Pashinyan Armaniston – Rossiya munosabatlarida “muqarrar o‘zgarishlar” bo‘lishini e’lon qildi

Olam

image

Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar “muqarrar ravishda o‘zgaradi” va bu o‘zgarishlar muayyan shaxs yoki siyosiy kuch bilan bog‘liq emas. Bu haqda Armaniston Bosh vazir Nikol Pashinyan “Boon TV” kanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Rossiya Federatsiyasi bilan munosabatlarimiz muqarrar ravishda o‘zgaradi, bu biror-bir shaxs yoki siyosiy kuch bilan bog‘liq emas. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, Armaniston va Rossiya munosabatlari avvalgidek bo‘lmaydi”, deydi u.

Nikol Pashinyan Moskva bilan avvalgi munosabatlar formati nizo sharoitida shakllanganini, endi esa Armaniston “tinchlik muhitida” ekanini qo‘shimcha qilgan. U bo‘lajak transformatsiyani aynan shu bilan bog‘lagan.

Shu bilan birga, Bosh vazir Yerevan Rossiya bilan aloqalarni uzish niyatida emasligini aytgan.

“Biz munosabatlarimizni chuqurlashtirishni xohlaymiz, ammo yangi muhit va yangi sharoitlarda. Armaniston Moskva bilan nizolashmaydi, balki vazminlik va izchillik bilan o‘z pozitsiyasini himoya qilishda davom etadi”, deydi u.

Eslatiib o‘tamiz, joriy yilning 1 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Bishkekda bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasida muzokaralar o‘tkazgan edi. Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish niyati va ushbu qarorning Rossiya bilan munosabatlarga ehtimoliy oqibatlari bo‘lgan.

Rossiya yetakchisi o‘z bayonotida Moskva Armaniston bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidlagan. Biroq unga ko‘ra, Yerevanning Yevropa yo‘nalishi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi keyingi hamkorlik uchun qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin.

O‘z navbatida, Nikol Pashinyan Armaniston Rossiya bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini tasdiqlagan. U Yerevan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish intilishida Rossiya va YeOII bilan kelishuvlarning buzilishini ko‘rmayotganini qo‘shimcha qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing