Qur’onga hurmatsizlik – jinoyat va bunga yo‘l qo‘ymaymiz – Putin
Olam
−
29 iyun 2023
17446Rossiya Qur’onni va musulmonlarning diniy tuyg‘ularini chuqur hurmat qiladi, Rossiya Federatsiyasida ushbu muqaddas kitobga hurmatsizlik jinoyat hisoblanadi. Bu haqda Rossiya rahbari Vladimir Putin kecha, 28 iyun kuni Dog‘istonning Denbant shahridagi qadimiy juma masjidiga tashrifi chog‘ida aytib o‘tgan.
“U musulmonlar uchun muqaddas, qolganlar uchun ham muqaddas. Biz bilamizki, boshqa mamlakatlarda ular boshqacha yo‘l tutishadi – ular odamlarning diniy tuyg‘ularini hurmat qilmaydilar va hali ham bu jinoyat emasligini aytishadi”, deydi davlat rahbari.
Xuddi shu masjidda Putinga Qur’oni Karim sovg‘a qilingan. Prezident kitobni bag‘riga bosgancha suhbatda davom etgan.
“Mamlakatimizda bu jinoyat – ham Konstitutsiyaga, ham Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 282-moddasiga muvofiq. Bu jinoyat – hurmatsizlik va dinlararo adovatni qo‘zg‘atish. Biz har doim ushbu qonunchilik qoidalariga rioya qilamiz”, deydi Putin.
Rossiya rahbari nasroniylar va musulmonlarning birodarlari sifatidagi o‘zaro hurmat va munosabat Rossiya xalqining birligini mustahkamlashini ta’kidlagan.
“Xudoga shukur, sizdek ulamolar tufayli mamlakatda dinlararo, konfessiyalararo osoyishtalik mustahkam”, deydi Putin Derbent Juma masjidi raisi Sayidyaxyo Saidovga.
Putin, shuningdek, barcha Rossiya musulmonlarni Qurbon hayiti bilan tabriklagan.
“Hammasi yaxshi bo‘ladi. Bugun barcha musulmonlar ushbu bayramni nishonlamoqda, shuning uchun, albatta, bu yerda masjidda bo‘lgan holda, sizlarni va barcha Rossiya musulmonlarini ushbu ulug‘ bayram bilan tabriklayman va sizga yaxshilik tilayman”, degan Putin.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 iyun kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolm markazidagi Medbor’yarplatsen maydonida yana muqadddas Qur’oni karim tahqirlandi. Namoyishda iroqlik 37 yoshli muhojir Salvan Momika muqaddas kitobni yoqib yubordi.
U arab tilida nutq qilib, musulmonlarning muqaddas kitobidan varaqlarni yirtib, o‘t qo‘ydi. Aksiya sodir bo‘lgan joyda Shvetsiya va xalqaro OAV vakillari, shuningdek, 200 ga yaqin tomoshabin bo‘lgan. Politsiya tashkilotchiga tosh otmoqchi bo‘lgan erkakni qo‘lga oldi.
Namoyishdan oldin Momika TT telekanaliga bergan intervyusida tarjimon yordamida “Qur’onni yoqib yuboramiz, Shvetsiyani uyg‘ot, deymiz. Bu demokratiya, bizga ruxsat yo‘q deyishsa, bu xavfli”, deb baqirgan.
LiveBarchasi