tugayotgan hafta dunyo va O‘zbekistonda sodir bo‘lgan ko‘plab qiziq va tarixiy voqealar bilan yodda qoldi. Toshkentda o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha konferensiya deysizmi, yoki SHHT Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishimi, har birida bugun va kelajakka daxldor qator signallar, mintaqaviy masalalar xususida "mesej"lar berildi. Shuningdek, o‘tayotgan haftada ko‘pchilikning ketmoni uchdi.
Ketmoni uchayotgan Allamjonov
Teshik munchoq ko‘chada qolmaydi deydi xalq. 2017 yildan dekabrdan 2018 yilning oktyabrigacha Prezident Administratsiyasi raisi o‘rinbosari – Prezident Matbuot kotibi lavozimida ishlagan Komil Allamjonov yana Prezident Administratsiyasiga qaytdi.
O‘z ko‘zimiz bilan ko‘rmaganimiz – Prezidentning shu yil 26 iyulda imzolagan farmoni bilan Allamjonov Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Biroq hujjat matnini na Prezident saytidan va na Lex.uz’dan topa oldik.
Uzunquloq gaplarga qaraganda, ushbu lavozim u uchun yangi tashkil etilgan hamda Allamjonov jamoatchilik fikrini o‘rganish va axborot siyosatiga mas’ul bo‘ladi.
U biznesni tark etdi va Prezident Administratsiyasining manfaatlar to‘qnashuvi haqida baralla ayta olgan birinchi amaldori bo‘ldi.
Andijonlik tadbirkorlar nega o‘zini o‘ldiryapti?
O‘zbekistonda katta tadbirkorlar yuqori lavozimlarga tayinlanayotgan bir paytda boshqalari vafot etmoqda. O‘lim sababi esa o‘z joniga qasd qilish ekani urg‘ulangan. Gap shundaki, 25 iyul kuni Andijon viloyati Shahrixon tumanida tadbirkor Rahmiddin Mirzayev 45 yoshida vafot etdi. Bosh prokuratura voizi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, u o‘z joniga qasd qilgan. Oradan ikki kun o‘tib, 27 iyul kuni uning otasi ham olamdan ko‘z yumdi.
Bu Andijonda sodir bo‘layotgan birinchi holat emas. Xuddi shunday voqea bundan bir oy avval ham sodir bo‘lgan.
23 iyun kuni “Bo‘z Iqbol chorvasi” MCHJ rahbari Bo‘ston tumanidagi “Buyuk turon chorvasi” fermer xo‘jaligi dala maydonidagi daraxtga arqon bilan o‘zini osib, vafot etgan.
Ikkala holatda ham prokuratura tadbirkorlar o‘z joniga qasd qilganini ishonch bilan ta’kidlamoqda. Sizga bu holat g‘alati tuyulmayaptimi? Nima balo Andijonda tadbirkorlarga qirg‘in kelyaptimi? Nega ular o‘zini osyapti. Bu holatlar tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va ular bilan psixologik suhbat o‘tkazish uchun yaxshi signal.
Iltimos, faqat buni ham Yangi O‘zbekistonning Yangi tadbirkorlari shiori ostidagi ma’naviy-ma’firiy tadbirga aylantirib yubormanglar.
AQSH Afg‘onistonning pullarini qaytarmasa, "Tolibon" tinchlik bermaydimi?
Afg‘oniston endi O‘zbekistonga, mintaqa davlatlari va dunyoga xavf solmaydi. Muvaqqat Hukukumat terrorchilik tuzilmalari bilan kurashmoqda. Ammo ularning ham o‘ziga yarasha talablari bor. AQSH Afg‘onistonning muzlatib qo‘yilgan 7 milliard dollar mablag‘larini qaytarishi kerak. Rossiya esa “Tolibon” qurgan Afg‘oniston hukumatini tan olmasa-da, ular bilan savdo-sotiq qilishga tayyor. Bu gaplar o‘tgan hafta Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiyada yangradi.
E’tiborli tomoni shundaki, unda “Tolibon” vakili – mamlakat muvaqqat Hukumati Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy ishtirok etdi.
Dunyo bugun Afg‘onistonning oldiga qator talablarni qo‘ymoqda. Xususan, Prezident Mirziyoyev “afg‘on hukumati milliy ozchiliklarning, ayniqsa, ayollar va qizlarning asosiy inson huquqlarini ta’minlashi, qizlarning o‘rta maktabga borishini, ular mehnat qilish huquqiga ega bo‘lishini, harakat erkinligini ta’minlashi kerakligini” aytdi va hukumatni terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishlaring oldini olish va ularga qarshi kurashish, keskin choralar ko‘rishga chaqirdi.
“Tolibon” esa AQSHdan pullarini so‘rayapti. Savol tug‘iladi: agar AQSH pullarni blokdan chiqarmasa, “Tolibon” xavfsizlik borasida O‘zbekiston va dunyoga bergan va’dasini bajarmaydimi? AQSH-chi, pullarni qaytaradimi? Qaytarishi kerakmi? Konferensiyadan kutilayotgan natija qanday?
Avval aytib, keyin qaytgan Hukumat
Dunyoda katta-katta masalalar hal etilyapti. Yirik geosiyosiy tartibot ketmoqda. O‘zbekiston ham bunday jiddiy masalalarning ishtirokchi bo‘lib turgan bir vaqtda odamlarning boshi yana mayda masalalar bilan band. Bunda esa Hukumatning hissasi kattagina.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondagi davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun bir xil maktab formasi majburiy etib belgilangan edi. Ko‘plab noroziliklar ortidan Hukumat 27 iyul kuni aytganidan qaytdi. Maktablarda yagona forma 2025 yilgacha bosqichma-bosqich joriy qilinishi va bu yil sotib olish majburiy bo‘lmasligi aytildi. Shuningdek, milliy qadriyatlardan kelib chiqib, o‘quvchi-qizlarning maktabga ochiq rangdagi milliy ro‘molni boshning orqa tomonidan o‘ragan holda kelishlari ma’n etilmasligi urg‘ulandi.
Bu orada Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov forma kiymaslik qanday jiddiy oqibatlarga olib kelishini ham aytdi.
Uzr-ku, Baxtiyor aka, bu ma’lumotni qayerdan oldingiz? Qaysi olimning ilmiy tadqiqoti, bilsak bo‘ladimi? Bizga yaqinda tonirovka qilingan avtomobillarda bolalar rang ajratolmaydigan bo‘lib qoladi deyishgandi. Ikki tadqiqotning muallifi bitta odammasmi mabodo?
Men sizga boshqa statistikani aytay. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 300 ga yaqin korxona maktab formasi tikishni boshlagan, ulardan 260 dan oshig‘i Namanganda. 19 maydan formalar tikilish boshlangan. 1 mln 700 tasi tayyor. Endi bu tadbirkorlar qulog‘ini ushlab qolaverdimi? Bu bo‘yicha ilmiy tadqiqot yo‘qmi?
Ehrom kiygan To‘qayev
Formaning eng yaxshisi va ko‘ngilga yaqinini Prezident To‘qayev ham kiydi. O‘tgan hafta Saudiya Arabistoniga borgan Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev tashrif doirasida bir necha million dollarlik 13 ta kelishuvni imzoladi.
Safar bahonasida Prezident ehrom kiydi, Umra ziyoratini amalga oshirdi. U alohida sharafga sazovor bo‘ldi – hurmatli mehmonlar uchun eshiklari ochiladigan Ka’baga kirdi.
Bu orada Qozog‘iston Rossiya bilan uzoqlashib borayotganini aytmoqda bilgichlar. Mutaxassislarga ko‘ra, Prezidentlar Putin va To‘qayev o‘rtasiga sovuqchilik tushgan. Hatto, The World Street Journal ham buni qalamga oldi. Hafta bo‘yi tarmoq shu masalani muhokama qildi. Shuningdek, hafta bo‘yi Qozog‘istonning birinchi Prezidenti – Nursulton Nazarboyev va uning oilasi ham yana diqqat markazi turdi. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz.
Rossiyaning e’tibor markazidagi Mirziyoyev
O‘zbekistonning esa Rossiya bilan aloqalari tobora yaxshi bo‘lib borayotgandek. 24 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev 65 yoshni qarshilagandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Federatsiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko, Hukumat raisi Mixail Mishustin, Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedevdan tabriklar yog‘ildi. Putin Mirziyoyevni Aleksandr Nevskiy ordeni bilan mukofotladi.
Putinning sodiq odami – Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ikkita qora bayir sovg‘a qilgan. Bu hafda rasmiy Toshkent so‘z ochgani yo‘q. Qodirov o‘z sahifasiga sovg‘alar bilan videomurojaat joyladi.
Og‘ir ahvolda qolayotgan Nazarboyev
82 yoshini Bodrumda kutib olgan Nursulton Nazarboyev bir necha haftalik ta’tilni Turkiyada o‘tkazib, yana Qozog‘istonga qaytdi. U mamlakatdan chiqib ketganida esa internetga ukasi Bolat Nazarboyevning o‘z uyida, og‘ir ahvolda kasallik bilan kurashayotgani aks etgan videolar sizdirildi. 69 yashar Bolat Nazarboyev ayni vaqtda Olmaotadan uncha uzoq bo‘lmagan Shamalgan qishlog‘ida yashamoqda.
Bolat Nazarboyevda 2015 yilda xavfli o‘sma (buyrak karsinomasi) aniqlangan. Keyin transplantatsiya amalga oshirilgan. Kasallik progressiv og‘ir qandli diabet bilan murakkablashgan. 2021 yilda shifokorlar yana bir tashxisni – halqum saratonini aytishgan. 2021 yil 29 iyul kuni Germaniyada Qozog‘iston Birinchi Prezidentining ukasi halqumni olib tashlash bo‘yicha operatsiya qilingan, shundan so‘ng ko‘plab asoratlar paydo bo‘lgan. Sentyabr oyida sepsis va tromboz rivojlanib, uning ahvoli og‘irlashgan. U komaga tushgan va klinik o‘limdan omon qolgan.
Bugun Bolat Nazarboyevning yonida faqat yaqin qarindoshlari qolgan: rafiqasi, singlisi, bolalari. U akasi bilan ham doimiy aloqada. 15 iyun kuni Nursulton Nazarboyev Shamalganga kelgan va ular ota-onalari uyida uchrashishgan. Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Nursulton Nazarboyev ukasining sog‘lig‘idan juda xavotirda: bir soatdan ko‘proq uning yonida o‘tirib, shifokorlar bilan gaplashib, hammasi yaxshi bo‘lishiga ishontirgan.
Taqiqqa uchragan Usmonovning jiyanlari
Buyuk Britaniya Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kengaytirdi. Navbatdagi ro‘yxatdan o‘zbek milliarderi Alisher Usmonovning jiyanlari Sarvar va Sanjar Ismoilovlar kiritildi. Ro‘yxatdagilarning Buyuk Britaniyaga kirishi taqiqlandi, shuningdek, agarda mamlakatda ularning aktivlari topilsa, muzlatib qo‘yiladi.
Shuningdek, ro‘yxatdan 30 ga yaqin viloyat gubernatorlari va rahbarlari o‘rin olgan. Ro‘yxatdagilarning Buyuk Britaniyaga kirishi taqiqlandi, shuningdek, agarda mamlakatda ularning aktivlari topilsa, muzlatib qo‘yiladi.
25 iyul kuni Rossiyada ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, qarovsiz, nazoratsiz qolib ketgan va yordamga muhtoj bo‘lgan 19 nafar bolalar tegishli mutasaddi idoralar hamkorligida O‘zbekistonga olib kelindi.
Ma’lum qilinishicha, bir nechta idora vakillaridan tuzilgan ishchi guruh a’zolari Rossiyaning turli shaharlarida bolalar qayerda saqlanayotgani, ularning salomatligi qay ahvolda ekanini aniqlab, kerakli hujjatlarni to‘plagan. Safar davomida qabul qilib olingan bolalarning har biri SSV xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va vatanga olib kelingan.
Prezident qabulida bo‘lgan vazirlar
Rossiyaning Ukrainaga nisbatan harbiy harakatlari boshlangandan buyon ilk bor Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Toshkentga keldi va Prezident Mirziyoyevga Putinning salomini yetkazdi.
O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Prezident Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Pokiston tashqi ishlar vaziri Bilaval Bxutto Zardariy, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinni qabul qildi.
Vazirlar yig‘ilishida janob Lavrov SHHT davlatlarini dollardan yuz o‘girishga chaqirdi. Vazirlar kengashining yig‘ilishi yakunida SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari uchun “o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalardan foydalanishni kengaytirishga o‘tish bo‘yicha yo‘l xaritasi” kelishilgan.
Shuningdek, majlisda aytilishicha, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Belarusning tashkilotga to‘laqonli qo‘shilish to‘g‘risidagi arizasini faol o‘rganib chiqmoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Eron Islom Respublikasi ham tashkilotga to‘la huquqli a’zo bo‘lishi yo‘lida erishilgan muvaffaqiyatni qayd etgan.
"Roma"dan ketayotgan Shomurodov
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Italiyaning “Roma” klubi futbolchisi Eldor Shomurodov Rim jamoasini tark etishga yaqin turibdi. Bu haqda Shomurodovning ishlariga mas’ul bo‘lgan “ProSports Management” vakili Qahhor Mo‘minov ma’lum qildi.
“Eldor “Roma”ning “Tottenxem” bilan bo‘ladigan o‘rtoqlik o‘yinga bormadi, chunki u boshqa klubga o‘tishga yaqin turibdi. Shomurodov to‘liq transfer qilinadimi yoki ijaraga beriladimi? Bu haqda “Roma” vakillaridan so‘ragan ma’qul”, degan Mo‘minov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Torino” va “Bolonya” klublari 27 yoshli o‘zbekistonlik futbolchini “Roma”dan sotib olish sharti bilan ijaraga olish variantini ko‘rib chiqmoqda.
Haftaning mudhish jinoyati
21 iyul kuni Toshkent shahrida erkak oilaviy janjal sabab ayoli, voyaga yetmagan farzandi, qaynonasi va singlisini pichoqlab qo‘ydi.
33 yoshli fuqaro turmush o‘rtog‘i bilan oilaviy nizo sababli o‘zaro janjallashib qolgan. Oqibatda er oshxona pichog‘i bilan xotini, 7 yoshli farzandi, ushbu xonadonda yashab kelayotgan qaynonasi va singlisining turli sohalariga bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldirishga harakat qilgan.
Hozirda Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) va 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“SHOVOTLANDIA” ishida ayblanuvchilar qiynoq bo‘lganini aytdi
Yodingizda bo‘lsa Toshkentning Chilonzor tumanidagi “SHOVOTLANDIA” kafesi yoqib yuborilgani va kafe ichida bo‘lgan 5 kishi vafot etgani haqida xabar bergan edik.
Holat yuzasidan apellyatsiya sudi davom etmoqda. Joriy haftada bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchilar Abdurahimov va Sayfiyevlar tergov vaqtida qiynoq bo‘lgani haqida aytishdi. Sudda jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etayotgan deputat Rasul Kusherboyev suddan guvohlar va sudlanuvchilarning aytganlaridan kelib chiqib qiynoq holatlari va sudlanuvchilar IIBB da saqlanib, maxsus saqlash joylariga yuborilmagani bo‘yicha tekshiruv tayinlab jarayonda ishtirok etgan barcha shaxslar harakatiga sud adolatli baho berishini so‘radi.
Sud majlisidan tayyorlangan to‘liq videoni QALAMPIR.UZ’ning You Tube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Xullas shunaqa gaplar.
LiveBarchasi