Kanadada vertolyot halokatga uchradi. Qurbonlar bor

Olam

−

image

Kanadaning Kvebek provinsiyasida vertolyot halokatga uchrashi oqibatida bortdagi to‘rt kishi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa kecha, 26 sentyabr kuni Monreal shahridan 50 kilometr uzoqlikdagi Sent-Brijid-d’Ibervil hududida sodir bo‘lgan. Favqulodda xizmatlarga hodisa haqida mahalliy vaqt bilan soat 14:30 dan ko‘p o‘tmay xabar kelib tushgan.

Voqea joyiga yetib borgan qutqaruv va huquq-tartibot xodimlari vertolyotni yong‘in ichida aniqlagan. Bortdagi to‘rt kishining barchasi voqea joyida halok bo‘lgan.

Taxminan bir soat o‘tib, yong‘in nazoratga olingan. Shunga qaramay, mutaxassislar kechki soat 22:00 ga qadar hodisa joyida ish olib borgan.

Viloyat politsiyasi hozircha qurbonlarning shaxsini oshkor qilmagan. Politsiya vakili ularning shaxsini aniqlash jarayoni bir necha kun davom etishi mumkinligini bildirgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vertolyot xususiy havo kemasi bo‘lgan. Hodisa yuzasidan Kvebek politsiyasining Og‘ir jinoyatlar bo‘limi tergov olib bormoqda. Tergovga Kanada Transport xavfsizligi kengashi mutaxassislari ham jalb etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida harbiy samolyot halokatga uchrashi oqibatida bortdagi 13 kishining barchasi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing