O‘zbekka emas, o‘zgaga berilayotgan gaz, jazolangan vazirlar, yuraksiz ko‘milgan Maradona... Bugun nimalar bo‘ldi?

Jamiyat

image
Bugun, 23 noyabr kuni O‘zbekiston va xalqaro maydonda qanday muhim voqeliklar sodir bo‘ldi? Bugun nimasi bilan esda qoldi? Tarix zarvaraqlarida bugun o‘z muhrini qoldira oldimi? Quyida yakuniga yetayotgan kunning muhim hodisalari bilan tanishing.

Jamiyat

Birjada benzin 15 foizga arzonlashdi

Birja savdolarida AI-80 markali avtomobil benzini narxi tushishni davom etmoqda. Kecha, 22 noyabr kuni AI-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha sotilish narxlari 1 tonnasi 10 mln 129 ming so‘mdan 8 mln 570 ming so‘mgacha pasayib, 15 foizga arzonlashdi. Bu xaqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ko‘rilayotgan choralar natijasida kichik 1 tn lotlar hajmi joriy yilning  22 noyabridan 50 foizgacha oshirildi. Kecha birja savdolariga jami 4317 tn AI-80 markali benzin qo‘yilgan bo‘lsa shundan 3879 tn yoki 90 foizi  sotilgan.

Qoraqalpog‘istonda to‘rt vazir jazolandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining tegishli farmoyishi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari hamda topshiriqlarining bajarilishini tashkil qilish, hujjatlar bilan ishlash, ijro intizomini nazorat qilish, topshiriqlar ijrosini ta’minlashda yuzaga kelgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan o‘z vaqtida zarur choralar ko‘rmagani uchun bir qator vazirlarga jazo choralari qo‘llanildi.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Z.Ziyadullayev, Sog‘liqni saqlash vaziri M.Kurbanov, Maktabgacha ta’limi vaziri J.Usnatdinova, Xalq ta’limi vaziri R.Reyimovga “hayfsan” e’lon qilindi.

Andijonda elektr korxonasi bosh buxgalteri blogerni kaltaklagani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda bloger Fotima Jo‘rayeva kaltaklanganligi haqida xabarlar tarqalgan. Bu haqda blogerning videomurojaatida aytilgan. Bosh prokuratura Matbuot xizmati holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, kecha, 22 noyabr kuni bloger Fotima Jo‘rayeva Ulug‘nor tumani IIBga murojaat qilgan.

Fotima Jo‘rayeva o‘z murojaatida tuman elektr tarmoqlari korxonasi bosh hisobchisidan o‘zi huquqshunos sifatida ishlab kelayotgan fermer xo‘jaligiga elektr energiyasidan qarzdorlikni sun’iy ravishda oshirilganligi bo‘yicha tegishli hujjatlarni berishini talab qilganligini bildirgan.

O‘zbekiston 10 oy davomida Xitoyga qariyb 3 mln tonna gaz sotgan

Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida O‘zbekiston Xitoyga qiymati 601,27 million dollarga teng 2,57 million tonna gaz yetkazib bergan. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona boshqarmasi ma’lum qildi.

Ma’lumotlariga qaraganda, Turkmaniston Pekinga gaz yetkazib beruvchilar orasida birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Yanvar-oktyabr oylarida XXR ushbu mamlakatdan 5,38 milliard dollarga 19,79 million tonna gaz import qilgan. Rossiya (2 mlrd dollardan oshiq summaga dollarga 5,94 million tonna) esa Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi, so‘ng Qozog‘iston (865,01 million dollarga 3,73 million tonna), keyingi o‘rinda O‘zbekiston (601,27 million dollarga 2,57 million tonna) va Myanma (1,16 milliard dollarga 2,53 million tonna) bor.

O‘zbekistonliklarga birjada kriptovalyuta sotib olishga ruxsat berildi. Shartlar qanday?

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi O‘zbekiston rezidentlariga kriptovalyuta sotib olish va sotishga ruxsat berdi. Bu haqda agentlik direktorining “Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 1a-ilovasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi buyrug‘ida belgilangan.

Hujjat bilan birinchi marta 2019 yil 21 yanvarda qabul qilingan kriptobirjalarni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.

Endilikda O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari kripto-birjalarda kripto-aktivlar va tokenlar bilan kripto-birja savdolarining barcha turlarini milliy Valyutada amalga oshirishi mumkin.

2022 yilda “Uzauto Motors” Davlat byudjetiga qancha hissa qo‘shadi?

O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 200,0 trln. so‘m, xarajatlari esa davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 215,4 trln. so‘m miqdorida rejalangani haqida xabar bergan edik.

Moliya vazirliging 2022 yilgi Davlat byudjeti bo‘yicha e’lon qilgan sharhida byudjet daromadlari ko‘p jihatdan yirik soliq to‘lovchi korxonalar iqtisodiy holatiga bog‘liq ekani ta’kidlangan.

Ikkita “gaz zapravka” 100 ming xonadonga yetadigan tabiiy gazni o‘g‘irlagani aniqlandi

Toshkent viloyatidagi ikkita avtomobilga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari qariyb 1,7 mlrd so‘mlik tabiiy gazni o‘g‘irlagani aniqlandi. Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, AGTKSHlar tomonidan o‘g‘irlangan gaz 100 ming xonadonni bir kun davomida gaz bilan ta’minlashga yetarli bo‘lardi.

Qayd etilishicha, vazirlik shtabi tomonidan Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan “SHIRINA PETROL” MCHJ va Toshkent tumanida joylashgan “CLEAN GAS SERVICE” MCHJga qarashli AGTKSHlarda tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvda 2 ta tadbirkor tomonidan 1 mln 635 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuiy foydalanilgani aniqlangan. 

Olam

“Tolibon” BMT sanksiya qo‘ygan shaxslarni hukumatga oldi

Afg‘onistonda hokimiyatni egallagan “Tolibon” harakati mamlakatning yangilangan hukumati tarkibiga BMT sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan bir qancha shaxslarni tayinladi.  

Bundan tashqari, yangi hukumat tarkibiga birorta ham ayol tayinlanmagan. 

Ta’kidlanishicha, yangi tayinlovlar “Tolibon”ning rasmiy vakili Zabihulla Mujohid tomonidan e’lon qilingan. Xususan, Konchilik va neft sanoati vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Shahobiddin Delavar va uning o‘rinbosari Hoji mulla Muhammad Iso Oxund BMT sanksiyalari ostida. 

Janubiy Koreyaning o‘limga hukm qilingan sobiq Prezidenti vafot etdi 

Koreya Respublikasining sobiq Prezidenti Chon Du Xvan 90 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Yonhap” agentligi xabar berdi. 

Xabarga ko‘ra, Chon Du Xvan bugun, 23 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 08:40 (Toshkent vaqti bilan 04:40) da Seuldagi uyida vafot etgan. Agentlikning qayd etishicha, sobiq Prezident surunkali kasalliklardan aziyat chekkan. 

Nazarboyev yana bir lavozimni To‘qayevga topshirmoqchi

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev hokimiyatning “Nur Otan” (Vatan nuri) partiyasi raisi vakolatlarini mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga topshiradi. Bu haqda Nazarboyevning matbuot kotibi Aydos Ukibay ma’lum qildi. 

“Siyosiy kengash (partiya - tahr.) kengaytirilgan yig‘ilishida Nursulton Nazarboyev "Nur Otan" partiyasi raisi vakolatlarini topshirishga qaror qildi va partiyani mamlakat Prezidenti boshqarishi kerakligini ta’kidladi. Vakolatni topshirish jarayoni partiya nizomiga muvofiq amalga oshiriladi”, deb yozgan Aydos Ukibay Twitterr sahifasida.

BMT kimlar “tirik tovar”ga aylanayotganini ma’lum qildi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti barcha davlatlarni odam savdosiga qarshi kurashni kuchaytirishga, shu jumladan, tana a’zolarini sotishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Bosh Assambleyaning 76-sessiyasi delegatlari BMTning Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Global harakatlar rejasini amalga oshirish bo‘yicha Siyosiy deklaratsiyani qabul qilgan. 

Deklaratsiya barcha davlatlarni “tirik tovar” savdogarlari tomonidan qo‘llanilayotgan jinoiy sxemalarni fosh etishga chaqiradi.

Sport

Politsiyachini urib yuborgan avtomobilda Nurmuhamedov bo‘lgani tasdiqlandi 

Bellator jangchisi Usmon Nurmuhamedov 11 noyabr kuni “Kaspiysk” aeroporti yaqinida politsiyachini urib yuborgan “Toyota Camry” avtomobili haydovchisi ekani tasdiqlandi.

Xabarlarga ko‘ra, politsiya xodimi Usmonni tanigan, chunki nazorat-o‘tkazish punktidan o‘tish vaqtida haydovchining yon oynasi ochiq bo‘lgan.

Xabib Nurmuhamedovning amakivachchasi hisoblangan Usmon va uning do‘sti Kamol Idrisov 39 yoshli politsiya kapitani Aleksey Nazarovni mashinada urib yuborgan va voqea joyidan qochib ketgani uchun qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Maradona yuraksiz dafn etilgani ma’lum bo‘ldi

Afsonaviy futbolchi Diyego Armando Maradona yuraksiz dafn etilgan. Bu haqda jurnalist Nelson Kastro o‘zining kitobida yozgan.

“Bir guruh (muxlislar) yurakni qazib olishni rejalashtirgan edi. Odamlar bu reja haqida bilib olishdi, bu sodir bo‘lmadi, yurak Maradonaning jasadidan olib tashlandi. Bu tadqiqot uchun ham qilindi, chunki yurak o‘lim sababini aniqlashda juda muhim edi”, deydi Kastro.

Messi YeCHL favoritlarini aytdi

PSJ hujumchisi Lionel Messi 2021-22 yilgi Chempionlar ligasi favoritlari haqida gapirdi. Bu haqda “Marca” nashri ma’lum qildi.

“Hamma PSJ klubini Chempionlar ligasining asosiy favoriti, deb aytmoqda. Da’vogarlar qatorida ekanligimizni inkor etmayman, lekin kuchli jamoa bo‘lish uchun hali ko‘p ishlashimiz kerak. Ha, favoritlardan birimiz, lekin faqat o‘zimiz emas. “Liverpul” bugun juda yaxshi formada. Undan tashqari “Manchester Siti”, “Bavariya”, “Real Madrid” va “Atletiko” kabi jamoalar YeCHLda g‘olib chiqishga qodir”, deydi Messi.


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

190

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing