Endi Armanistonga Rossiya kerak emas

Tahlil

image

Va nihoyat, Armanistonning g‘arbparast hukumati saylovda g‘alaba qozondi. Bosh vazir Nikol Pashinyan joriy yilning 7 iyun kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan parlament saylovlarida nafaqat hukumatni saqlab qoldi, balki tanlangan geosiyosiy yo‘nalishi qay darajada qat’iy ekanligini hammaga ko‘rsatib qo‘ydi. Bu g‘alaba arman xalqining endi Moskvaga emas, Yevropa va AQSHga do‘st tutinishining rasmiy ifodasidir.

Bir necha yillar oldin Rossiya bilan apoq-chapoq bo‘lgan Armaniston bugun butkul boshqa qoidalar, boshqa hamkorlar tomon intilmoqda. Xo‘sh, nega? Rossiya vaqt sinovidan o‘tmadimi?

Tarixiy xulosa

Pashinyanning bugungi g‘arb tomonga burilish qarori ortida bir qator yig‘ilib qolgan sabablar bor.

Sovet Ittifoqi qulaganidan so‘ng, Armaniston geosiyosiy ziddiyalar botqog‘ida qolib ketdi. Bir tomonda 1915-yilgi Arman genotsididan beri aloqalari uzilgan Turkiya, boshqa tomonda Ozarbayjon bilan hududiy kelishmovchiliklar. Bunday vaziyatda tog‘lar orasidagi kichik bir davlatcha uchun “omon qolish” maqsadida “katta og‘a” bilan harbiy ittifoq tuzish yo‘li tanlandi.

1996 yili mamlakat hududida Rossiyaning 102-harbiy bazasini (Gyumri shahrida) joylashtirish bo‘yicha rasmiy bitim imzolandi. Bu o‘z navbatida Yerevanning Moskva himoyasida ekanligini bildirardi. Ammo Kreml Armanistonning harbiy qo‘llovga muxtojligidan o‘z maqdasida foydalandi. 2002 yilda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zolik to‘g‘risida kelishuv va 2014 yilda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga qo‘shilish to‘g‘risida hujjat imzolanishi Armanistonni tobora Rossiya ta’siriga tushirib qo‘ydi. Moskva bilan hamkorlik asta-sekin qaramlik darajasiga tushib qoldi.

Uzoq vaqtli Kremlga ishonch Qorabog‘ urushidan keyin yakuniga yetdi. 2020 yil kuz oylarida Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ga keng ko‘lamli harbiy hujum boshladi. Turkiya Ozarbayjonni zamonaviy qurollar, dron texnologiyasi va harbiy maslahatchilar bilan ta’minladi va bu voqelik urushda hal qiluvchi omillardan biri bo‘ldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushida ham Ozarbayjon va uning hamkorlari Armaniston ustidan g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Armaniston esa, KXSHT a’zosi sifatida ittifoqchisi – Rossiyadan yordam kutdi. Ammo Rossiya “boshini og‘ritishni” istamadi. 44 kunlik urushda Armaniston Tog‘li Qorabog‘ning katta qismini yo‘qotdi. Yuzboshi tuzgan tinchlik shartnomasi ham aslida mag‘lubiyatning diplomatik bayoni edi.

Rossiyaning 2022 yil fevralida Ukrainaga bostirib kirishi vaziyatni yanada murakkablashtirib yubordi. Urush Moskvani Boku bilan yaqinlashishga majbur qilgan bo‘lsa, Yerevanga va’da qilinga harbiy ta’minotning uzilishiga olib keldi. Armaniston buni “ortidan pichoq urush”, deb qabul qildi.

2022 yilning sentyabrida Ozarbayjon bu safar xalqaro tan olingan Armaniston hududiga hujum qildi. Goris, Jermuk, Vardenis, Sotk va Kapan kabi shaharlar katta talofat ko‘rdi. Na KXSHT, na Rossiya Armanistonga yordamga keldi. Yerevan butkul yolg‘izlanib qoldi.

2023 yil 19 sentyabrda Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ga “antiterror operatsiyasi” deb nomlangan keng ko‘lamli hujumni boshladi. Qorabog‘ ma’murlari operatsiyada kamida 200 kishi halok bo‘lganini bildirdi. Ikki kundan so‘ng, Ozarbayjon mintaqa ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritganini e’lon qildi. 120 000 nafar arman ota-bobolaridan qolgan yurtini tark etishga majbur bo‘ldi.

“Biz Rim statutini 2022 yil dekabr oyida ratifikatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qildik, o‘shanda barchamizga KXSHT va Armaniston-Rossiya strategik hamkorligi hujjatlari Armanistonning tashqi xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli emasligi va bu qaror hech qanday tarzda KXSHT yoki Rossiya Federatsiyasiga qarshi qaratilmaganligi ayon bo‘ldi. Bu bizning tashqi xavfsizlik manfaatlarimizdan kelib chiqadi va bunday qaror qabul qilish bizning suveren huquqimizdir”, degan edi Pashinyan.

