Avjiga chiqqan “Batka”, Karimov va Mirziyoyevni haqorat qilgan bloger, JSSTning xavotirli bayonoti – 8 fevral dayjesti

Tahlil

image
Bugun, 8 fevral kuni O‘zbekiston va xalqaro maydonda qanday muhim voqeliklar sodir bo‘ldi? So‘nggi qaynoq xabarlar qisqacha tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ dayjestida tanishishingiz mumkin.

Jamiyat

Chigit mojarosi: Aksilmonopoliya Qashqadaryo hokimligi va IIB qonunni buzganini ma’lum qildi

Avvalroq, Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimovning buyrug‘i bilan paxta chigitini hududdan olib chiqib ketish taqiqlab qo‘yilgandi. Bu ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish bo‘yicha o‘z xulosasini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga o‘tgan yil 23 dekabr kuni Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan “Pet agro oil” hamda “Oil extraction” MCHJning murojaatlari kelib tushgan.

Mazkur murojaatlarda, “Pet agro oil” MCHJtomonidan tegishli tartibda birja savdolari orqali Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Koson Baxt Tekstil” MCHJdan paxta chigiti sotib olgani, biroq ushbu chigitni Qashqadaryo viloyatidan olib chiqib ketishda viloyat hokimining topshirig‘i bilan viloyatning “Umakay” muntazam YPX maskanida hech qanday asoslovchi hujjatlarsiz Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi YHXB xodimlari tomonidan ushlab turish kabi taqiqlar mavjudligi bildirilib, ushbu masalada amaliy yordam berish so‘ralgan.

Toshkent viloyatida poraxo‘r sudyaga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Kecha, 7 fevral kuni pora olishda ayblangan Toshkent viloyati sudyasi pora olishda ayblanib, jinoyat ishi figurantiga aylandi. 

Sudyalar oliy kengashi Matbuot xizmatining ma’lum qilishcha, Bosh prokurorning Toshkent viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudi sudyasi T. O.ni Jinoyat kodeksining 210-modda (pora olish) 2-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortishga oid taqdimnomasi kengashning navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan.

Yakunda Kengash xulosasi bilan T.O.ni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan.

Shahrisabzda “glavvrach” pora bilan ushlandi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida markaziy poliklinika bosh shifokori 2 000  dollar pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda viloyat hokimligi Matbuot kotibi xabar berdi.

Shahrisabz tumani poliklinika boshlig‘i fuqaroga 20 sotix yerni noqonuniy sotish maqsadida 2000 AQSH dollari olayotganda qo‘lga tushgan.

Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 211 (Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ayblanuvchi esa qamoqqa olingan.

Hokimlar hududlarning begi emas, xalqning yollanma ishchisi — Ruslanbek Davletov

O‘zbekistondagi hokimlar va soha rahbarlari o‘z hududi hamda sohasining begi emas, balki xalqning yollanma xizmatchisi. Bu haqda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov kecha, 7 fevral kuni jamoatchilik vakillari uchun o‘tkazilgan Matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Anjumanda vazir hamma hokimlik qarorlari “e-qaror” tizimida shaffof chiqishni boshlashi ortidan rezonanslar ham kuzatilayotganini alohida urg‘uladi.

“Hamma hokimiyat qarorlari “e-qaror” tizimida shaffof chiqishni boshladi. Byudjetdan qancha pul ajratilyotgani ochiq aytilyapti. Bizga ham monitoring nazorat qilish oson bo‘ldi. Chunki oldin borib, ko‘rib, tekshirar edik. Hozir hammasini ko‘rib turamiz, chunki biz, adliya tizimi, “back” ofisda o‘tiramiz. Negaki vasiyat va boshqa holatlar bilan bog‘liq bo‘lgan yopiq hujjatlar ham bo‘ladi. O‘sha paytda mahalliy byudjet pulini sarflashni ham yopishga harakat qilingan holatlar bor. Ko‘rsatkisi kelmaydi. “Bitta haykalga shuncha pulmi”, deb jamoatchilik darrov ko‘taradi. To‘ppa-to‘g‘ri, ko‘tarish kerak. Balki shu orqali qaysi tomong pul ketqazish bo‘yicha qadriyatlarimizni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olarmiz”, deydi vazir Davletov.

Karimov va Mirziyoyevni haqorat qilgan bloger qamaldi

Xorazmda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov va amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevni haqorat qilgan shaxs uch yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Inson huquqlari himoyachisi – “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

Xazorasp tumanining Bo‘ston qishlog‘ida yashovchi bloger Sobirjon Boboniyozov O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov hamda amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyevni haqorat qilishda ayblangan.

Erkaklar qo‘ymagan qadam. O‘zbekistonda ayol hokim kengash raisligidan voz kechdi

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘rolova Xalq deputatlari tuman kengashiga raislik qilishdan voz kechdi. U bu vakolatdan voz kechgan birinchi hokim bo‘ldi.

“Yana bir yangilikni aytmoqchiman. Bundan buyon kengash rahbari hokim bo‘lmaydi. Tajriba tariqasida Boyovut tumanida mahalliy kengash raisi deputatlar orasida saylanadi. 

Bir umrlik orzuyim shu, endi birinchi sektor rahbari sifatida kengash majlisida sektorlar qatorida pastda o‘tirib, neytral hisobot topshiraman, ya’ni o‘zim kengash raisi vazifasini amalga oshirmayman”, degan u.

Navoiydagi qamoqxonada mahkum o‘z joniga qasd qildi. Bunga koloniya xodimi aybdormi?

Joriy yilning 4 fevral kuni Facebook’dagi Dildora Boymurodova ismli foydalanuvchi o‘z sahifasida Navoiy viloyatidagi 36-sonli manzil koloniyada jazo muddatini o‘tab kelayotgan mahkum Umid Jonuzoqov o‘z joniga qasd qilgani, unga nisbatan koloniya katta tezkor vakili lavozimida xizmat qiluvchi mayor Lochin Xidirov tomonidan bosim o‘tkazilganligi to‘g‘risida video murojaat joyladi.

Unda Navoiy viloyati 36-son manzil koloniyasida Lochin ismli xodim mahkumga tazyiq o‘tkazganligi ustidan mahkum o‘ziga tan jarohati yetkazganligi aytiladi. Lochin ismli hodim mahkumdan pul so‘raganligi ham aytib o‘tiladi.

Holat yuzasidan IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti o‘rganish olib borib, natijalarini e’lon qildi.

Andijonda o‘qituvchilar bosh egib uzr so‘ragani aytilmoqda. Vazir buni siyosatga qarshi harakat deb atadi

Ijtimoiy tarmoqda Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar o‘quv muassasada ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida tik turib kechirim so‘rashga majbur qilingani haqida xabarlar va o‘qituvchilarning maktab faollar zali sahnasida bosh egib turgani aks etgan surat tarqaldi. Mazkur holat tarmoqda keng muhokamalarni keltirib chiqardi. 

Jamoatchilikni jumbushga keltirgan voqeaga O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov munosabat bildirib, bu davlat siyosatiga qarshi harakat ekanini aytdi. 

“Bugun Marhamat tumanida yuz bergan holatni nafaqat o‘qituvchilarimizning sha’nini yerga urish, balki davlatimiz siyosatiga qarshi amalga oshirilayotgan harakat deb baholayman.  

O‘qituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Shu bois bugun davlatimiz rahbari o‘qituvchilarni ulug‘lash va jamiyatda eng obro‘li inson qilish masalasini davlat siyosatining eng yuqori darajasiga olib chiqdilar”, deydi vazir.

Olam

Putin Poroshenkoni “qanoti ostiga” olmoqchi bo‘lganini aytdi

Rossiya Ukrainaning sobiq Prezidenti Pyotr Poroshenkoga uning prezidentlik davrida agar unda qandaydir qiyinchiliklar tug‘ilsa, siyosiy boshpana taklif qilmoqchi bo‘lgan. Rossiya hozir ham bunga tayyor. Bu haqda Prezident Vladimir Putin ma’lum qildi.  

“O‘z vaqtida, janob Poroshenko hali Ukraina Prezidenti bo‘lganida, men unga kelajakda qandaydir qiyinchiliklarga duch kelsa, Rossiya unga siyosiy boshpana berishga tayyorligini aytgandim”, degan Putin Rossiya-Fransiya muzokaralari yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida. 

“Batka” avjiga chiqdi. Lukashenko O‘zbekiston Ittifoq davlatiga qo‘shilishini aytdi

Joriy yilning yanvar oyida Qozog‘istonda yuz bergan tartibsizliklardan keyin bu holatdan avvalo O‘zbekiston saboq olishi kerakligini aytgan Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenko Markaziy Osiyo davlatlari haqida turli provokatsion chiqishlarini to‘xtatmayapti.

Bu safar Lukashenko O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston 15 yildan keyin Rossiya va Belarusning 23 yildan beri takomiliga yetmayotgan ittifoq davlatiga kirishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Lukashenko rossiyalik jurnalist Vladimir Solovyovga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Kriminal avtoritet “Yovvoyi Arman” 24 kishini o‘g‘irlashda ayblanmoqda

Qozog‘istonda tartibsizliklar bo‘lgan kunlarda kriminal avtoritet Arman Jumageldiyev (“Yovvoyi Arman” nomi bilan mashhur) to‘dasining qurollangan a’zolari 24 kishini o‘g‘irlab ketishgan va hibsga olgan, ulardan biri halok bo‘lgan. Bu haqda Qozog‘iston prokuraturasining maxsus prokurorlar xizmati boshlig‘i Rizabek Ojarov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘irlab ketilganlarni do‘pposlashgan.

“Ular avvalroq 12-shahar shifoxonasida (Olma-ota shahrida) qattiq kaltaklangan politsiya xodimidan qurolni ham olib ketishgan. Ushbu faktlar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilmoqda”,  deya qo‘shimcha qilgan Ojarov.

Aytamiz ham, qaytamiz ham. Lukashenko Rossiya boshchiligida Suriyaga qo‘shin kiritadi 

Rossiya hukumati Belarus bilan Suriyada 200 kishigacha bo‘lgan Belarus harbiy kontingentini joylashtirish bo‘yicha muddatsiz kelishuv loyihasini ma’qulladi. Hujjat huquqiy axborotning rasmiy internet portalida e’lon qilingan.  

Shartnoma loyihasida qayd etilishicha, Belarus kontingenti jangovar zonadan tashqarida gumanitar tadbirlarda ishtirok etadi, u Rossiya aviatsiya guruhi joylashgan joyda — Xmeymim aviabazasida joylashtiriladi. 

Belarus guruhining vazifalari va tarkibi Belarus hukumati tomonidan Rossiya bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Harbiylar Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining Urushayotgan tomonlarni yarashtirish markaziga bo‘ysunadi, ammo Belarus Mudofaa vazirligi qo‘mondonligi ostida qoladi. 

“Siz Rossiya bilan jang qilishni xohlaysizmi?” Makron bilan uchrashuvdan Putinning hafsalasi pirdek

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflarda Moskvaning asosiy tashvishlari e’tiborga olinmaganini aytdi. Davlat rahbari Kremlda Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron bilan bo‘lib o‘tgan qariyb 6 soatlik muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida shunday bayonot berdi. 

“Muzokaralar chog‘ida biz uzoq muddatli huquqiy xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha AQSH va NATOga yo‘llangan Rossiya takliflari bo‘yicha fikr almashishni davom ettirdik”, degan Putin va Moskvaning bu boradagi xavotirlarini sanab o‘tdi.  

Urush nafasi kelmoqda. Rossiya janubida harbiy texnikalar bilan taktik mashqlar boshlandi

Rossiya janubida zirhli texnika, raketalar va artilleriyadan foydalangan holda taktik mashqlar boshlandi. Janubiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari yaqin haftalarda Rossiya janubidagi 15 ta poligonda boshlangan 30 dan ortiq ikki tomonlama kompaniya-taktik mashg‘ulotlarida qatnashadi. 

Mashqlar Volgograd viloyati, Stavropol o‘lkasi, Adigeya, Checheniston, Dog‘iston,  Karachay-Cherkesiya, Shimoliy Osetiya, Ingushetiya hamda Abxaziya va Janubiy Osetiyadagi Rossiya harbiy bazalarida bo‘lib o‘tmoqda.

Har bir mashg‘ulotda 400 nafarga yaqin harbiy xizmatchi, 80 ga yaqin harbiy va maxsus texnika ishtirok etmoqda. T-72B3 tanklari, BMP-3 piyoda jangovar avtomashinalari, BTR-82A bronetransportyorlari, “Kornet” va “Xrizantema-S” tankga qarshi raketa komplekslari, turli artilleriya qurilmalari jalb etilgan. 

Poroshenko o‘ziga quchoq ochgan Putinga javob qaytardi

Ukrainaning sobiq Prezidenti, Oliy Rada deputati Pyotr Poroshenko Rossiya yetakchisi Vladimir Putinning unga “gumanitar sabablarga ko‘ra” boshpana berishi haqidagi bayonotiga izoh berib, Kiyev buni “o‘zi hal qilishiga” ishontirdi.

Ukrainaning sobiq Prezidenti o‘zining jinoiy javobgarlikka tortilishini mamlakatning amaldagi rahbari Vladimir Zelenskiyning “Putinga tayyorlagan sovg‘a”si deb ta’riflagan. Poroshenko uning ishi bilan shug‘ullanayotgan amaldagi davlat rahbari va huquq-tartibot idoralarini Rossiyada tahdidiga qarshi Ukraina himoyasi uchun ko‘proq e’tibor qaratishga chaqirgan.

COVID-19: JSST xavotirli bayonot bilan chiqdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) har hafta COVID-19 infeksiyasining uch-to‘rt million yangi holatlari haqida xabar oladi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu ma’lumotlar jarayonning to‘liq holatini aks ettirmaydi. Shu bilan birga, so‘nggi paytlarda o‘lim ko‘rsatkichlari ham o‘sishni boshlagan. Bu haqda JSST yetakchi epidemiologi Mariya van Kerkxov ma’lum qildi. 

“Biz so‘nggi to‘rt hafta ichida butun dunyo bo‘ylab o‘lim darajasi keskin oshganidan juda xavotirdamiz. “Omicron” “delta”ni juda tez chiqarib tashladi”, degan JSST vakili. 

Putin Ukrainaga hujum qilmaslikka va’da berdi – Makron

Rossiya-Ukraina mojarosi ortidan kecha, 7 fevral kuni Moskvada Prezident Vladimir Putin bilan muzokaralar olib borgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bugun, 8 fevral kuni amaliy tashrif bilan Ukrainada bo‘lib turgani haqida xabar bergan edik.

Ukraina rahbari bilan uchrashgan Makronga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga hujum qilmaydi. Uning bildirishicha, kecha muzokaralar davomida Putin Ukrainaga hujum amalga oshirilmasligi haqida so‘z bergan. 

“Menga hech qanday keskinlashuv yoki hujum bo‘lmasligi haqida va’da berishdi”, degan Makron Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv avvalida.

Azaga kelgan o‘z dardini aytib yig‘laydi. Bolgariya Ukraina masalasida xavotirga tushib qoldi

Bolgariya mudofaa vaziri Stefan Yanev Ukraina atrofidagi vaziyat yuzasidan Rossiya va NATO o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi. 

“Ukraina atrofidagi hozirgi vaziyat Yevroatlantika xavfsizligiga tahdid solmoqda va Bolgariya milliy xavfsizligiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, deydi Yanev. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa sovuq urush tugaganidan beri eng katta inqirozga yuz tutmoqda.

Sport

Sobiq UFC chempioni faoliyatini yakunlashi mumkin

Amerikalik MMA jangchisi Dastin Pore faoliyatini yakunlashi mumkinligi haqidagi savollarga javob berdi.

“Keyingi faoliyatim nima bo‘lishini bilmayman. Kareram tugadimi? Ko‘ramiz", deb yozdi Pore Twitter'da obunachilarning savollariga javob berib.

Italiya kubogida super to‘qnashuv: “Inter” “Roma”ni mehmon qiladi

Italiya kubogi chorak finali super bahslar bilan yana davom etadi. Ertaga, 9  fevralning ilk soatlarida "Roma" o‘z uyida "Inter"ni qabul qiladi.  Har ikki jamoa o‘z safida ajoyib o‘yinchilarga ega va bu o‘yinda g‘alaba qozonishni xohlaydi.

"Roma" A Cyeriya turnir jadvalida yettinchi o‘rinni egallab turibdi.  "Giallorossi" o‘tgan hafta "Jenoa"ga qarshi 0:0 hisobida durang o‘ynadi va bu uchrashuv jamoaga muxlislar oldida o‘zini oqlab olishi uchun imkon berishi mumkin.

Milanning "Inter" klubi esa ayni damda chempionat jadvalida birinchi o‘rinda bormoqda.  "Neradzurrilar" avvalgi o‘yinda azaliy raqibi "Milan"dan 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragan va endi Simone Inzagi shogirdlari bor alamini "Roma"dan olishi kutilmoqda.

“Barselona” homiyini o‘zgartirdi

"Barselona" hozirgi homiysi "Rakuten" bilan hamkorlikni bekor qildi. Kelgusi mavsumdan boshlab klub futbolkalarida yangi homiy - "Spotify" musiqiy platformasi yozuvi paydo bo‘ladi. Bu haqda RAC1 nashri xabar bermoqda.

Tomonlar o‘rtasidagi shartnoma uch yilga tuziladi. "Spotify" "Barsa"ga 280 million yevro to‘laydi. Kompaniya klubning nafaqat titul homiyi, balki "Kamp Nou" stadioniga nom berish huquqini ham sotib olishi mumkin. Agarda bu kelishuv ham amalga oshsa, arena nomi "Kamp Nou Spotify" deb o‘zgartiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

124

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made