Shvetsiyada endi Tavrot va Injilni yoqishmoqchi
Olam
−
05 iyul 2023
19917Shvetsiya politsiyasi diniy kitoblarni yoqish bo‘yicha aksiya o‘tkazish yuzasidan uchta yangi ariza oldi. Ular orasida Tavrot va Injilni yoqish maqsadida o‘tkaziladigan namoyish uchun so‘ralgan ijozat ham bor. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi arizalarning biri xuddi joriy yilning 28 iyun kuni bo‘lgani singari Stokgolmdagi masjid tashqarisida Qur’on kitobini yoqish bo‘yicha yuborilgan. Ariza muallifi 50 yoshlar atrofidagi ayol “imkon qadar tezroq” namoyish o‘tkazishga ruxsat berilishini so‘ragan.
Ikkinchi ariza Tavrot va Injilning yoqilishi bilan bog‘liq bo‘lib, namoyish o‘tkazish joyi sifatida Stokgolmdagi Isroil elchixonasining yoni tanlangan. Namoyish tashkilotchisi 30 yoshli yigit hisoblanadi. U buni Qur’onning yoqilishiga javoban amalga oshirishini ma’lum qilib, mazkur namoyishni “so‘z erkinligi uchun ramziy yig‘in” deb atagan. Agar politsiya ruxsat bersa, shu yilning 15 iyul kuni Isroil elchixonasi oldida ikki muqaddas kitob – Tavrot va Injil yoqib yuboriladi.
Diniy matnlarning yoqilishi bilan bog‘liq namoyish o‘tkazish yuzasidan yuborilgan yana bir ariza, politsiya ma’lumotiga ko‘ra, “alohida shaxs” tomonidan yuborilgan. Ushbu namoyish 12 iyul kuni Xelsinborgda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 iyun kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmning markaziy maydonlaridan birida 37 yoshli iroqlik muhojir tomonidan Qur’on kitobi yoqib yuborilgandi. Bunga nisbatan bir qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar noroziligini bildirdi. Jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qur’onning yoqilishi dinlararo adovat qo‘zg‘ashini aytib, bu holat jinoyat deya baholanishini hamda unga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, Putinga uning Dog‘istonga safari davomida Qur’on sovg‘a qilishgandi.
Rasmiy Anqara ham Qur’onning yoqilishi yuzasidan Shvetsiyaga nisbatan noroziligini bildirib, ushbu mamlakat uchun NATOga a’zo bo‘lish “orzu” bo‘lib qolishini ma’lum qilgandi.
Yevropa Ittifoqi Shvetsiyadagi voqealar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirib, muqaddas kitoblarning yoqilishi haqorat, hurmatsizlik va ochiq-oydin provokatsiya ekanini bildirgan. Shuningdek, Qur’onni yoqish bo‘yicha aksiya Ittifoq fikrini aks ettirmasligi ma’lum qilgan.
AQSH ham Qur’onning yoqilishini qoralab, Shvetsiyadagi musulmonlarning huquqlaridan xavotirda ekanini bildirgan.
Iroq Qur’onni yoqqan odam uning fuqarosi ekanini da’vo qilib, Shvetsiyadan uni ekstraditsiya qilishni talab etgandi. Iroqda, shuningdek, futbol bo‘ycha milliy chempionatning “Al-Shorta” va “Al-Qosim” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda Shvetsiyada Qur’onning yoqilishiga qarshi aksiya o‘laroq futbolchi va hakamlar maydonga Qur’on kitoblari bilan chiqishdi.
2 iyul kuni esa Islom hamkorlik tashkilotida Shvetsiyada Qur’onning yoqilishi yuzasidan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilgandi.
3 iyul kuni Rim papasi Fransisk Shvetsiyada Qur’on yoqilishini keskin qoralab, bu holat uni g‘azablantirganini ma’lum qildi.
Bugun, 5 iyul kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Qur’onning yoqilishini qoraladi.
LiveBarchasi