Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Ukrainaga bosqinning 3 yilligi

Tahlil

2022 yil 24 fevral — dunyoda endi katta urush bo‘lmaydi degan qarashlar parchalangan va bu hujum “maxsus harbiy operatsiya” deb nomlangan kun. 2014 yildan buyon davom etib kelayotgan mojarolar yakunda shunday urushga olib kelishi tayin edi va shunday ham bo‘ldi. Ammo ikki qardosh va zamonaviy davlatlarning bu yo‘sinda “kurashi” XXI asr odamlari uchun “kutilmagan voqea” edi. Siyosiy va tarixiy ziddiyatlar, hududiy da’volar hamda geosiyosiy manfaatlar bu mojaroning asosiy sabablaridan biri bo‘ldi.

Bosqinning dastlabki kunlari

2022 yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi va bu Ukrainaga qarshi bosqin xavfini oshirib yubordi.

24 fevral kuni Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari “maxsus harbiy operatsiya” boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

24 fevral kuni tongda Ukrainaning Kiyev, Xarkov va Dneprdagi harbiy infratuzilma ob’ektlariga raketa hujumlari uyushtirildi. Bu haqda Faceook’da Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari maslahatchisi Anton Gerashchenko ma’lum qildi.

“Bosqin boshlandi. Hozirgina Kiyev, Xarkov, Dneprdagi harbiy boshqaruv markazlari, aerodromlar, harbiy omborlarga raketa zarbalari berildi. Chegarani artilleriyadan o‘qqa tutmoqda. Bugundan boshlab dunyoda yangi geosiyosiy voqelik vujudga keldi. Yo Ukraina va dunyo yangi Gitlerni hozir to‘xtatadi, yoki Uchinchi jahon urushi bo‘ladi”, deb yozgan u.

O‘sha kuni Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay u Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi va mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi. Putin bir necha bor ukrain xalqi va askarlariga Rossiyaga qo‘shilish va qurollarni tashlash haqida murojaatlar bilan chiqayotgan bir paytda Zelenskiy dunyo yetakchilarini Putinga qarshi koalitsiya tuzishga chaqirayotgandi.

“Men sizni Putinni, Ukraina va dunyoga qarshi urushni darhol to‘xtatishga chaqiraman! Putinga qarshi koalitsiya tuzing. Darhol sanksiyalar, Ukrainaga moliyaviy va mudofaa yordami bering. Havo hududini yoping! Dunyo Rossiyani tinchlikka majburlashi kerak”, degan Zelenskiy Twitter sahifasida.

Putin esa bunga javoban dunyo mamlakatlariga ogohlantirish berdi.

“Kimlardadir sodir bo‘layotgan voqealarga aralashish istagi paydo bo‘lishi mumkin. Rossiyaning javoblari tezkor bo‘ladi va sizni tarixingizda hech qachon duch kelmagan oqibatlarga olib keladi. Biz voqealarning har qanday rivojiga tayyormiz”, dedi u.

Millionlab ukrainaliklar o‘z uylarini tashlab mamlakatdan chiqib ketishga kirishib ketdi va chegara postlari uzundan-uzun navbatlarga to‘ldi. Vatanini tashlab ketishni xohlamaganlar esa havo hujumlaridan himoyalanish uchun metrolarga yashirinishga majbur bo‘ldi. Dunyo mamlakatlari yetkachilari Rossiyaning bu harakatini qoralab, Putinni hujumni to‘xtatishga chaqirishni boshladi va allaqachon Rossiya katta sanksiyalar ostida qoldi hamda urushning birinchi kunidayoq Rossiya boylari 39 milliard AQSH dollariga “kambag‘allashdi”.

Putin boshlagan bosqinda qatnashishni xohlamagan ruslarning ko‘pchiligi esa O‘rta Osiyoni o‘zlari uchun vaqtinchalik boshpana sifatida tanladi. Mintaqa poytaxtlari rus relokantlari bilan to‘la boshladi. Ba’zi taxminlarga ko‘ra bu oqim o‘sha paytda Toshkentdagi ijara narxlariga ham yaxshigina ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston reaksiyasi

O‘zbekiston Kiyevdagi elchixonasi Kiyev, Xarkov va Dnepr shaharlari havo hujumi ostida qolayotgan paytdayoq Ukrainani tark etishni xohlovchi o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilishga kirishdi. Toshkent Kiyevga barcha parvozlarni bekor qildi va ko‘p o‘tmay “Uzbekistan airways” Rossiyaning qator shaharlariga ham parvozlar bekor qilinganini ma’lum qildi. O‘zbekiston TIV Ukrainadagi o‘zbekistonliklar qo‘shni davlatlar orqali evakuatsiya qilinishini bildirdi.

25 fevral kuni Shavkat Mirziyoyevning Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Prezident Matbuot xizmatiga ko‘ra, muloqotda O‘zbekiston-Rossiya hamkorligiga doir qator dolzarb masalalar muhokama qilingan. Rossiya Prezident idorasi – Kreml tarqatgan xabarda esa, “O‘zbekiston Prezidenti Putin bilan suhbatda Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakatlarini tushunishini bildirdi”, deb yozilgan. Shundan so‘ng, Mirziyoyevning Matbuot kotibi Sherzod Asadov 25 fevral kuni Mirziyoyev Putin bilan telefon muloqoti chog‘ida Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashganini va O‘zbekiston Rossiyaning Ukrainada boshlagan harbiy harakatlari yuzasidan vazmin, neytral pozitsiyada ekanini ma’lum qildi.

Urush boshlanganidan ikki xafta o‘tib, Turkiyada bo‘lib o‘tgan ikkinchi “Antaliya diplomatik forumi”da O‘zbekiston va Qirg‘iziston TIV rahbarlari Ukrainadagi urushni to‘xtatishga chaqirdi. 17 mart kuni esa o‘sha paytdagi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Oliy Majlis Senatining 24 yalpi majlisida O‘zbekiston Ukraina sharqida joylashib olgan separatistlar nazoratidagi Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olmasligini aytdi. Vazir Ukraina atrofidagi vaziyat O‘zbekistonda jiddiy xavotir uyg‘otayotganini qayd etib, Rasmiy Toshkent vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdoriligini bildirdi.

Oradan ko‘p o‘tmay vazir Komilovning sog‘lig‘i yomonlashgani aytildi va u o‘z lavozimidan ozod etildi. Buni uning Rossiya bosqini borasida bildirgan munosabatiga bog‘laganlar ham bo‘ldi. Qizig‘i, sog‘lig‘ida muammo bo‘lgan Abdulaziz Hafizovich Komilov Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining Tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga ham ikki oy to‘lmasdanoq Komilov prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimini egallagan.

Ukrainaning yo‘qotishlari

Xorij OAV ma’lumotiga ko‘ra, bosqin boshidan buyon bugungacha bo‘lgan davrda Ukraina o‘z yerlarining qariyb 11 foizi ustidan nazoratni yo‘qotgan. 2014 yildan buyon yo‘qotilgan hududlarni ham hisoblaganda Ukraina o‘z yerlarining tahminan 18 foizini Rossiyaga boy bergan. Bosqin davom etar ekan, 2025 yil 20 fevral holatiga ko‘ra, Donbasning katta qismi, jumladan, Lugansk va Donetsk viloyatlarining ayrim hududlari Rossiya nazorati ostida qolmoqda. Ushbu hududlarning bir qismi 2014 yildan buyon Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan separatistlar tomonidan boshqarib kelinmoqda. Shuningdek, 2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim ham Rossiya tasarrufida qolmoqda. Ilgari Rossiya harbiy kuchlari tomonidan egallangan, biroq keyinchalik Ukraina nazoratiga qaytarilgan hududlar ham mavjud.

Yo‘qotilayotgan faqat yer emas, 2024 yil dekabrida prezident Vladimir Zelenskiy 43 ming ukrainalik askar va zobitlar halok bo‘lganini ma’lum qildi. Ochiq manbalardan olingan qurbonlar haqidagi ma’lumotlarni jamlovchi “Ukrainian losses” veb-saytida esa hozirda ukrainalik askarlarning 70 ming 400 dan ortiq ism-familiyalar keltirilgan.

Shuningdek, Rossiya hujumi boshlanganidan keyin yoki yashash manzillari bevosita vayron qilingach millionlab ukrainaliklar ichki va tashqi ko‘chishni amalga oshirishga majbur bo‘lgan. BMT 2025 yil fevral holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab ukrainalik qochqinlar soni 7 millionga yaqin ekanini va shundan  6,3 milliondan ortig‘i Yevropa mamlakatlarida yashab kelayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, Ukraina ichida tahminan 3,7 million odam mamlakatning boshqa hududlariga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra , Ukrainada mojarolar davomida 41 mingdan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan yoki yaralangan, ularning aksariyati portlovchi qurollar sabab qurbon bo‘lgan. Birgina 2022 yilda 8 ming 400 dan ortiq, 2023 yilda 2 mingga yaqin, 2024 yilda esa 2 mingdan ortiq ukrainalik halok bo‘lgan. 2025 yilning dastlabki ikki oyi tugamasdanoq urush oqibatida yana 139 kishi halok bo‘ldi.

Putin bosqini boshlangandan buyon mamlakatda eng kamida 350 mingdan ortiq inshootlar, millionlab kvadrat metr turarjoy, ta’lim, tibbiyot va sport infratuzilmasi, minglab kilometr avtomobil va temiryo‘llar, aeroportlar va portlar butunlay vayron qilindi yoki ma’lum darajada shikastlandi. Jumladan, Mariupol, Volnovaxa, Severodonetsk, Maryinka, Soledar, Avdeyevka va Bahmut kabi shaharlar kuli ko‘kka sovurildi.

Bucha va Izyum qirg‘ini

Keng ko‘lamli bosqin Kiyev viloyatini ham qamrab oldi. Ammo bosqinning dastlabki oyidayoq qarshi hujumlar evaziga ko‘pgina shaharlar ozod etildi. 2022 yilning 2 aprelida Kiyev butunlay bosqinchilardan tozalangani ma’lum qilindi. Bosqin boshlanganiga bir yarim oy bo‘lmasdan Bucha shahri juda daxshatli ko‘rguliklarni boshdan kechirdi. Butun dunyo OAV bosqinchilarning vahshiyliklari haqidagi ma’lumotlar bilan to‘la boshladi. Buchada qo‘llari bog‘langan holda o‘ldirilganlar, Kiyev viloyatidagi yo‘llardan birining chetida yalang‘och ayollarning jasadlari va shu kabi xunrezliklar aks etgan tasvirlar butun dunyoni junbishga keltirdi. Bucha jasadlar bilan to‘lib toshgan, qurbonlarning aksariyati qo‘llari bog‘langan holda boshining orqa qismiga o‘q uzilishi oqibatida halok etilgandi. Ukrainaliklar ommaviy qabrlarga dafn qilingan, ba’zi jasadlar esa ko‘chalarning o‘rtasiga tashlab ketilgandi. Ammo Rossiya Mudofaa vazirligi bu xabarlarni “provokatsiya” va “sahnalashtirish” deb atadi. Ularning ta’kidlashicha, Bucha rus harbiylari nazorati ostida bo‘lgan davrda “birorta ham mahalliy aholi zo‘ravonlik harakatlaridan jabr ko‘rmagan”, Ukraina harbiylari esa shaharning janubiy tumanlarini “tun-u kun” o‘qqa tutgan.

Oradan biroz vaqt o‘tib, Bucha voqealari xususidagi haqiqatlar oshkor bo‘lgach, dunyo davlatlari Rossiyani keskin qoraladi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketlarini kuchaytirishni boshladi. 42 davlat Rossiya ustidan Gaaga sudiga shikoyat qildi.

Bucha genotsididan besh oy o‘tib, rus bosqinchilari yana bir qatliomga qo‘l urdi. Bu safargi qonga botirilgan hudud Xarkovdagi Izyum shahri edi. Gap shundaki, 2022 yil sentyabr oyi boshida Ukraina Qurolli kuchlari Xarkov viloyatida muvaffaqiyatli qarshi hujumni amalga oshirib, viloyatning deyarli barcha bosib olingan hududlarini ozod qildi. 10 sentyabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari Izyumni bosqinchilardan ozod qilganini e’lon qildi. Ammo oradan salkam bir hafta o‘tar-o‘tmas ukrainaliklar ko‘z o‘ngida bundan 5 oy ilgari Kiyev viloyatining Bucha shahridagi manzara yana qayta jonlandi.

Izyum yaqinidagi ommaviy qabristonda jasadlarni eksgumatsiya, ya’ni jasad qoldiqlarini qabrdan olib chiqish ishlari amalga oshirildi. 23 sentyabrga kelib, ommaviy qabrdan 427 nafar ukrainalikning jasadi olib chiqildi. Jasadlarning 202 nafari ayollar, 189 nafari erkaklar va 5 nafari bolalar edi. Ammo ular Izyumda ko‘mib yuborilgan so‘nggi qurbonlar emasdi. Oradan bir necha kun o‘tib, Rossiya bosqinidan ozod qilingan Izyum shahrida yana ikkita ommaviy qabr topildi.

Ukrainaga yordamlar

Davom etayotgan 3 yillik urush mobaynida Ukrainaga jami tahminan 267 milliard yevro yordam ajratilgan va bu yiliga 80 milliard yevrodan ortiqroqni tashkil etadi. Shundan qariyb teng yarmi 130 milliard yevro (49 foiz) harbiy yordamga, 118 milliard yevro (44 foiz) moliyaviy yordamga va 19 milliard yevro (7 foiz) gumanitar yordamga ajratilgan. Hech kimga sir emaski, mazkur mojaro davomida Ukrainani Yevropa Ittifoqi davlatlari va AQSH qo‘llab kelmoqda. Umuman olganda, Yevropa Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha AQSHdan o‘zib ketdi — moliyaviy va gumanitar yordam uchun 70 milliard yevro hamda harbiy yordam uchun 62 milliard yevro ajratgan. AQSH esa harbiy yordam uchun 64 milliard yevro, moliyaviy va gumanitar yordam uchun 50 milliard yevro sarflagan.

Zelenskiy esa bosqin sharoitida mudofaaga sarflangan mablag‘lar to‘g‘risida biroz boshqa raqamlarni keltirgandi. Tramp AQSH Ukrainaga sarflagan pullarning umumiy summasi 350 millard dollar deya da’vo qilgach, Zelenskiy bunga javoban mudofaa umumiy hisobda 320 millardga tushgani, Qo‘shma Shtatlarning esa bundagi ulushi 67 milliard ekanini aytib chiqdi.

Aslida AQSH yordamining pasayib borayotgani 2023 yil o‘rtalaridayoq sezilgandi. Hattoki, “AQSH taxti”ga kelgan Tramp bu safar Ukrainani “qo‘ltiqlamoqchi”ga o‘xshamaydi. U saylovoldi dasturlarida 24 soat ichida urushni tugatishga va’da bergandi, lavozimga kelgach bunga erishgan bo‘lmasa-da, Putinga yon bosgan holda urushga nuqta qo‘yish payida ekanini yashirmayapti va hatto Zelensky bilan dahanaki jangga kirishgan deyish ham mumkin.

O‘zbekiston ham urushning dastlabki oylaridayoq Ukrainaga bir necha marta gumanitar yordamlar jo‘natgan edi. Masalan, 2022 yilning aprelida dori-darmon, individual dori qutilari, uzoq muddat saqlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, jami 400 ming donadan ortiq bo‘lgan 21 ta pozitsiyadagi mahsulotlardan iborat 34 tonnadan ortiq gumanitar yordam yuborgan.

Vayron bo‘lgan infratuzilma

2024 yil noyabr holatiga ko‘ra, Rossiya bosqini boshlanganidan beri Ukraina infratuzilmasiga 170 milliard dollarlik zarar yetkazilgan. Xususan, uy-joy sektori 60 milliard dollar; transport infratuzilmasi 38,5 milliard dollar; energetika sohasi 14,6 milliard dollar; sanoat, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalari 14,4 milliard dollar; qishloq xo‘jaligi sektori esa 10,3 milliard dollar zarar ko‘rgan. Bundan tashqari, ta’lim sektoriga 7,3 milliard dollar; sog‘liqni saqlash sohasiga 4,3 milliard dollar; madaniy meros va sport infratuzilmasiga 4 milliard dollar; uy-joy kommunal xo‘jaligi sektoriga 3,5 milliard dollar; telekommunikatsiya sohasiga esa 1,2 milliard dollar ziyon yetkazilgan.

Sanksiyalar ostidagi Rossiya

Putin Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani zahoti Yevropa Ittifoqi Rossiyaga sanksiyalar jamlanmasini sovg‘a qilgandi. Bugun bosqinning uch yilligi munosabati bilan yana bir paket e’lon qilindi va butun davr mobaynida bunday sanksiyalar paketi soni 16 taga yetdi. So‘nggi paketga ko‘ra, Rossiyaning 13 ta banki SWIFT to‘lov tizimidan uzildi. Yevropada “Rossiya nazoratidagi” sakkizta OAVning efiri taqiqlandi. Rossiya harbiy-sanoat majmuasini qo‘llab-quvvatlayotganlar ro‘yxatiga 53 ta tuzilma qo‘shildi.

E’tiborlisi, ular orasida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan tashkilot ham qayd etilgan. Xususan, xabarga ko‘ra, ushbu tuzilmalarning uchdan bir qismi Rossiyaga tegishli, qolganlari esa uchinchi mamlakatlarda (Xitoy, jumladan, Gonkong, Hindiston, Qozog‘iston, Singapur, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston) joylashgan bo‘lib, savdo cheklovlarini chetlab o‘tishda yoki Rossiya harbiy operatsiyalari uchun ishlatiladigan uchuvchisiz uchish apparatlari hamda raketalar uchun zarur bo‘lgan narsalarni sotib olishda ishtirok etgan.

Aytish mumkinki, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaro faqat ikki davlatning emas, balki butun dunyoning siyosiy va iqtisodiy muvozanatiga ta’sir ko‘rsatdi. Harbiy to‘qnashuvlar ortidan jahon miqyosida energetika inqirozi, oziq-ovqat xavfsizligi tahdidi va geosiyosiy qarama-qarshiliklar kuchaydi. Bu mojaroning qachon va qanday yakunlanishi hozircha mavhum bo‘lib qolmoqda. Diplomatik muzokaralar natija beradimi yoki yo‘qmi – bu savol hamon ochiq. Ammo aniq bir haqiqat bor: mojaro har ikki davlat uchun ham misli ko‘rilmagan talafotlarni keltirdi va keltirishda davom etmoqda. Eng katta zarar esa oddiy fuqarolarga yetdi.

Bugun esa muzokaralar olib borish va bosqinni tugatish masalasi har qachongidan ham yaqin deyish mumkin. Bu jarayonga ayni damda Trampning avzoyi buzuqligi ham unchalik halal bermasligi mumkin. Chunki uning Zelenskiy manziliga yo‘llayotgan “haqoratlari”dan asosiy muddao Ukraina boyliklarini teng taqsimlash va bu orqali 3 yil davomida AQSH tomnidan ko‘rsatilgan yordamni ortig‘i bilan qaytarib olish xolos. Ko‘p ehtimol uni Zelenskiy hokimiyating legimligi yoki boshqa jihatlari qiziqtirmaydi. Uning Oq uyga qaytishi esa shunchaki geosiyosiy manfaatlar to‘qnashgan Ukraina ustida yana shu kabi manfaatlar sonini bittaga oshirdi xolos. Ukrainada esa Rossiya bosqini davom etmoqda. Front bir joyda turib qolgani yo‘q. Lekin baribir bosqinning oxiri yaqindek...


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Rossiya-Ukraina Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing