Rossiyadan uzilgan Pashinyan, viruslangan Kongo va JCHning mashmashalari — WEEKEND
Tahlil
−
17:59 563 13 daqiqa
11 iyun, Asteka stadioni, uzoq va intizorlik bilan kutilgan futbol bo‘yicha Jahon chempionati boshlandi. O‘zbekiston terma jamoasi uchun birinchi bo‘lgan ushbu mundial hali boshlanmasidanoq kutilmagan va unutilmas voqealarga boy bo‘ldi. AQSH, Kanada va Meksika mezbonligi ostida kechayotgan ushbu turnir atrofida sodir bo‘layotgan voqealarni kuzatar ekansiz, “shunaqasi ham bo‘lishi mumkin ekanda”, deb beixtiyor hayratga tushishinggiz aniq. Xo‘sh bu galgi chempionatning dastlabki kunlari qanday o‘tdi?
SSSR parchalangach, yangi paydo bo‘lgan davlatlarning ko‘pchiligi turli sohalarda Rossiyaga suyanib qolgan edi. Ammo Moskvaning ishonchni suiiste’mol qilishi, hamkorlariga “katta og‘a” ko‘zi bilan qarashi, do‘stlarini undan uzoqlashtirmoqda. Armaniston ham Kremlga ishonib pand yegan davlatlardan biri va o‘tmishdan olgan xulosalariga tayangan holda bugun amaldagi hukumat G‘arbga suyanishni afzal ko‘rmoqda. Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylov natijalari esa hukumatning tanlagan yo‘li to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatyapti. Endi Yerevan Moskvadan yuz o‘giradimi?
Aytishlaricha, antik davrda sport o‘yinlari vaqtida eng katta urushlar ham to‘xtatilib, dushmanlar sulhlar tuzishgan ekan. Ammo bugungi “rivojlangan” davlatlarning talashayotgan narsasi shu qadar jiddiyki, hatto dunyoda bayram kabi nishonlanuvchi Jahon chempionati ham ularni qon to‘kishdan to‘xtatib turolmayapti. Yana AQSHning Eronga hujumlari va 39-marta tinchlikka o‘rnatishga urinish. Eski urushda nima yangiliklar?
Jahon chempionati siyosatchilar qo‘lida
Nafaqat ushbu haftaning, balki butun yilning eng muhim voqelaridan biri shubhasiz 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatidir. Nihoyat 11 iyun kuni butun dunyo intizorlik bilan kutgan katta turnir start oldi. AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tayotgan tarixdagi ilk 48 jamoali mundial ayniqsa O‘zbekistonlik futbol ixlosmandlari uchun yangi davrni boshlab berdi. Negaki, O‘zbekiston terma jamoasi Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchi bo‘lib Jahon chempionatida to‘p suruvchi guruhga aylandi.
Biroq turnir boshlanishidan oldin yuzaga kelgan siyosiy va tashkiliy mojarolar, ayrim davlatlar vakillariga nisbatan qo‘llangan keskin nazorat choralari hamda immigratsiya bilan bog‘liq bahslar ana shunday xursandchilik kunlarda ham ko‘ngilni xira qiladi.
Jahon chempionatining ilk ochilish marosimi Meksika poytaxtidagi afsonaviy Asteka stadionida bo‘lib o‘tdi. Har bir Jahon chempionatida bo‘lgani kabi Meksikadagi ochilish marosimida ulkan gala-konsert tashkil etildi. Ochilish marosimida kolumbiyalik yulduz Shakira hamda nigeriyalik san’atkor Burna Boy turnirning rasmiy qo‘shig‘i “Dai Dai”ni ijro etdi. Shuningdek, qator mahalliy yulduzlar: J Balvin, Tayla, Alexandro Fernandes, Belinda, Mana, Los Angeles Azules va boshqa mashhur ijrochilar sahnaga chiqdi.
FIFA har doim mundiallarning ochilish marosimiga shunchaki shou sifatida emas, balki mezbon davlatlarning madaniyatini dunyoga namoyon etuvchi bayram sifatida qaraydi. Ammo bu galgi tadbir tomoshabinlarning qator e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pchilikning fikricha, marosim ko‘proq musiqiy festivalni eslatgan va futbol ikkinchi planga tushib qolgan.
Balki shu sabab ham, FIFA shiori aynan “Futbol dunyoni birlashtiradi”, bo‘lsa kerak.
Mundialning ilk o‘yini ham aynan Asteka stadionida bo‘lib o‘tdi. Shu vaqtgacha ko‘plab ochilish o‘yinlarida o‘ynagan, lekin g‘alaba qila olmagan Meksika bu safar Janubiy Afrika Respublikasini 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Turnir tarixidagi ilk golga Hulian Kinyones mualliflik qilgan bo‘lsa, tajribali hujumchi Raul Ximenes ikkinchi golni urib, mezbonlarga ishonchli g‘alabani taqdim etdi. Shu tariqa Meksika mundialni o‘z uyida muvaffaqiyatli boshladi.
Birinchi kunning ikkinchi uchrashuvi Gvadalaxarada bo‘lib o‘tdi. Janubiy Koreya terma jamoasi Chexiyani 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Chexlar Ladislav Kreychi orqali hisobni ochgan bo‘lsa-da, koreyaliklar Xvan In Bom va zaxiradan maydonga tushgan O Xyon Gyu gollari evaziga kambek amalga oshirdi. Natijada Osiyo vakili guruhdagi muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.
Bu yilgi Jahon chempionati nafaqat ochilish marosimi yoki yangi jamoalarning yorqin o‘yini bilan, balki siyosiy mojarolar fonida yuzaga kelgan bahsli vaziyatlar bilan ham esda qoladigan ko‘rinadi.
Eng ko‘p munozaralarga sabab bo‘layotgan mavzu shubhasiz Eron bilan bog‘liq. AQSH va Eron o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi oylarda yanada keskinlashgani fonida Tehron mundialda ishtirok etish bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch keldi. Dastlab Eron Sport vaziri Ahmad Donyamali, hatto mamlakat terma jamoasining Jahon chempionatida qatnasha olmasligi mumkinligini aytgandi. Bunga AQSH hududida xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar va ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy ziddiyatlar sabab qilib ko‘rsatildi.
Vaziyat yanada murakkablashganidan so‘ng, Eron tomoni FIFA’ga murojaat qilib, jamoa o‘yinlarini AQSHdan tashqarida o‘tkazishni so‘radi. Garchi Meksika hukumati ham bunday variantni maqullagan bo‘lsa-da, FIFA taqvimni o‘zgartirmadi va Eron guruh bosqichidagi barcha uchrashuvlarini AQSH shaharlarida o‘tkazadigan bo‘ldi.
Bundan tashqari Eron delegatsiyasining ayrim a’zolari AQSH vizasini ham ololmagani aytilmoqda. Xususan, federatsiyaning bir qator yuqori lavozimli vakillari va ma’muriy xodimlariga mamlakatga kirishga ruxsat berilmadi. Eron Futbol federatsiyasi bu holatni sportga siyosatning aralashuvi sifatida baholadi va Vashingtonni kamsituvchi siyosat yuritishda aybladi. AQSH tomoni esa muammo futbolchilarda emas, balki delegatsiya tarkibidagi ayrim shaxslarning faoliyati va xavfsizlik bilan bog‘liq masalalarda ekanini bildirdi.
“Eron o‘z delegatsiyasi tarkibiga sportga hech qanday aloqasi yo‘q bo‘lgan hamda Eron Islom inqilobi muhofazachilari korpusi yoki shunga o‘xshash tuzilmalarga aloqador bo‘lgan bir guruh odamlarni kiritib olishlariga aslo yo‘l qo‘ymaymiz. Shuning uchun biz buni juda diqqat bilan kuzatib boramiz”, – dedi AQSH Davlat kotibi Marko Rubio.
Bundan tashqari Eron terma jamoasining mashg‘ulot bazasi AQSHning Arizona shtatidan Meksikaga ko‘chirildi. Ma’lum qilinishicha, endi har bir o‘yindan keyin eronlik futbolchilar samolyotda Meksikaga qaytishga majbur. Terma jamoa vakillarida viza bo‘lsada, Tehron hukumati ularning xavfsizligini ro‘kach qilib, AQSHga faqat o‘yin uchun kirishga ruxsat etildi.
Nafaqat futbolchi yoki hakamlar, balki Eronlik muxlislar ham qator qiyinchiliklarga duch keldi. Federatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, muxlislar uchun ajratilgan ayrim chiptalar turnir ochilishidan bir necha kun oldin bekor qilingan. Qisqa qilib aytganda, Yaqin Sharqdagi urushning sadosi AQSHdagi futbol\sokker stadionlarigacha yetib kelmoqda.
Eronniku tushunsa bo‘ladi, ammo somalilik hakamda nima ayb? Jahon chempionati arafasidagi yana bir eng shov-shuvli voqea somalilik hakam Omar Abdulqodir Artanning Amerikaga kiritilmagani bo‘ldi. 34 yoshli referi tarixda Jahon chempionatida faoliyat yuritgan ilk somalilik hakam bo‘lishi mumkin edi. FIFA uni mundialning asosiy 52 hakami ro‘yxatiga ham kiritgan edi.
Biroq Artan AQSHga yetib kelganidan so‘ng, mamlakatga kiritilmadi va ortga qaytarib yuborildi. Rasmiy sabablar to‘liq ochiqlanmagan bo‘lsa-da, voqea AQSHning ayrim davlatlarga nisbatan qo‘llayotgan immigratsion cheklovlari bilan bog‘lanmoqda. Natijada Artan o‘z faoliyatidagi eng katta musobaqada ishlash imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.
Mazkur voqea xalqaro futbol jamoatchiligida katta norozilik uyg‘otdi. Ijtimoiy tarmoqlarda FIFA va uning amaldagi rahbariyati ham tanqid ostida qoldi. Ko‘pchilik tashkilot dunyoning eng yirik futbol musobaqasida ishlashi kerak bo‘lgan hakamning huquqlarini himoya qila olmaganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, boshqa bir qator terma jamoalar ham AQSH hududiga kirishda noodatiy tekshiruvlarga duch kelgani haqida videolar tarqaldi. Xususan, O‘zbekiston terma jamoasi delegatsiyasining tekshiruvdan o‘tkazilgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Videolarda futbolchilar va murabbiylar shtabi a’zolaridan telefonlarini topshirishgan, cho‘ntaklarini bo‘shatib va hatto sumkalarini ochib jinoyatchilarni tekshirgan kabi maxsus itlar yordamida tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Bu holat o‘zbekistonlik muxlislarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, boshqa ayrim Yevropa jamoalariga nisbatan bunday choralar qo‘llanmagani haqidagi iddaolar bahslarni yanada kuchaytirdi. Internetda “Ular futbolchilar, jinoyatchilar emas” mazmunidagi fikrlar keng tarqaldi.
Biroq O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro vaziyatni yumshatishga harakat qilib, bu odatiy xavfsizlik tekshiruvlari bo‘lib, Jahon chempionatiga kelgan ko‘plab delegatsiyalar shunday nazoratdan o‘tganini aytgan.
Shunga qaramay, Senegal, Iroq va Belgiya terma jamoalari vakillari ham qo‘shimcha tekshiruvlarga duch kelgani haqidagi xabarlar tanqidlarni to‘xtatmadi. Ayrim ekspertlar bunday muhit futbolchilarning ruhiy holatiga ham salbiy ta’sir qilishi mumkinligini aytmoqda.
Aslida, xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi bugungi geosiyosiy vaziyatda tushunarli. Biroq tanqidchilarga ko‘ra, Jahon chempionatiga kelayotgan futbolchilar va rasmiy delegatsiyalar oddiy sayohatchilar emas. Ular FIFA akkreditatsiyasiga ega bo‘lgan professional sport vakillari hisoblanadi. Shu sabab ayrim davlatlar delegatsiyalariga nisbatan qo‘llanayotgan keskin nazorat choralarini ko‘pchilik ortiqcha deb hisoblamoqda.
"AQSHda bo‘lib o‘tayotgan bu FIFA Jahon chempionati boshlanishidan oldin ham eng yomon turnirga aylanib bormoqda! Bu shunday bo‘lishi kerak emas", dedi Angliya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Stiven Jerrard.
Shunday bo‘lsa-da, hali bayram oldinda. O‘zbekiston terma jamoasi mundialdagi ilk o‘yinlarini o‘tkazish arafsida turipdi.
- 18 iyun Toshkent vaqti bilan soat11:00 da – O‘zbekiston va Kolumbiya bilan o‘ynaydi.
- 23 iyun Toshkent vaqti bilan 00:00 da – Portugaliya va O‘zbekiston turnirdagi muhim ochkolar uchun kurash olib boradi.
- 27 iyun Toshkent vaqti bilan 06:30da – O‘zbekiston o‘zining guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yinini Kongo DR qarshi o‘tkazadi.
O‘zbekiston terma jamoasiga QALAMPIR.UZ jamoasi tomonidan omad tilaymiz.
Pashinyanning qaltis o‘yini
Armanistonda 7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari nafaqat mamlakatning ichki siyosati, balki butun Janubiy Kavkaz mintaqasining kelajakdagi siyosiy yo‘lini belgilab berdi deyish mumkin. Saylov natijalariga ko‘ra, Bosh vazir Nikol Pashinyan boshchiligidagi “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi 49,8 foiz ovoz olib, parlamentdagi ko‘pchilikni saqlab qoldi. Uning asosiy raqibi – Rossiyaga yaqin pozitsiyadagi “Kuchli Armaniston” bloki esa 23 foizdan ortiq ovoz to‘pladi.
Mazkur saylov ko‘plab ekspertlar tomonidan Armanistonning geosiyosiy tanlovi bo‘yicha referendum sifatida baholanmoqda. So‘nggi yillarda Pashinyan hukumati mamlakatni asta-sekin Rossiya ta’siridan uzoqlashtirib, Yevropa Ittifoqi va AQSH bilan yaqinroq hamkorlik qilish siyosatini olib borayotgan edi. Ayniqsa, 2023 yilda Tog‘li Qorabog‘ ustidan nazoratning to‘liq Ozarbayjonga o‘tishi va Kremlning Yerevanga kutilgan darajada yordam bermagani arman jamiyatida Moskvaga nisbatan ishonchsizlikni kuchaytirib yubordi.
Tarixdan xulosa chiqargan Armaniston avvaliga Rim statutini qabul qilgan bo‘lsa, keyinchalik, Fransiya va AQSH bilan harbiy ittifoqchilik aloqalarini boshlab yubordi. Rossiyaning manfaat zonalarini qisqartirish ilinjida AQSH ham ushbu kichikkina tog‘li davlatga keng imkoniyatlar yaratib, tez fursatda munosabatlarni har tomonlama strategik sheriklik darajasigacha olib chiqdi.
AQSH ta’siriga tushib qolmaslik uchun Pashinyan bir paytning o‘zida Yevropa davlatlari bilan ham yaqinlashish yo‘lini tanladi. 2025 yil 26 mart kuni Milliy Assambleya mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini qonuniy ravishda boshlash va buni rasmiy kun tartibiga kiritishni ko‘zda tutuvchi "YeIga integratsiya to‘g‘risida"gi qonun hujjatini qabul qildi.
Shu yilning o‘zida ham Armaniston YeI’ning qator yig‘inlariga mezbonlik qildi. Xususan, Yevropa Siyosiy Hamjamiyati Sammiti va "YeI – Armaniston" Oliy Darajadagi Sammiti kabi rasmiy tadbirlar Yerevanning Yevropa tomon ildam qadam tashlayotganining yaqqol namunasidir.
Saylov natijalari esa Pashinyan tanlagan ushu siyosiy yo‘l xalqqa maqul kelganidan darak bermoqda. Garchi, Rossiyadan uzulish Armaniston kabi kichik va aholisi ham nihoyatda kamgina davlat uchun og‘riqli bo‘lsa-da, G‘arbning qo‘llovi bilan bu vaziyatdan chiqib ketishga umid qilinmoqda.
“Men yana bir narsani aytmoqchiman. Siyosiy va ijtimoiy jarayonning barcha ishtirokchilariga murojaat qilmoqchiman. Armaniston xalqi o‘z qarorini qabul qilib bo‘ldi; Armaniston xalqi yangi siyosiy vaziyatni yaratdi”, deydi Bosh vazir saylovdan keyingi nutqida.
Qisqa qilib aytganda, Armanistondagi saylov oddiy hokimiyat uchun kurash emas edi. Bu mamlakatning Sharq va G‘arb o‘rtasidagi strategik tanlovi, Ozarbayjon bilan tinchlik istiqbollari hamda Rossiyaning mintaqadagi kelajakdagi roliga oid muhim savollarga jabob bo‘ldi.
39-marta "tinchlik yaqin"
Yaqin Sharq maydonida mantiqsiz urush davom etmoqda. Bu gal AQSH tinchlik sulhiga chorlash uchun Eronga ballistik raketalar biln hujum qildi. 10 iyun kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi Eron hududidagi bir nechta nishonga 49 ta "Tomahawk" qanotli raketasi bilan zarba berdi. Kish, Sirik, Bandar-Abbos, Isfahon, Karaj kabi shaharlar asosiy nishon ostida bo‘lgan.
AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset esa ushbu zarbalarning maqsadi urushni kengaytirish emas, balki kelishuvga erishish uchun sharoit yaratish ekanligini ta’kidladi.
Eron ham qo‘lidan kelganicha javob qaytardi, Quvayt, Iordaniya va Bahrayindagi AQSH harbiy bazalariga raketa zarbasi berildi. "Hizbulloh" Isroilga hujum boshladi. Hormuz esa to‘liq yopib qo‘yildi.
11 iyun kuni Tramp "Truth Social" tarmog‘ida rejalashtirilgan yangi zarbalar bekor qilinganini e’lon qilib, Eron bilan muzokaralarda "muhim kelishuvga" erishilganini ma’lum qildi. Ha, yana.
Trampning aytishicha, AQSH, Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Misr va boshqa davlatlar kelishuvning asosiy bandlarini ma’qullagan. Biroq, yakuniy kelishuv imzolanmaguncha dengiz blokadasi saqlanib qoladi.
Eron tomon esa doimgidek, hali hech qanday sulh harakatlari bo‘lmaganini ma’lum qilib, o‘zlarining navbatdagi 14 bandlik tinchlik kelishuvi loyihasini e’lon qildi. Ushbu reja tarkibidan asosan, Livandagi urushni to‘xtatish, neft va yadro quroli masalasidagi sanksiylarni bekor qilish, blokadani ochish va 300 milliard dollarlik kompensatsiya k.abilar o‘rin olgan.
CNN hisobiga ko‘ra, Trampning ushbu “xushxabar” urush boshlangandan beri 39-marta "kelishuv ikki-uch kunda imzolanadi" mazmunidagi berilgan soxta bayonot ekan. Ammo bu galgisining boshqalaridan bir farqli jihati, bunga Pokiston bosh vaziri ham aralashganidir. 12 iyun kuni Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida AQSH va Eron o‘rtasidagi tinchlik shartnomasi matni tomonlar o‘rtasida kelishib olingani haqida post joyladi.
Biz tinchlik bo‘yicha yakuniy kelishilgan bitim matni tayyor bo‘lganini tasdiqlashimiz mumkin. Hozirda Pokiston keyingi qadamlarni yakunlash uchun har ikki tomon bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda”, deydi Sharif.
Bu voqea ortidan Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham X ijtimoiy tarmog‘ida Tehron va Vashington memorandum tuzishga yaqin ekanini ma’lum qilgan.
“Islomobod bilan o‘zaro anglashuv memorandumi hech qachon bu qadar yaqin bo‘lmagan edi. Memorandum yakuniy tasdiqlangunga qadar OAV turli taxminlardan tiyilib turishi maqsadga muvofiq. Barcha tafsilotlar belgilangan muddatda jamoatchilikka e’lon qilinadi, deb yozdi Aroqchi.
Geosiyosiy nuqtai nazardan qaraganda, bu urushning cho‘zilib ketgani oqibatlari allaqachon sezilmoqda. Hormuz bo‘g‘ozining hatto bir kun yopilishi jahon bozorlariga sezilarli silkinishlarga sabab bo‘lmoqda. Katta ehtimol bilan Eron ham AQSH ham xoldan toygan. Balki 39-marta aytilgan sulh va’dalari ham amalga oshmas, ehtimol 40-martasida muvaffaqiyatli bo‘lar. Nima bo‘lganda ham urushlar yakuniga umid qilib qolamiz.
Ebola va Kongo
2026 yil 15 may kuni Kongo DR Sog‘liqni saqlash vazirligi Ituri viloyatida Ebola kasalligi aniqrog‘i bu safar Bundibugyo virusi tarqalayotganini rasman tasdiqlagan edi. Bu mamlakatdagi 17-Ebola epidemiyasi bo‘lib, avvalgisi 2025 yil dekabrida tugagan edi. Oradan atigi besh oy o‘tar-o‘tmas kasallikning yangi to‘lqin boshlandi. JSST 17 mayda buni xalqaro miqyosdagi favqulodda vaziyat deb e’lon qildi. Bugungacha 630 dan ortiq ebola virusi bilan kasallangan odam aniqlangan bo‘lib, 127 ta o‘lim holati ma’lum qilingan. Epidemiyalarga tayyorgarlik ko‘rish koalitsiyasi Ebola virusining Bundibugyo shtammiga qarshi vaksina ishlab chiqish uchun bir nechta tadqiqot guruhlari, jumladan Moderna’ga qariyb 60 million dollar ajratadi.
Virusli epidemiya tarqalishi fonida shifokorlarning ish tashlashi boshlandi. Tibbiyot xodimlari ish haqini oshirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiyalarni ko‘paytirishni talab qilmoqda.
Melburndagi Burnet instituti dotsenti Suman Majumdar SBS News nashriga bergan intervyusida ishchi kuchini qo‘llab-quvvatlashni saqlab qolish epidemiyaga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega ekanligini aytdi.
"Jamoat salomatligi favqulodda holatida ishchi kuchining uzilishi yuz bergan hollarda, ustuvor vazifa hayotni saqlab qolish va shoshilinch tibbiy yordamni saqlab qolish, shu bilan birga ushbu uzilish ortidagi xavotirlarni zudlik bilan hal qilish bo‘lishi kerak", dedi u.
Ebola bir vaqtning o‘zida futbolga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. O‘zbeksitonning saralash bosqichidagi raqiblaridan biri Kongo terma jamoasining 9 iyun kuni Ispaniyaning La-Linea-de-la-Konsepson shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Chili terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilindi.
Ma’lum qilinishicha, Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi bilan bog‘liq vaziyat sababli shahar meri Xuan Franko uchrashuvni o‘tkazishni taqiqlovchi qarorni imzolagan. Shahar rahbarining ta’kidlashicha, mazkur qaror sog‘liqni saqlash xavfsizligi nuqtai nazaridan, Andalusiya Sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyalari hamda shahar tibbiy xizmati xulosalari asosida qabul qilingan.
“Bu qarorni qabul qilishga majbur bo‘lganimizdan afsusdamiz, chunki ushbu o‘yin shahar uchun muhim va qiziqarli voqea edi. Biroq Kongodagi sanitariya vaziyati va taqdim etilgan hujjatlar hech qanday xavf yo‘qligiga to‘liq kafolat bermaydi. Shu bois mazkur qarorni eng maqbul yechim deb hisoblaymiz”, deydi Xuan Franko
Shunga qaramay, Kongo DR terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Kelgusidagi o‘yinlar taqdiri qanday bo‘ladi hali noma’lum.
Umumiy xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, barcha voqealar bamisoli yilning eng muhim voqeligi – futbol bo‘yicha Jahon Chempionati atrofida aylanayotgandek va bu yaxshi. Negaki “zo‘rman”, degani stadionlarda bellashgani afzalroq, bir-biriga qurol ko‘tarib hal qilgandan ko‘ra.
Live
Barchasi