Pashinyan 1991 yildan beri faqat Rossiyaga tayanib kelganini xato deb baholadi. Aynan mana shu – Armaniston va Rossiyaning 30 yillik ittifoqining inqirozi bo‘ldi.

G‘arbga yuzlanish

Armanistonning Rossiyadan ko‘ngli qoldi. Ko‘rsatilgan ishonch Moskva tomonidan oqlanmagach, Yerevan g‘arbga yuzlanishga majbur bo‘ldi. 2023 yil 3-oktyabr sanasida mamlakat Milliy Assambleyasi (parlamenti) xavfsizlik inqirozlaridan so‘ng, Rim statutini rasman ratifikatsiya qildi. Shu yilning o‘zida Armaniston Mudofaa vaziri Suren Papikyan va Fransiya Mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu Parijda birinchi rasmiy harbiy shartnomalarni imzoladilar. Unga ko‘ra, havo mudofaasini kuchaytirish uchun “Thales” kompaniyasidan 3 ta zamonaviy Ground Master 200 (GM200) radar tizimi, qisqa masofali Mistral zenit-raketa majmualari va qator harbiy anjomlarni Armanistonga sotishga kelishib olindi.

Qisqa vaqt ichida, nafaqat Yevropa, balki AQSH ham Yerevanga harbiy hamkor sifatida chiqib kela boshladi. AQSH va Armaniston harbiylari o‘rtasida xalqaro tinchlikparvar missiyalarga tayyorgarlik ko‘rish doirasida har yili o‘tkaziladigan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar to‘g‘risida kelishuvlar imzolanib Eagle Partner 2023 va Eagle Partner 2024 qo‘shma mashqlari amalga oshirildi.

Tez orada hamkorlik yangi darajaga ko‘tarila boshladi, 2025 yil 14 yanvarda Vashingtonda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan tomonidan AQSH-Armaniston strategik sheriklik xartiyasi tuzildi. 2026 yil 26 may kuni esa, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Yerevanga tashrif buyurdi va aeroport marosimida ikkala mamlakat har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi nizomni imzoladi.

“Bu kelishuv ushbu tarixiy yo‘nalishni haqiqatga aylantirish, tinchlikni mustahkamlash hamda Armanistonda va ochig‘ini aytganda, butun mintaqada farovonlikni oshirish yo‘lida shu kungacha tashlangan eng katta qadamdir. Biroq, bizning munosabatlarimiz shunchaki TRIPP (Transport barqarorligi va infratuzilmani rejalashtirish dasturi) bilan cheklanib qolmaydi. Biz uni juda ko‘p turli yo‘nalishlarda rivojlantirmoqdamiz va bu ushbu ma’muriyatning eng muhim ustuvor vazifalaridan biridir”, degandi Marko Rubio.

Raqobatchisining “yana bir qadam yaqinlashganini” Moskva jiddiy qabul qildi. Rossiya Energetika vaziri Sergey Sivilevning Armanistonga yo‘llagan rasmiy xati ochiqchasiga Armanistonga tahdid qildi. Unda agar Yerevan YeI bilan yaqinlashish yo‘lida davom etsa, 2013 yilgi kelishuv – gaz, neft mahsulotlari va olmos yetkazib berishdagi boj imtiyozlari bekor qilinishi aytilgan edi.
Armaniston uchun Rossiya bilan yonilg‘i savdosi nihoyatda muhim. Mamlakatga keladigan gazning 80–85 foizi va neft mahsulotlarining 60 foizdan ortig‘i Rossiyadan kelardi.

Bundan tashqari iyun boshida Kreml Rossiyaning Armanistondagi elchisi Sergey Kopirkinni maslahatlashuvlar uchun Moskvaga chaqirib oldi va Tashqi ishlar vazirligi ushbu qadamni rasmiy ravishda Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish “harakatlari”ga javobi ekanini bildirdi.
Ostona shahrida bo‘lgan YeOII sammitida esa Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Armanistonni imkon qadar tezroq referendum o‘tkazib, YeI va YeOII o‘rtasida aniq tanlov qilishga chaqirdi. Vladimir Putin hatto “yumshoq va madaniyatli ajralish” formulasini taklif qilgan bo‘lib, bu amalda ultimatumning diplomatik ko‘rinishi edi.

Rossiyaga yaqin Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko esa, Yerevanga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jiddiy ogohlantirish berdi.

“Armanlar juda ehtiyot bo‘lishlari kerakki, Xudo asrasin, Ukrainada yuz bergan voqealar takrorlanmasin”, dedi u.

Ammo tahdidlar shu bilan tugamadi. Rossiya Armanistondan gullar, mineral suvlar va konyak olib kirishga vaqtinchalik taqiq ham joriy etdi. Moskva tomonidan ishlatilgan bu bosimni qaysidir ma’noda Armanistonning ichki ishlariga aralashish deyish mumkin.

O‘z navbatida, Pashinyan saylovoldi kampaniyasi doirasida chiqish qilib, mamlakat mustaqillikka erishganidan beri amal qilib kelgan “Yo o‘lim, yo hurlik” shiorini “Ozod davlat” deb o‘zgartirish kerakligini ta’kidladi.

“Biz o‘lim va hurlik o‘rtasida tanlov qilmasligimiz kerak. Biz yashashimiz va ozod bo‘lishimiz kerak”, deydi u.

Shu yilning 4 iyun kuni bo‘lgan debatda Pashinyan KXSHTga (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) a’zolik masalasida ham aniq gapirdi. Debat jarayonida “Kuchli Armaniston” partiyasi vakili Narek Karapetyan Pashinyanga KXSHTdagi “a’zolikni muzlatib qo‘yish” bo‘yicha savol berib, nega tashkilotni tanqid qila turib, mamlakat undan chiqib ketmayotganini so‘ragan. Bosh vazir esa, agar kerak bo‘lsa, Armaniston tashkilotni tark etishini aytgan.

“Biz qaror qilamiz va chiqamiz. Kerak bo‘lsa, chiqamiz, men ortga qaytmasligimizni aytganman”, deydi Pashinyan.

Aslida, Armaniston Tog‘li Qorabog‘ mojarosi paytida Armanistonga yordam berilmagani uchun allaqachon KXSHTdagi ishtirokini muzlatib qo‘yib bo‘lgan. Keyingi qadam, tashkilotni butkul tark etishdir.

Tarixiy g‘alaba

7 iyun kuni Armanistonda muddatidan oldin o‘tkazilgan parlament saylovlarida 2,49 million saylovchi ovoz berish huquqiga ega edi. Saylovda 16 ta partiya va 2 ta siyosiy blok ishtirok etdi. Saylov natijasi nafaqat hukumat tarkibini, balki mamlakatning kelgusidagi yo‘lini ham belgilab berardi va shunday ham bo‘ldi. Rossiya bosimiga qaramasdan, Armanistonning G‘arbparast ma’muriyati, ya’ni Nikol Pashinyan partiyasi hokimiyatda qoldi.   Natijalarga ko‘ra:

“Fuqarolik shartnomasi” (Pashinyan) ~50,07%
“Kuchli Armaniston” (Karapetyan) ~23,35%
“Armaniston” bloki (Kocharyan) ~9,96%
“Farovon Armaniston" (Sarukyan) ~3,98%

Yakuniy natijaga ko‘ra, yangi parlamentda faqat uch siyosiy kuch – “Fuqarolik shartnomasi”, “Kuchli Armaniston” va “Armaniston” bloklari vakillari bo‘ladi.
Bu saylov natijalari o‘z navbatida arman xalqining xohishlarini o‘zida namoyon etdi. Xalqaro Respublika instituti tomonidan 2026 yil 5-11 may kunlari 1511 nafar respondent o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda ham fuqarolarining 75 foizi mamlakatning YeIga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaganini hisobga olsak, saylov yakunini oldindan prognoz qilish mumkin edi. Ya’ni Pashinyan g‘alabasi – xalqning irodasi.

Qisqa qilib aytganda, Pashinyan bu gal ham uddaladi. Ammo nimaning evaziga? NATOga qo‘shilmoqchi bo‘lgan Ukrainaning bugungi ahvolini ko‘rib turibmiz. Energetika, harbiy va yana bir qator sohalarda Rossiyaga bog‘lanib qolgan Armanistonning Moskvadan yuz o‘girishi qanday oqibatlarga olib keladi?
Albatta, kutuvlar xavotirli. Ammo shuni ham hisobga olish kerakki, Armaniston Ukraina kabi chegaradosh davlat emas. Bu faktor uning Rossiya uchun geosiyosiy ahamiyatini pasaytiradi. Bundan tashqari, Ukrainadagi urush ham Moskvani yetarlicha xoldan toydirdi. Hali eski urushni tugatmay turib, yangisini boshlash, hatto, Putin uchun ham og‘irlik qiladi.

Rossiya bilan ajralish shubhasiz jarohatlarsiz bo‘lmaydi. Ammo yangi do‘stlarni to‘g‘ri tanlay bilish bu jarohatlarni tezroq bitishiga yordam beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Kreml' Rossiya Moskva Ozarbayjon Armaniston Tog'li Qorabog' Lukashenko Pashinyan Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi Qorabog' Erevan Rim statuti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing