QALAMPIR.UZ dayjesti: Ko‘rinish bergan Umarov, oyligi ko‘tarilayotgan o‘qituvchilar, kulgiga qolgan Bayden

Jamiyat

image

Bugun, 2 noyabr qanday muhim voqealar bilan yakun topmoqda? O‘zbekiston va xalqaro maydonda qanday voqea-hodisalar yuz berdi? Bugunning muhim voqealari bilan qisqa satrlarda tanishing.

Jamiyat 

O‘zbekistonda moddiy madaniy meros ob’ektlariga zarar yetkazganlik uchun jazo kuchaytiriladi

O‘zbekistonda moddiy madaniy meros ob’ektlariga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Kecha, 1 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida “Moddiy madaniy meros ob’ektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

“Inson hayotini qaytarib bo‘lmaganidek, moddiy madaniy ob’ektlarga ham zarar yetkazildimi, uni asl holida tiklab bo‘lmaydi. Ayrim vijdonsizlar oldida bu boradagi qonunlarimiz ham qizil chiroq yoqa olmayapti. Shu bois, jazo choralari keskin kuchaytirilishi lozim”, deydi fraksiya rahbari Alisher Qodirov.

O‘zbekistonning xorijga avtomobil eksporti keskin ko‘paydi

2021 yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston xorijiy davlatlarga qiymati 242,5 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan 25 171 ta yengil avtomobil eksport qilgan. 

Yengil avtomobil eksporti o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 14 036 taga oshgan.

TIV AQSHga borishni rejalashtirgan O‘zbekiston fuqarolarini ogohlantirdi 

AQSHga borishni rejalashtirgan O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga kirish uchun qo‘yilgan talablardan xabardor bo‘lishi kerak, deb ogohlantirmoqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 8 noyabridan boshlab AQSHga kiruvchi xorijiy mamlakatlar fuqarolari AQSHga jo‘nab ketayotgan samolyotga chiqishlaridan oldin COVID-19 ga qarshi to‘liq emlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishlari shart.

Shuningdek, AQSHning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi tomonidan tasdiqlangan yoki ruxsat etilgan, shuningdek, JSST tomonidan favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun ro‘yxatga olingan vaksinalar Qo‘shma Shtatlarga kirish uchun maqbul deb hisoblanadi.

Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va shifokorlar oyligini oshirish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini aytdi

Muallim va shifokorlarning oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirish uchun qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil uchun soliq tushumlari hamda byudjet parametrlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda shunday taklif berdi.

O‘qituvchi va shifokorlarning oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirish uchun 2022 yilda davlat byudjetidan 350 mlrd so‘m ajratiladi.

Shuningdek, kelgusi yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti loyihasida, ijtimoiy yo‘nalishlarga, xususan, ta’lim va tibbiyot tizimiga 58 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

“Toqtogul” suv omborining suv sahti “o‘lik chegara”gacha tushishi mumkin

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida O‘zbekiston bilan chegara yaqinidagi “Toqtogul” suv omborida suv hajmi kamayib bormoqda. Bu haqda Markaziy Osiyo Birlashgan energetika tizimi Elektr energetikasi muvofiqlashtiruvchi kengashi yig‘ilishida aytib o‘tildi. 

Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida energiya resurslari tanqisligi va uning tannarxi keskin oshib borayotgani, shu bilan birga, dunyo va mintaqada suv tanqisligi tufayli kuzatilayotgan energetika inqirozi muhokama etildi.

Interpol terrorchilikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan o‘zbekistonlikni BAAda qo‘lga oldi

15 yil avval qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida qo‘lga olindi.

Interpolning O‘zbekistondagi byurosi tomonidan xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxs BAA Interpol MMB xodimlari bilan hamkorlikdagi tezkor qidiruv tadbiri natijasida qo‘lga olingan. Ushbu shaxs 1972 y.t. O‘zbekiston fuqarosi S.M. bo‘lib, u O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 155, 161, 242 va 244-moddalarida (terrorizm, qo‘poruvchilik, jinoiy uyushma tashkil etish, ommaviy tartibsizliklar) nazarda tutilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgani uchun 2006 yildan beri xalqaro qidiruvda bo‘lgan.

Tashqi kuchlar O‘zbekiston Prezidenti sayloviga ta’sir o‘tkazishga uringanmi?

Saylovga chetdan ta’sir bo‘lish holatlariga deyarli barcha davlatlar duch keladi. Biroq, O‘zbekistonning ichki ishlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashish holatlari sezilmadi.

TIV rahbari Komilov O‘zbekiston o‘zining mustaqil saylovlarga bo‘lgan suveren huquqini qanday himoya qilishi haqidagi savolga quyidagicha javob qaytardi:

“Savol hammaga ma’lum va juda dolzarb. Menimcha, siz aytayotgan narsaga shunday yirik siyosiy tadbirlar o‘tkazayotgan deyarli barcha davlatlar duch keladi. Biz ichki ishlarga aralashish uchun bunday ochiq-oydin urinishlarni sezmayapmiz. Lekin, tabiiyki, O‘zbekistonning o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlariga oid ko‘plab taklif va tavsiyalar kelib tushmoqda. Biz ularni diqqat bilan o‘rganamiz va e’tiborga olamiz”.

Oloy, Qo‘yliq, O‘rikzor, Chorsu... 61 ta bozordagi davlat ulushi sotiladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bozor va savdo komplekslari boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda ulardagi davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e’lon qilindi.

Qaror loyihasining:

1-ilovasiga muvofiq, ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) birinchi bosqichda eksperiment tariqasida “hammasi bir joyda” tamoyili asosida zamonaviy ko‘rinishga keltirish sharti bilan belgilangan tartibda sotiladigan bozor va savdo komplekslari ro‘yxati;

2-ilovasiga muvofiq, qonunchilikda belgilangan tartibda tugatiladigan faoliyat ko‘rsatmayotgan bozor va savdo komplekslari ro‘yxati tasdiqlanadi.

Bunda, bozor va savdo komplekslaridagi davlat ulushlarini sotish shartlari va usullari Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi  qaroriga asosan belgilanadi.

Ular uchun O‘zbekistonda hech qanday xavf yo‘q – Komilov muxolifatchilar haqida

O‘zbekiston hukumatiga nisbatan o‘zini muxolifatchi deb hisoblaydiganlar guruhining asosiy qismi turli sabablarga ko‘ra O‘zbekistonni tark etgan. Ammo ularga mamlakatda hech qanday xavf yo‘q.

Tadbirda jurnalistlardan biri Komilovdan tizimli bo‘lmagan muxolifat, uning yetakchilari, asosan, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida qo‘nim topgani haqida so‘ragan.  

“O‘zini muxolifatchi deb hisoblaydiganlar guruhi haqida gapirganda, ularning asosiy qismi bugun xorijda ekanini to‘g‘ri ta’kidladingiz. Ular turli sabablarga ko‘ra O‘zbekistonni tark etgan: siyosiy, shaxsiy sabablar. Ammo shunga qaramay, ko‘pchilik o‘zini muxolifatchi sifatida ko‘rsatishga harakat qiladi. Ehtimol, bu ularga ma’lum bir maqom, qandaydir yordam, shu jumladan moliyaviy yordam olish imkoniyatini beradi”, degan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov. 

Har bir hududda “Yangi O‘zbekiston massivlari” quriladi. Prezident uy-joy ta’minoti bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazyapti

Bugun, 2 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini sifatli uy-joy bilan ta’minlash, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish, shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilish avvalida davlatimiz rahbari “Inson qadri uchun” tamoyili asosida kelgusi besh yildagi barcha islohotlar aholiga munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilishini ta’kidladi.

Urgutda ona va uning ikki bolasi zaharlanib o‘lgani bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

Urgutda ayol va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi is gazidan vafot etganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olam

“Tolibon” Turkmanistonga va’da berdi

Afg‘oniston kuch tuzilmalarining yangi rahbariyati Turkmaniston-Afg‘oniston chegarasi xavfsizligini ta’minlash hamda qo‘shma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga va’da berdi. 

“2021 yilning 30-31 oktyabr kunlari Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari — Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov boshchiligidagi Turkmaniston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afg‘onistonda bo‘ldi”, deyilgan xabarda. 

Joriy yilda O‘zbekiston Rossiyadan qanday qurollar sotib olgani aytildi

Rossiya joriy yilda O‘zbekistonga harbiy mahsulotlar, jumladan, samolyotlar va raketa tizimlari yetkazib berdi. Shuningdek, Qozog‘istonga ham yuqoridagi texnikalar yetkazildi. 

“Masalan, 2021 yilda Qozog‘iston va O‘zbekistonga Su-30SM samolyotlari, Mi-35M vertolyotlari, “Buk-M2E” zenit-raketa komplekslari, BTR-80 va BTR-82A zirhli transportyorlarini yetkazib berdik. Shuningdek, ushbu mamlakatlarga “Orlan-10Ye” ko‘p funksiyali komplekslari, “Tayfun-K” yengil zirhli avtomashinalari, o‘qotar qurollar yetkazib berildi”, degan Harbiy-texnik hamkorlik federal xizmati direktori Dmitriy Shugayev. 

O‘zbekiston va Qozog‘iston armiyasi “spetsnaz”i qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazmoqda

Qozog‘iston va O‘zbekiston Qurolli Kuchlari maxsus bo‘linmalarining “Qalqon-2021” qo‘shma taktik-maxsus o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Mashg‘ulotlar Qozog‘iston Gvardiya garnizonida o‘tkazilmoqda.

Qozog‘istondan 250 ga yaqin harbiy xizmatchilar, 40 dan ortiq zirhli va avtomobil texnikasi, o‘nta aviatsiya texnikasi, jumladan, uchuvchisiz uchish apparatlari ishtirok etmoqda.

“Uyquchi Jo”. Tramp yana Baydenning ustidan kuldi

AQSH Prezidenti Jo Bayden Glazgoda (Shotlandiya) bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 26-konferensiyasida uxlab qolib, bu tadbirga o‘zining qiziqishi yo‘qligini ko‘rsatdi. Bu fikrni AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp bildirdi.  

“Bayden global isish uning eng muhim vazifasi ekanligini aytib, Yevropaga uchib ketdi va keyin konferensiyaning o‘zida, “butun dunyo ko‘z o‘ngida” tezda uxlab qoldi. Munozara mavzusiga haqiqiy ishtiyoqi va ishonchi bo‘lgan odam hech qachon uxlamas edi”, degan siyosatchi keng tarqalgan bayonotida. 

Insoniyat o‘ziga qabr qazimoqda – Guterrish

So‘nggi olti yil Yerda rekord darajadagi eng issiq yillar bo‘ldi va hatto issiqxona gazlariga qarshi kurashish bo‘yicha barcha va’dalarni bajarish ham kelgusi o‘n yilliklarda sayyora haroratini yana 2 darajadan ko‘proq oshishiga olib keladi. 

“Parij kelishuvlaridan keyingi o‘tgan olti yilda havo harorati rekord darajada yuqori bo‘ldi. Bizning qazib olinadigan yoqilg‘iga qaramligimiz insoniyatni tubsizlikka itarmoqda. Ikki tanlov orasida turipmiz yoki ularni biz to‘xtatamiz yoki ular bizni. Biz o‘zimizni o‘zimiz uglerod bilan o‘ldiryapmiz. Yerni qazishni, yoqishni to‘xtatish kerak. Bu bilan dunyo o‘ziga qabr qaziyapti”, deydi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish. 

Qobuldagi harbiy shifoxonada portlash yuz berdi

Bugun, 2 noyabr kuni Afg‘oniston poytaxti Qobulda ikkita portlash sodir bo‘ldi. Dastlab shahardagi markaziy shifoxonada, keyinchalik esa shifoxona yaqinida bomba portlatilgan. Terrorchilik hujumi oqibatida hozirgacha 15 kishi halok bo‘ldi, 34 kishi jarohatlandi. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Qayd etilishicha, noma’lum terrorchilar va “Tolibon” harakati jangarilari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan. 

AQSH Afg‘onistonda qoldirib ketgan harbiy texnika butun dunyo uchun katta muammoligi aytildi

Afg‘onistonda tashlab ketilgan Amerika qurollari noqonuniy bozorga kirib, butun dunyo uchun muammoga aylanishi mumkin. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha Federal xizmati rahbari Dmitriy Shugayev RBKga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

“Amerikaliklarning aqldan ozdiradigan miqdorda qurol va harbiy texnikani tashlab ketgani nafaqat Afg‘oniston uchun, balki butun dunyo uchun katta muammoga aylandi. Jumladan, Afg‘oniston hududida turli xalqaro terrorchilik tashkilotlari faoliyat yuritmoqda va ushbu qurollar ularning qo‘liga tushishi istisno qilinmagan, agar, allaqachon, tushmagan bo‘lsa”, deydi Shugayev.

Sport 

Argentinada o‘yin payti murabbiyga o‘q uzildi

Argentina 3-divizionida “Ferro de Piko” klubi bosh murabbiyi Maurisio Romero jamoasining “Las Eras de Mendosa”ga (1:3) qarshi o‘yinida o‘qqa tutildi. 

1:3 hisobi qayd etilayotgan bahsning 79-daqiqasida Romeroning yelkasiga o‘q tegdi. Unga tez tibbiy yordam ko‘rsatildi va hozir hayotiga xavf yo‘q.

O‘q otilishidan so‘ng jamoalar va hakamlar maydonni tark etishdi. Hozircha hujum qilgan shaxs haqida ma’lumot berilmagan.

Yana bir o‘zbekistonlik bokschi JCHdagi ishtirokini yakunladi

Belgrad shahrida boks bo‘yicha Jahon chempionatining sakkizinchi kun bahslari davom etmoqda.

Bugun, 2 noyabr kuni o‘zbekistonlik 4 nafar bokschi o‘z bahsini o‘tkazishi lozim edi. Hozirgina ularning eng so‘nggisi o‘z ishtirokini yakunladi.

Unda -80 kg vazn toifasidagi o‘zbekistonlik bokschi Odiljon Aslonov Jahon chempionati nimchorak finalida AQSH vakili Robbi Gonsalesga qarshi ringga ko‘tarildi. Murosasiz va qiziqarli kechgan jangda Aslonov 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib, chempionatni boshi egik holda tark etdi.

Otabek Umarov xalqaro forumda ko‘rinish berdi

Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov bugun, 2 noyabr kuni Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasida MDH, Boltiqbo‘yi va Gruziya davlatlari Olimpiya qo‘mitalari ishtirokida mintaqaviy forumning yalpi majlisida ishtirok etdi.

QALAMPIR.UZ muxbirining xabar berishicha, u majlisda Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov bilan birga ko‘rinish bergan va taxminan 30 daqiqa davomida anjumanda ishtirok etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

98

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing