To‘qayev Nazarboyevning “qo‘lini kaltalatganiga” izoh berdi
Olam
−
18 fevral 2022
16132Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Qazaqstan” telekanaliga bergan intervyusi chog‘ida konstitutsiyaviy qonunlarga respublikaning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik Kengashi va Qozog‘iston xalqlari assambleyasiga umrbod raisligini bekor qiluvchi tuzatishlar kiritilganiga munosabat bildirdi.
“Bu aniq. Ilgari bunday qonunlar qabul qilingan bo‘lsa, endi ular kerak emas. Bu haqda to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirish kerak. Kelajakda bunday qonunlar qabul qilinmasligi kerak, deb hisoblayman. Ilgari kamchiliklar bo‘lgan, ammo bu bizning tariximiz. Tarixdan saboq olish har birimizning burchimizdir. Maqsadimiz yurtimiz kelajagini o‘ylash, yosh avlodga g‘amxo‘rlik qilishdir”, degan To‘qayev.
Fevral oyi boshida To‘qayev “Birinchi Prezident – Elboshi to‘g‘risida”, “Qozog‘iston xalqi Assambleyasi to‘g‘risida”gi va “Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik Kengashi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunlarga o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Qabul qilingan tuzatishlar Birinchi Prezidentning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qildi.
Qonunga senatorlar tomonidan ham o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, ular davlat ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha Elboshi bilan tashabbuslarni muvofiqlashtirish zaruriyatini bekor qiladi.
Shu bilan birga, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti muhim masalalarni muhokama qilishda parlament va hukumat oldida so‘zlash huquqini saqlab qoldi.
Nazarboyevning siyosiy intihosi
2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha bir-ikki videomurojaatlardan tashqari, hech qayerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar va 1-2 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u maoshsiz mehnat ta’tilida. Bu orada esa u “Nur Otan” siyosiy kengashi a’zoligidan ketdi.
Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi.
Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.
28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi.
2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.
LiveBarchasi