Rossiya dunyoga, jumladan O‘zbekistonga AQSH haqida murojaat yubormoqchi
Olam
−
14 fevral 2023
26929Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi bugun, 14 fevral kungi yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasi Federal Assambleyasining AQSHning o‘z hududidan tashqaridagi harbiy biologik faoliyati munosabati bilan dunyo mamlakatlari parlamentlariga murojaati loyihasini qabul qildi.
Hujjat quyi palataga Davlat Dumasi vitse-spikeri Irina Yarovaya va Dumaning xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan. Federatsiya Kengashi raisi o‘rinbosari Konstantin Kosachev aytganidek, parlamentning yuqori palatasi xuddi shu murojaat loyihasini 15 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan yalpi majlisda ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
“Rossiya Federal Assambleyasi butun dunyo bo‘ylab AQSH nazoratidagi biologik laboratoriyalar faoliyat yuritadigan mamlakatlar parlamentlarini ularning milliy sog‘liqni saqlash xizmatlari AQSH Mudofaa vazirligi bilan tuzgan kelishuvlariga huquqiy va siyosiy baho berishga chaqiradi. Bu kelishuvlar ataylab kamsituvchi xususiyatga ega va davom etayotgan tadqiqotlar xavfini fuqarolardan yashirishga qaratilgan. Biologik laboratoriyalarga va ularda olib boriladigan ishlarga, hatto milliy xavfsizlik xizmatlariga ham kirishni cheklash yoki hatto butunlay taqiqlash rejimi buning dalilidir”, deyiladi murojaat matnida.
Shuningdek, deputatlar dunyo parlamentlarini o‘z hukumatlaridan AQSH Mudofaa vazirligining milliy suverenitetiga putur yetkazuvchi ommaviy qirg‘in qurollari tahdidini kamaytirish bo‘yicha agentligi faoliyatining mavjudligi va mohiyati to‘g‘risida ma’lumot so‘rashga chaqirdi.
“Bu AQSH biotibbiyot loyihalarining asl mazmunini ochib berishga, ularda yashiringan harbiy biologik tahdidlarning, odamlar hayoti va salomatligi uchun halokatli oqibatlarning oldini olishga imkon beradi”, deydi deputatlar.
Hujjat BMT, Parlamentlararo ittifoq, Yevropa parlamenti, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Parlament assambleyasi, Shanxay hamkorlik tashkilotiga yuboriladi.
Yarovaya o‘tgan hafta Ukrainadagi biologik laboratoriyalar faoliyatini o‘rganuvchi komissiya yig‘ilishida AQSHning Mudofaa tahdidlarini kamaytirish agentligi hisobotini muhokama qilish chog‘ida dunyo mamlakatlari parlamentlariga murojaat qilish taklifi bilan chiqdi. Davlat dumasi spikeri o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, hisobot tahlili Pentagon “maqsadli va tizimli ravishda global bioqidiruv tizimini yaratganini” tasdiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi quyi palatasi va Senati Rossiya parlamenti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, MDH va Shanxay hamkorlik tashkiloti parlamentlar guruhi doirasida hamkorlik qiladi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Davlat Dumasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh mavjud.
LiveBarchasi