Ajrashayotgan Usmonov, o‘zgartirilayotgan Konstitutsiya, fohishaxonalar sabab tilga tushgan advokat – hafta dayjesti

Tahlil

Yakuniga yetib borayotgan hafta davomida ko‘plab muhim va keng jamoatchilikning muhokamalariga sabab bo‘lgan voqealar yuz berdi. 30 yillik turmushidan ajrashayotgan Usmonov, o‘quvchini do‘pposlagani uchun ishdan olingan o‘qituvchi, Konstitutsiyani qayta isloh qilish taklifini bergan O‘zLeDeP, "Fohishaxonalarni yopmaymiz", deya tilga tushgan advokat va Nest Oneʼdagi mojarolar shular jumlasidan.

Quyida hafta dayjesti bilan tanishing.

Surxondaryoda o‘qituvchi vazifani bajarmagan o‘quvchini kaltakladi

Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchisi kaltaklangani aks etgan video tarqaldi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 22 aprel kuni Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanidagi 4-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi 9-sinf o‘quvchisi dars mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rmasdan kelganligi uchun uni urgan.

Holat yuzasidan Bandixon tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan.

O‘rganish natijasida, Surxondaryoda o‘quvchini do‘pposlagan o‘qituvchi, maktab direktori va uning “zam”lari ishdan olindi

Toshkent metrosida erkak poyezd yo‘liga tushib ketdi

Haftaning ikkinchi kuni noxush xabar bilan boshlandi. Toshkent metropolitenining Chilonzor liniyasida erkak shoshilgani sabab poyezd yo‘liga tushib ketdi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK xabar berdi.
Metropoliten xodimlari hamda yo‘lovchilarning tezkorligi sabab fuqaro hech qanday tan jarohatlarsiz zudlik bilan poyezd yo‘lidan qutqarib olingan.

Nest Oneʼda ishchilar “zabastovka” o‘tkazdi

Joriy yilning 17 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Tashkent city xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida joylashgan Nest One osmono‘par binosi quruvchilari ish tashlash o‘tkazayotgani haqida video va xabarlar tarqalgan edi. Unda ishchilar maoshi to‘lanmagani uchun noroziligini bildirib, ish tashlash o‘tkazayotgani aytilgan.
Nest One majmuasini qurayotgan “Murad Buildings” qurilish shirkati rahbari Murod Nazarov inshoot oldiga borib, holat yuzasidan munosabat bildirdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda vahima qilaverib, charchatib yubordinglar. To‘g‘risini aytaman. Mana jonli efir qilyapman. Vahima qilmanglar. Osh hammaga yetmagan bo‘lsa shunday vahima qilish shartmi? Hammayoq tinch, jim-jit. Hammasi zo‘r ketyapti, hamma ishlayapti. Bitta osh qilib, baloga qoldim", deydi Nazarov.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Nest One osmono‘par binosi ishchilari aprel uchun ish haqini olmagani sabab mazkur korxonaga nisbatan norozilik uyushtirganini tasdiqladi.

2022 yil 17 may kuni 312 nafar ishchiga 1 007 001 825,87 (bir milliard yetti million bir ming sakkiz yuz yigirma besh) so‘m ish haqi to‘lab berilishi ta’minlangan. Shuningdek, “Ozguven tasarim mimarlik insaat sanayi ve ticar” PUning 427 nafar ishchiga 1 346 355 177,06 (bir milliard uch yuz qirq olti million uch yuz ellik besh ming bir yuz yetmish yetti) so‘m ish haqi to‘lab berildi.

XTV “So‘nggi qo‘ng‘iroq”ni qanday o‘tkazish bo‘yicha bayonot bilan chiqdi

Xalq ta’limi vazirligi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish uchun turli xil pul yig‘imlarini qat’iyan taqiqlamoqda. Bu haqda vazirlik ishlab chiqqan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalarda so‘z boradi.
Mazkur tadbir soat 8:00 dan 8:45 ga qadar, tavsiya etilgan ssenariy asosida tashkil etiladi. Unda yil davomida a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlanib, rag‘batlantiriladi.

Bokschi Aziza Yoqubova tarixga kirdi

Turkiyada o‘tkazilayotgan boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida Aziza Yoqubova bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, u kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida medal qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbek qizi sifatida tarixda kirdi.

"Menga otishga buyruq berildi”. Rus harbiysi Ukrainada tinch aholini o‘ldirganini tan oldi

18 may kuni Kiyev sud zalida rossiyalik harbiy xizmatchi Vadim Shishimarin qurolsiz tinch aholi vakilini o‘ldirganini tan oldi. Bu Rossiya bosqini boshlanganidan beri rus harbiylari ustidan o‘tkazilayotgan birinchi sud jarayonidir.

“Menga otishga buyruq berildi va men unga qarata o‘t ochdim, u yiqildi. Biz yo‘limizda davom etdik”, deya tushuntirgan Shishimarin.

O‘zbekiston afsonalari A Seriya yulduzlarini mag‘lub etdi.

18 may kuni Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi afsonalari va  Italiya A Seriyasi yulduzlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ushbu bahs 3:2 hisobida O‘zbekiston terma jamoasi yulduzlari foydasiga hal bo‘ldi. Dastlab, 7-daqiqada Yakvinta italiyaliklarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 19-daqiqada Sanjar Tursunov hisobni tenglashtirdi.

Erdo‘g‘an aytganini qildi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi.

Ammo, NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning alyansga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.

Ikki davlatning arizasini ko‘rib chiqish jarayonini boshlash uchun yig‘ilgan NATO a’zolarining tashkilotdagi doimiy vakilari yig‘ilishi Turkiyaning jarayonni bloklashi natijasida to‘xtab qoldi.

“Fohishaxonalarni yopmaymiz. Chunki, u bizga foyda keltiryapti”. Advokat aslida nima degandi?

Ijtimoiy tarmoqlarda “Mahalla” telekanalidagi “Minbar” ko‘rsatuvining giyohvand moddalar aylanmasiga bag‘ishlangan sonida advokat Amrullo Ahmedovning fohishaxonalar haqidagi fikri keng tarqalmoqda. Tarmoqda tarqalayotgan videoda advokat fohishaxonalar kerakligini aytayotganini ko‘rish mumkin.

Xo‘sh, huquqshunos haqiqatan ham fohishaxonalar kerakligini aytib chiqdimi? Albatta, yo‘q. Faqatgina buni anglash uchun advokatning fikriga to‘lig‘icha quloq tutish kerak.

“... U qaysidir joydan giyohvandlik vositasini olib kelyapti va fohishani oldiga kirgan vaqtida tadbir bo‘lib, ushlanyapti.

Nega bunga yo‘l qo‘yib beryapmiz? Qaysidir talabaga, o‘g‘limizga shunga moyillik yaratib beryapmizmi, giyohvand moddasi olib kelgin deb. “U giyohvandlik moddasi topolmayman” deb aytyapti. “Men senga Telegram botini aytaman. Shundan olib kelgin”, deyapti. Instagramʼda yozishmalar bo‘lyapti, unga qayerdan olishini aytyapti. Oxir-oqibatda u ichki ishlarda maxsus arizachi bo‘lib chiqqanda, biz buni qanday tushunishimiz kerak?”

Advokat Amrullo Ahmedovning o‘zi ham fikri kontekstdan yulib, tarqatilganiga munosabat bildirib, qaysidir tizimni tanqid qilish bilan emas balki, fohishalar orqali narkobiznes va boshqa jinoyatlarni targ‘ib etish holatlariga chek qo‘yish  va shu orqali eski uslubdan voz kechish zarurligini ta’kidlaganini aytgan.

O‘zbek tili chaqirtikanakmi? “Dunyo bo‘ylab” nega ruslash(tiril)yapti?

So‘ngi haftada ijtimoiy tarmoqlarda “Dunyo bo‘ylab” telekanali endi faoliyatini rus tilida olib borishi haqidagi xabarlar tarqaldi va jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘ldi. Buni o‘zbek tiliga qarshi harakat deb baholovchilar ham topildi.

Qanday qilib butun boshli telekanal imi-jimida davlat tilidan boshqa tilga o‘tkazilishi mumkin? Bu qaror qachon va kim tomonidan qabul qilindi? Hozirda u yerda faoliyat olib borayotgan jurnalistlarning taqdiri endi nima bo‘ladi? “QALAMPIR.UZ” jamoasi ushbu masala yuzasidan telekanal muharriri Gulsara Soatxonova bilan suhbat qurdi. Intervyuni QALAMPIR.UZʼ ning You Tubeʼdagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Usmonov 30 yillik turmushdan keyin rafiqasi bilan ajrashyapti

Rossiyalik milliarder va tadbirkor Alisher Usmonov 30 yillik turmush o‘rtog‘i, Butunrossiya badiiy gimnastika federatsiyasi prezidenti, Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Irina Viner-Usmonova bilan ajrashishga qaror qildi.

Sudning aniqlik kiritishicha, Usmonov ushbu fuqarolik ishida da’vogar, Viner-Usmonova esa javobgar hisoblanadi.

Alisher Usmonov Irina Viner-Usmonova bilan ajrashish uchun birgalikda sotib olingan mulk bo‘yicha hech qanday masala hal etilmaydigan va faqat nikoh rasman buziladigan shaklda ariza bergan.

O‘zbekistonda Konstitutsiyani isloh qilish jarayoniga start berildi.

Joriy yilning 20 may kuni O‘zbekiston Oliy Majlisining Senati va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo‘shma majlisida Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. 

Oliy Majlis Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisida komissiyaning tarkibi va vazifalari belgilandi

Komissiyaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov rahbarlik qiladi. Unga Alisher Qodirov, Aktam Hayitov, Qutbiddin Burhonov, Murod Kamolov o‘rinbosar bo‘ldi. Deputat Odiljon Tojiyev komissiya Matbuot xizmati rahbari etib tasdiqlandi.

Rasman: 1 iyundan maoshlar 12 foizga oshadi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga binoan, joriy yilning 1 iyunidan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 12 foizga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

hafta dayjesti nazarov usmonov

Baholaganlar

135

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing