Rossiya ikki davlatning 51 nafar diplomatini quvdi
Olam
−
18 may 2022
8397Rossiya Italiya va Ispaniyaнинг Moskvadagi elchixonasi xodimlarini mamlakatdan chiqarib yubormoqda. Bu haqda TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 18 may kuni Ispaniyaning Moskvadagi elchisi Markos Gomes Martines Rossiya TIVga chaqirilgan. Diplomatik idorada elchiga Madridning Rossiya elchixonasining 27 nafar xodimi haqidagi provokatsion bayonoti munosabati bilan keskin norozilik bildirilgan.
“Javob sifatida Ispaniyaning Moskvadagi elchixonasi va Sankt-Peterburgdagi Ispaniya bosh konsulligining 27 nafar xodimi “persona non grata” deb e’lon qilindi. Ular elchiga tegishli nota topshirilgan paytdan boshlab yetti kun ichida mamlakatni tark etishlari kerak”, deyilgan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda.
Bundan tashqari, Italiyaning Moskvadagi elchisi 18 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan va mamlakatning Rossiyadagi elchixonasining 24 nafar xodimi chiqarib yuborilishi ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, 5 aprel kuni Ispaniya Tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares qirollikdan 27 nafar rossiyalik diplomatni chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini bildirdi. Mahalliy matbuotning yozishicha, ularga mamlakatni tark etish uchun yetti kun muhlat berilgan.
Italiya esa 30 nafar rossiyalik diplomatning chiqarib yuborgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya aprel oyida Yevropa Ittifoqi, Bolgariya va Germaniyaning mamlakatdagi diplomatlarini chiqarib yuborgandi. May oyida esa Daniya, Bolgariya, Ruminiya va Fransiya diplomatlarini “persona non grata” deb e’lon qildi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi