AQSH Shvetsiyada Qur’on yoqib yuborilganini qoraladi
Olam
−
30 iyun 2023
15323Qo‘shma Shtatlar Stokgolmda Qur’onning yoqib yuborilishini qoralaydi va Shvetsiyadagi musulmonlar huquqlaridan xavotirda. Bu haqda kecha, 29 iyun kuni bo‘lib o‘tgan brifingda AQSH Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Mettyu Miller ma’lum qildi.
“Aytishim kerakki, biz buni haqiqatdan ham qoralaymiz. Biz bu harakatdan qattiq xavotirdamiz. Bu musulmonlar va boshqa diniy ozchiliklar vakillarining Shvetsiyada o‘z ibodat qilish huquqidan erkin foydalanish qobiliyatiga ta’sir qiladigan qo‘rquv muhitini yaratadi”, ”, deydi AQSH tashqi siyosati vakili.
Vashington ma’muriyati aynan nimani qoralayotganiga oydinlik kiritish so‘ralganida, Miller "Qur’onning yoqib yuborilishi", deb javob bergan.
“Ha, biz odamlarning bunday xatti-harakatlarni amalga oshirishga haqli ekanligiga ishonamiz va shu bilan birga ular [aytib o‘tilgan harakatlar] qoralashga loyiqdir”, deb tushuntirdi diplomat.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 iyun kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolm markazidagi Medbor’yarplatsen maydonida yana muqadddas Qur’oni karim tahqirlandi. Namoyishda iroqlik 37 yoshli muhojir Salvan Momika muqaddas kitobni yoqib yubordi.
U arab tilida nutq qilib, musulmonlarning muqaddas kitobidan varaqlarni yirtib, o‘t qo‘ydi. Aksiya sodir bo‘lgan joyda Shvetsiya va xalqaro OAV vakillari, shuningdek, 200 ga yaqin tomoshabin bo‘lgan. Politsiya tashkilotchiga tosh otmoqchi bo‘lgan erkakni qo‘lga oldi.
Namoyishdan oldin Momika TT telekanaliga bergan intervyusida tarjimon yordamida “Qur’onni yoqib yuboramiz, Shvetsiyani uyg‘ot, deymiz. Bu demokratiya, bizga ruxsat yo‘q deyishsa, bu xavfli”, deb baqirgan.
LiveBarchasi