Pokiston 7 iyulni Qur’on tahqirlanishiga qarshi norozilik kuni deb e’lon qildi
Olam
−
05 iyul 2023 3820 3 daqiqa
Pokiston Vazirlar Mahkamasi yaqinlashib kelayotgan jumani (7 iyul) Shvetsiyada musulmonlar uchun muqaddas Qur’oni karimning tahqirlanishiga qarshi norozilik kuni deb e’lon qildi. Bu haqda bugun, 5 iyul kuni “Daily Pakistan” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 7 iyul kuni butun mamlakat bo‘ylab islomofobiyani qoralovchi aksiyalar o‘tkaziladi. Pokiston hukumati rahbari Shahboz Sharif barcha siyosiy partiyalarni ularda ishtirok etishga chaqirdi.
“Tinchlik va birlikda yashash tarafdori bo‘lgan barcha davlatlar va ularning rahbarlari islomofobiya va xurofotdan cheklanishi kerak. Din, e’tiqod va ma’naviy mafkuralarga qarshi qaratilgan g‘oyalar dunyo tinchligining dushmanidir”, degan Bosh vazir Hukumat yig‘ilishida.
Sharifning aytishicha, ertaga, 6 iyul kuni Pokiston parlamentining yuqori va quyi palatalari Shvetsiyada Qur’onning tahqirlanishi bilan bog‘liq milliy strategiyani ishlab chiqish uchun qo‘shma yig‘ilish o‘tkazadi.
Avvalroq BMT Inson huquqlari kengashi Islomobod iltimosiga ko‘ra kelasi haftada islomofobiya va diniy adovatga qarshi kurashish bo‘yicha shoshilinch yig‘ilish o‘tkazilishini e’lon qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 iyun kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmning markaziy maydonlaridan birida 37 yoshli iroqlik muhojir tomonidan Qur’on kitobi yoqib yuborilgandi. Bunga nisbatan bir qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar noroziligini bildirdi. Jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qur’onning yoqilishi dinlararo adovat qo‘zg‘ashini aytib, bu holat jinoyat deya baholanishini hamda unga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, Putinga uning Dog‘istonga safari davomida Qur’on sovg‘a qilishgandi.
Rasmiy Anqara ham Qur’onning yoqilishi yuzasidan Shvetsiyaga nisbatan noroziligini bildirib, ushbu mamlakat uchun NATOga a’zo bo‘lish “orzu” bo‘lib qolishini ma’lum qilgandi.
Yevropa Ittifoqi Shvetsiyadagi voqealar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirib, muqaddas kitoblarning yoqilishi haqorat, hurmatsizlik va ochiq-oydin provokatsiya ekanini bildirgan. Shuningdek, Qur’onni yoqish bo‘yicha aksiya Ittifoq fikrini aks ettirmasligi ma’lum qilgan.
AQSH ham Qur’onning yoqilishini qoralab, Shvetsiyadagi musulmonlarning huquqlaridan xavotirda ekanini bildirgan.
Iroq Qur’onni yoqqan odam uning fuqarosi ekanini da’vo qilib, Shvetsiyadan uni ekstraditsiya qilishni talab etgandi. Iroqda, shuningdek, futbol bo‘ycha milliy chempionatning “Al-Shorta” va “Al-Qosim” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda Shvetsiyada Qur’onning yoqilishiga qarshi aksiya o‘laroq futbolchi va hakamlar maydonga Qur’on kitoblari bilan chiqishdi.
2 iyul kuni esa Islom hamkorlik tashkilotida Shvetsiyada Qur’onning yoqilishi yuzasidan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilgandi.
3 iyul kuni Rim papasi Fransisk Shvetsiyada Qur’on yoqilishini keskin qoralab, bu holat uni g‘azablantirganini ma’lum qildi.
Bugun, 5 iyul kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Qur’onning yoqilishini qoraladi.
Live
Barchasi