Javob zarbasi: Rossiya Zaporojedagi ob’ektlarni bombardimon qildi (video)
Olam
−
12:03 2355 2 daqiqa
Bugun, 21 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Zaporoje shahriga ommaviy hujum uyushtirdi. Bu haqda Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hujum oqibatida 2 ta to‘qqiz qavatli turar joy binosi zarar ko‘rgan va ularda yong‘in chiqqan. Shuningdek, savdo markazlaridan biri hamda oliy ta’lim muassasasi binosi yonib ketgan. 5 kishi jabrlangan, yana 5 kishi qutqarilgan va 14 kishi yonayotgan binolardan evakuatsiya qilingan.
“Vaziyatda dushman hujumi oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda”, deyiladi Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati xabarida.
Bundan avval, Rossiyaning hujumchi dronlari Kiyev shahri va Kiyev viloyatiga hujum qilgan. Kiyev meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, poytaxtda bir ayol jabrlangan.
Viloyatning Fastov, Bucha va Obuxov tumanlaridagi sanoat hududi, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi binosi hamda xususiy uyda yong‘in chiqqan. Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati yong‘inlar faqat bugun, 21 sentyabr kuni ertalab o‘chirilganini ma’lum qilgan. Hujum oqibatida halok bo‘lganlar va yaralanganlar qayd etilmagan.
Shuningdek, Rossiya harbiylari kecha kechqurun Sumi shahriga ikki marta hujum qilgan. Zarbalardan biri ko‘p qavatli turar joy binosi yaqiniga kelib tushgan. Viloyat ma’muriyati rahbari Oleg Grigorovning ma’lum qilishicha, bir ayol halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya poytaxti Moskva so‘nggi bir sutka ichida eng yirik dron hujumiga uchragandi. Hujum vaqtida “Gazprom neft” kompaniyasining Moskvadagi Kapotnya tumanida joylashgan neftni qayta ishlash zavodi ham zarbaga uchragan va u yerda yong‘in chiqqan.
Live
Barchasi