Osiyo o‘yinlari. O‘zbekiston 10-oltin medalni qo‘lga kiritdi
Sport
−
14:53 600 1 daqiqa
Bugun, 27 sentyabr kuni Yaponiyaning Aychi-Nagoya shaharlarida o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarining 8-kuni doirasidagi bahslar davom etmoqda. Kun doirasidagi kurash bahslarida O‘zbekiston delegatsiyasi 2 ta oltin va 1 bronza medalga ega chiqdi.
Ayollar o‘rtasida -57 kg vazn toifasida ishtirok etgan Ibodatxon Ag‘ojonova final bahsida Xitoy Taypeyi vakili Van Van-Ting Lini mag‘lub etib, oltin medal sohibi bo‘ldi.
Erkaklar o‘rtasida +90 kg vazn toifasida bahs olib borgan Shohruxxon Baxtiyorov ham Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi. Baxtiyorov finalda tojikistonlik Shakarmamad Mirmamadov ustidan g‘alaba qozonib, delegatsiya hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shdi.
Ushbu vazn toifasida yana bir o‘zbekistonlik sportchi Bekmurod Oltiboyev ham sovrindorlar safidan joy oldi. U yarim finalda Shohruxxon Baxtiyorovga imkoniyatni boy berib, musobaqani bronza medal bilan yakunladi.
Shu tariqa, Osiyo o‘yinlari 8-kuni doirasidagi bahslarda o‘zbekistonlik kurashchilar hozircha 2 ta oltin va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirga kelib O‘zbekiston delegatsiyasining Osiyo o‘yinlaridagi jami medallar soni 37 taga (10 ta oltin, 17 ta kumush va 10 ta bronza) yetdi. Ayni damda O‘zbekiston umumjamoa hisobida 4-o‘rinda bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Osiyo o‘yinlarida oltin medal olgan o‘zbekistonlik sportchilarga 25 000 AQSH dollari miqdorda pul mukofoti berilishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi