Rahmon Pashinyan bilan Qozog‘istondagi vaziyatni muhokama qildi 

Olam

image

Bugun, 7 yanvar kuni Armaniston Respublikasi Bosh vaziri, KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi raisi Nikol Pashinyan va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Armenpress” xabar bermoqda. 

Ta’kidlanishicha, suhbat chog‘ida tomonlar Qozog‘iston Respublikasidagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashgan hamda do‘st mamlakat rahbariyatining tinchlik va osoyishtalikni tiklash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan.  

Shu nuqtai nazardan, tomonlar huquq-tartibotni himoya qilish va barqarorlikni ta’minlashga ko‘maklashish uchun KXSHTning birlashgan tinchlikparvar kontingentini Qozog‘istonga yuborish to‘g‘risidagi KXSHT qarorini amalga oshirish jarayonini muhokama qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, KXSHT orqali Qozog‘istonga Rossiyadan 3 ming, Belarusdan 500, Tojikistondan 200, Qirg‘izistondan 150, Armanistondan 100 nafar askar kiritilmoqda.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Pashinyan Rahmon

Baholaganlar

36

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing