Rossiyadagi savdo markazida yong‘in: odamlar derazadan sakradi (video)

Olam

image

Bugun, 22 sentyabr kuni Rossiyaning Sterlitamak shahridagi mahalliy aholi orasida ommabop bo‘lgan bozor – “Solnechniy” savdo-xizmat ko‘rsatish majmuasida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda “Ufa1.ru” xabar berdi.

Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan va besh kishi jarohatlangan. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in savdo-xizmat ko‘rsatish majmuasining g‘ishtdan qurilgan to‘rt qavatli binosida yuz bergan. “Solnechniy” hududidan 17 kishi evakuatsiya qilingan.

Ikki yoki undan ortiq shaxsning ehtiyotsizlik orqasida o‘limiga sabab bo‘lish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Halok bo‘lganlar orasida savdo markazida ishlagan uch opa-singil bor.

Guvohlarning “Ufa1.ru” nashriga ma’lum qilishicha, yong‘in paytida signalizatsiya ishlamay qolgan bo‘lishi mumkin, odamlar esa binoning yuqori qavatlaridagi derazalardan sakragan va o‘tkinchilar hamda bozor xodimlari ularni qutqarishga uringan. Savdo markazi administratsiyasi signalizatsiya ishlamaganini rad etmoqda.

Mahalliy sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inda jarohatlanganlar shifoxonada. Ulardan birining ahvoli og‘ir. Uchinchi qavatdan sakragan 27 yoshli ayol va 16 yoshli qizning ahvoli og‘irlikning o‘rtacha darajasida. Kuch tuzilmalariga yaqin bo‘lgan “Baza” Telegram-kanali jarohatlanganlar yetti kishi ekanini yozmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chilining Pitrufken shahridagi qariyalar uyida yuz bergan yong‘in oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘lgandi, yana 10 kishi turli jarohatlar va kuchli ta’sirlanish holatida shifoxonaga olib ketilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing