Qur’on yoqib yuborilishi ortidan Islom hamkorlik tashkiloti yig‘ilish o‘tkazadi
Olam
−
01 iyul 2023
16007Joriy yilning 2 iyul kuni Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Jidda shahrida Stokgolmda Qur’on yondirilishini qoralash maqsadida navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazadi. Bu haqda TRT telekanali xabar berdi.
“IHT yakshanba kuni navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazadi. Unda Shvetsiyada Qur’onga qarshi harakatlar munosabati bilan tashkilotning umumiy pozitsiyasini bildirish rejalashtirilgan. Yig‘ilish Jidda shahrida bo‘lib o‘tadi. Qo‘shma deklaratsiya qabul qilinishi kutilmoqda”, deyiladi telekanal xabarida.
Turkiya hukumati Qurbon hayiti kuni Stokgolm markazida sodir bo‘lgan yong‘inni keskin qoralab chiqqandi. Anqara NATOga a’zo bo‘lishga intilayotgan Shvetsiyani musulmonlarni haqorat qilish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar va provokatsiyalarga chek qo‘yishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, 2022 yil 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiyaning o‘sha paytdagi Bosh vaziri Magdalena Andersson va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgandi. Shu paytda memorandum imzolangan. Bu hujjat Stokgolm va Xelsinkiga NATOga qo‘shilish imkonini berdi. 31 mart kuni Turkiya parlamenti Finlyandiyaning NATOga kirishi haqidagi protokolni tasdiqlashi ortidan mamlakat 4 aprelda alyansga a’zo bo‘lgandi. Shu bilan birga u Stokgolmdan terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Madrid memorandumining barcha bandlarini bajarishini talab qilib, Shvetsiyaning NATOga kirishi haqidagi protokolni ma’qullamagan.
Eslatib o‘tamiz, Stokgolm markazidagi aksiya joriy yilning 28 iyun kuni Medbor’yarplatsen maydonida Shvetsiya politsiyasining ruxsati bilan o‘tkazildi. Iroqdan kelgan 37 yoshli muhojir Salvan Momika Qur’on sahifalarini yirtib tashlab, uni yoqib yuborgandi. Shu kuni butun dunyo musulmonlarining asosiy diniy bayramlaridan biri – Qurbon hayitini nishonladi. 29 iyun kuni bir guruh iroqliklar musulmonlar uchun muqaddas kitob – Qur’onning yoqib yuborilishiga qarshi norozilik bildirib, Bag‘doddagi Shvetsiya elchixonasiga bostirib kirgandi.
Shuningdek, Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson kecha, 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Stokgolmda Qur’on yoqib yuborilishi munosabati bilan Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasiga bostirib kirilishi ortidan tinchlanishga chaqirgandi.
LiveBarchasi