Qovun tushirgan “Bloomberg”, Qozog‘istondagi miting, raqqosalar bilan “vaqtichog‘lik” qilgan mansabdor... 5 fevralda nimalar bo‘ldi?

Tahlil

image
Yakuniga yetayotgan 5 fevral kuni O‘zbekiston va xalqaro maydonda qator muhim voqealar yuz bergani bilan yodda qolmoqda. QALAMPIR.UZ dayjestida kunning eng muhim voqealari qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

Jamiyat 

Interpol xalqaro qidiruvdagi o‘zbekistonlik ayolni BAAda ushladi

Toshkent Interpol Milliy markaziy byurosi Abu-Dabi (BAA) Interpol Milliy byurosi bilan birgalikda Odam savdosida ayblanib, qidiruvga berilgan ayolni hibsga oldi va O‘zbekistonga deportatsiya qildi. Bu haqda IIV xabar berdi.

Ayblanuvchi sotish va ekspluatatsiya qilish maqsadida, yaxshi maoshli ish va’da qilib, qizlarni BAAga olib borgan va u yerda pasportlarini olib qo‘yib, fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlagan.

Ayol O‘zbekiston Respublikasini tark etgan, unga nisbatan sudlanuvchi sifatida sirtdan qaror chiqarilgan. 2013 yildan beri u Interpol kanallari orqali xalqaro qidiruvga berilgan.

Talabalarning qishki ta’tili kunlarini o‘zgartirish mumkin bo‘ladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarning har yilgi qishki ta’tili to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi joylashtirildi. Loyiha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqildi.

Loyihaga muvofiq:

•    har yili dekabr oyining oxirgi o‘n kunligi va yanvar oyining birinchi o‘n kunligi oralig‘ida O‘zbekiston Respublikasi professsional ta’lim muassasalari o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talabalarining har yilgi ikki haftalik qishki ta’tilini o‘tkazish taklifi berilmoqda (bunda ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari mavjud sharoitdan kelib chiqib o‘quvchi va talabalarga ta’til berish muddatini o‘zgartirish huquqiga egaligi alohida ta’kidlanmoqda);

Samarqandda o‘qituvchi pora bilan ushlandi

Buxoro va Samarqand viloyatida fuqarolarni texnikumga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxslar ushlandi. Ulardan biri temir yo‘l texnikumi o‘qituvchisi bo‘lgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Departamentning Buxoro viloyati Olot tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.Q. boshqa bir fuqaro R.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida Buxoro tibbiyot texnikumiga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgani aniqlangan. U bunday “saxovati” evaziga 800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qashqadaryoda 23 yoshli yigit 4-qavatdan o‘zini tashlab yubordi

Joriy yilning 29 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 23 yoshli yigit 4-qavatdan yiqilib, vafot etdi. Bu haqda Qashqadaryo viloyat prokuraturasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, voqea 29 yanvar kuni Qarshi shahri 6-mitti tumanda joylashgan 9-uyning 4-qavatidagi xonadonlarning birida sodir bo‘lgan. 1999 yilda tug‘ilgan O.S. 4-qavatidagi uyning oynasidan o‘zini tashlab, joniga qasd qilgan.

“Marhumning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan”, deyiladi xabarda.

“Shovotlandiya” fojiasi: Advokat tergovda qiynoq bo‘lganini aytmoqda

Toshkentning Chilonzor tumanidagi “Shovotlandiya” kafesida sodir etilgan yong‘in va uning oqibatida 5 kishi vafot etishida aybdor deb topilgan F.Sayfiyev va R.Abdurahimovning oila a’zolari Toshkent shahar sudiga apellsiya arizasini kiritdi. Joriy yilning 3 fevral kuni ushbu murojaat asosida ilk apellsiya sudi o‘z ishini boshladi. Apellyatsiya sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ko‘rib chiqilmoqda. Unda QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova ishtirok etdi.

Aybdor deb topilgan R.Abdurahimovning advokati, Fazliddin Shermatovning aytishicha 2021 yil 26 fevraldan 27 fevralga o‘tar kechasi "Shovotlandiya" kafesi yonib ketganidan himoyasi ostidagi Rustam Abdurahimovni xabari ham bo‘lmagan. U kafe yonayotgan vaqtda uyda, oila davrasida edi. 

O‘zbekistonga yashirincha qurol va o‘q-dori olib kirayotganlar ushlandi

Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postlari orqali O‘zbekistonga o‘tochar qurol olib kirayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar qildi.

Aniqlangan holatlardan birida Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postiga kirib kelgan fuqaro Ye.A. boshqaruvidagi Toyota Land Cruiser rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.

Natijada, avtomashinada tegishli hujjatlari va og‘zaki so‘rovda aytilmagan 1 dona pnevmatik to‘pponcha,  2 dona pnevmatik to‘pponcha uchun gaz balon hamda 310 dona pnevmatik o‘qlar borligi aniqlangan.

“Isbot bor”. BP Qurilish vazirligi poraxo‘r xodimi bo‘yicha yolg‘on ma’lumot tarqatganini aytmoqda

Avvalroq, Xorazmda viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi yetakchi inspektori pora bilan ushlangani haqida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabariga tayanib ma’lumot bergan edik. 

Buning ortidan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bayonot berib, 1000 AQSH dollari miqdorida pora bilan qo‘lga olingan xodim tizimdan pora bilan qo‘lga tushishidan avval ishdan bo‘shatilganini iddao qilib chiqdi.

O‘z navbatida, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ham vazirlikning raddiyasini javobsiz qoldirmadi va unga munosabat bildirdi.

Andijonda XTB mudiri raqqosalar bilan “vaqtichog‘lik” qilayotgani aks etgan video tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri raqqosalar bilan banketda o‘tirgani aks etgan video tarqaldi. Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ muxbiri viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi Matbuot xizmati bilan bog‘landi. 

Viloyat XTB rasmiysi videodagi shaxs haqiqatan ham Xo‘jaobod tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Shohruh Hamdamov ekanini tasdiqladi. 

Biroq, ushbu video qachon va kim tomonidan olingani ma’lum emas. Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, video eski bo‘lishi ham mumkin.

Olam 

“Bloomberg” Rossiya Ukrainaga bostirib kirganini e’lon qildi

Amerikaning “Bloomberg” agentligi kecha, 4 fevral kuni o‘z veb-saytida “Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi” sarlavhasini e’lon qildi, keyinroq xatoni tan oldi va xabarni olib tashladi.

“Biz turli ssenariylar uchun sarlavhalar tayyorlayapmiz va “Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi” sarlavhasi tasodifan sharqiy sohil vaqti bilan soat 16:00 larda  saytimizda e’lon qilindi. Biz bu xatodan chuqur afsusdamiz”, deyilgan xabarda.

AQSH KXDR bilan muloqot qilish shartini aytdi

Agar zarur sharoitlar yaratilsa, Amerika Qo‘shma Shtatlari Koreya Xalq Demokratik Respublikasi bilan davlatlar rahbarlari darajasida uchrashuv o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Lekin hozir, bunday sharoitlar mavjud emas. Bu haqda AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild ma’lum qildi.  

“AQSH biz Shimoliy Koreya bilan hech qanday shartlarsiz uchrashmoqchi ekanligimizni ochiq aytdi. Lekin Prezidentimiz bilan uchrashishdan oldin nimaga erishishimiz mumkinligini yaxshiroq tushunishimiz kerak”, deydi Tomas-Grinfild. 

Ukrainalik siyosatchi AQSH Zelenskiyga qarshi “sanksiya” qo‘llaganini aytib chiqdi

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHning “to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqi” tufayli Pekindagi Olimpiada o‘yinlarining ochilishida qatnasha olmagan bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Hayot uchun – Muxolifat platformasi” partiyasidan bo‘lgan Oliy Rada deputati Viktor Cherniy Facebook sahifasida ma’lum qildi. 

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, bir qator G‘arb davlatlari Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan sport musobaqasini boykot qilishga chaqirmoqda. 

“Aftidan, Amerika yetakchilari bizning Prezident Zelenskiyga ham sanksiya qo‘llagan - Xitoyga kirishni taqiqlash! Uning nafaqat dunyoning yetakchi davlatlaridan biri bo‘lgan Xitoy bilan munosabatlarni rivojlantirishi,  balki norasmiy ravishda bo‘lsada bugun mamlakat uchun hayotiy muhim masalalarni hal qilishi mumkin bo‘lgan bunday muhim voqeada ishtirok etmaganini qanday izohlash mumkin?”, deb yozgan Cherniy. 

Do‘sayev, ket! Olma-otada To‘qayev tayinlagan hokimga qarshi miting o‘tkazildi

Bugun, 5 fevral kuni Qozog‘istonning Olma-ota shahridagi Fanlar akademiyasi binosi yonida shahar ma’muriyati ruxsati bilan 100 ga yaqin odam mitingga yig‘ildi. Bu yanvar oyidagi tartibsizliklardan keyin bo‘lib o‘tgan ilk tinch miting hisoblanadi. Bu haqda mahalliy nashrlar ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, miting yanvar fojiasida vafot etganlar xotirasi uchun bir daqiqalik sukut saqlash bilan boshlangan. Namoyishchilar yangi tayinlangan shahar hokimi Yerbolat Do‘sayevning iste’fosini talab qilgan.

AQSH KXDR bo‘yicha bayonot e’lon qildi. Olti davlat Vashingtonga qarshi chiqdi

Avvalroq, BMT Xavfsizlik Kengashida Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tomonidan amalga oshirilgan raketa sinovlari bo‘yicha yopiq maslahatlashuvlar o‘tkazilgani haqida xabar bergandik.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Xavfsizlik kengashining yana sakkiz a’zosini ushbu masala bo‘yicha o‘z bayonotlarini qo‘llab-quvvatlashga ishontirdi, qolgan oltitasi esa unga qo‘shilmadi. Bu haqda AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild yopiq maslahatlashuvlardan so‘ng ma’lum qildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Albaniya, Braziliya, Fransiya, Irlandiya, Yaponiya, Norvegiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya va AQSH qo‘shma bayonot bilan chiqqan.

Bayden AQSHni bir yilda vayron qildi – Tramp

AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp Demokratik partiya va Oq uyning amaldagi rahbari Jo Bayden bir yil ichida Amerikani vayron qildi deb hisoblamoqda. Bu haqda u “Red zone” podkasti efirida bildirgan.

“Ko‘p ishlar noto‘g‘ri ketmoqda, bularning barchasi haqiqatan ham bir yilda odamlarga qattiq zarba bo‘ldi. Mamlakatimiz bir yilda vayron bo‘ldi”, deydi siyosatchi.

NATO urushga tayyorlanayotgan Ukrainani alyansga qo‘shish shartini ma’lum qildi

Ukraina yaqin kelajakda NATOga qo‘shilmaydi. Bu haqda alyans bosh kotibi o‘rinbosari Mircha Joana ma’lum qildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukraina harbiy ittifoqqa qo‘shilmasligi kerakligin haqidagi talabiga javoban, bosh kotib o‘rinbosari shunday degan:

“Hech kim Ukraina yaqin kelajakda NATOga qo‘shiladi, deb aytmaydi. Ukraina NATOga kirishi uchun alyansda bugungi kunda mavjud bo‘lmagan yakdillik bo‘lishi kerak”.

Istanbulda uyg‘urlar Pekin-2022 Olimpiadasiga qarshi namoyish o‘tkazdi

Kecha, 4 fevral kuni Istanbul ko‘chalarida yuzlab uyg‘urlar ommani Pekin-2022 qishki Olimpiya o‘yinlarini boykot qilishga chaqirib, namoyishga chiqdi. Bundan tashqari, namoyishchilar Olimpiada ishtirokchilarini Xitoyning mamlakatdagi irqiy ozchiliklarga o‘tkazayotgan tazyiqiga qarshi baralla gapirishga undashgan.

Kecha ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlari, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro kuzatuv tashkilotlari mutaxassislari COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar vaj qilinib, Xitoy hududiga kiritilmayotgan bir paytda o‘tkazilmoqda.

Sport

“Manchester Yunayted” musobaqadan chiqdi. Rangnik aybdorlarni aytdi

Kecha, 4 fevral kuni Angliya kubogining 1/16 finali doirasida “Manchester Yunayted” jamoasi “Midlsbro” jamoasiga qarshi bahs olib bordi va mag‘lub bo‘ldi.

O‘yinning 25-daqiqasida Jeydon Sancho jamoasini oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 64-daqiqada Metti Kruks “Midlsbro”ning hisobni tenglashtiruvchi goliga mualliflik qildi. O‘yinning asosiy qismi durang bilan yakunlanib, g‘olib penaltilar seriyasida aniqlanadigan bo‘ldi.

Penaltilar seriyasida manchesterliklar safida Entoni Elanga penaltini aniq amalga oshira olmadi hamda seriya 7-8 hisobida yakunlandi. “Midlsbro” jamoasi chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Shahram Parijni “zabt eta oladimi?”

Bugun, 5 fevral kuni Fransiya poytaxti Parij shahrida dzyudo bo‘yicha joriy yil hisobidan birinchi “Katta Dubulg‘a” turniri start oladi. Mazkur musobaqa ikki kun: 5-6 fevral kunlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Toshkent vaqti bilan 14:30 dan boshlab kunduzgi dasturlar efirga uzatila boshlanadi.

Parijdagi musobaqalarda 5 nafar sportchi bilan qatnashayotgan O‘zbekiston termasi vakillaridan -60 kg vaznda Dilshod Baratov hamda -73 kg vazndagi O‘zbekiston chempioni Shahram Ahadov bugungi bahslarda tatamiga chiqadi.

“B” guruhidan joy olgan Dilshod 2-raundda ancha jiddiy raqib – yaponiyalik Ryuji Nagayamaga qarshi bahs olib boradi. Nagayama dunyo reytingida 18-o‘rinni, Baratov esa 111-o‘rinni band etishgan.

Ahadov g‘alaba bilan boshladi

Bugun, 5 fevral kuni Fransiya poytaxti Parijda dzyudo bo‘yicha  "Katta Dubulg‘a" turniri start oldi.

 -73 kg vaznda tatamiga chiqqan o‘zbekistonlik Shahram Ahadov "B" guruhi, 1-raundda amerikalik Jek Yonezkuga  qarshi kurash olib bordi hamda vazari bahosi bilan g‘alabaga erishdi.

Keyingi bosqichda Shahram kosovolik Akil Gyakova bilan tatamiga chiqadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

143

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing