XTV “So‘nggi qo‘ng‘iroq”ni qanday o‘tkazish bo‘yicha bayonot bilan chiqdi
Jamiyat
−
17 may 2022
16389Xalq ta’limi vazirligi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish uchun turli xil pul yig‘imlarini qat’iyan taqiqlamoqda. Bu haqda vazirlik ishlab chiqqan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalarda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, XTV tavsiyalar ishlab chiqib barcha maktablarga yuborgan. Tadbirlar maktab hovlisi bog‘ida yoki soya salqin ochiq maydonlarida o‘tkaziladi. Maktab hududiga begona shaxslarning kiritilmasligi nazoratga olinadi.
Mazkur tadbir soat 8:00 dan 8:45 ga qadar, tavsiya etilgan ssenariy asosida tashkil etiladi. Unda yil davomida a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlanib, rag‘batlantiriladi.
Shu o‘rinda barchaga “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazishda, ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul yig‘imlari qat’iyan ta’qiqlanadi.
“Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbarlari hamda o‘qituvchilarga bitiruvchilar tomonidan turli qimmatbaho sovg‘alar taqdim etish, qo‘shimcha turli tantanali tadbirlarni (xonadonlar, restoran yoki qahvaxonalar va h.q.da banket yoki boshqa marosimlar) o‘tkazish va yengil avtomashinalarda sayr tashkil etishni oldini olishga alohida e’tibor qaratish so‘raladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, vazirlik maktablarlarning “Kuzatuv kengashi” a’zolariga yuqorida keltirib o‘tilgan tavsiyalarga amal qilinishi ustidan nazorat olib borishini aytib o‘tgan.
LiveBarchasi