Dubayga “qochgan” qozoq malikasi", nishondagi Putin, ogohlantirilgan o‘zbekistonliklar... 13 yanvarda nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
13 yanvar 2022
27192Jamiyat
O‘zbekiston tashqaridan beriladigan “maslahat” va “ko‘rsatma”larga muhtoj emas – ekspert
O‘zbekiston dunyo miqyosida eng ko‘p terroristik aktlarga uchragan va ularni samarali bartaraf qilib kelayotgan davlat. Mamlakat tashqaridan beriladigan "maslahat" yoki "ko‘rsatma"larga muhtoj emas. Bu haqda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, siyosatshunoslik fanlari doktori Sayfiddin Jo‘rayev QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“O‘zbekiston harbiy salohiyat bo‘yicha dunyo reytingida 40-44 o‘rin oralig‘ida turibdi. Dunyoda 208 ta mamlakat bor. Markaziy Osiyoda esa O‘zbekistonning harbiy salohiyati 1-o‘rinda. Buning asosiy sababi nimada? Avvalo, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi. Qaysi davlatda islohot, iqtisodiyot, barqarorlik bo‘lsa, albatta, bu mamlakat o‘zining xavfsizligini ta’minlash uchun mudofaa sohasiga yetarli darajada mablag‘ ajratib, uni isloh qilishga erishadi”, deydi Jo‘rayev.
Jahon banki 2022 yilda o‘zbekistonliklar qanchaga boyishini prognoz qildi
2021 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 5,6 foizga yetadi. Bu haqda Jahon bankining “Jahon iqtisodiy istiqbollari” nomli hisobotida keltirilgan.
Hisobot mualliflari 2021 yilda O‘zbekistonda YAIM o‘sishi 6,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu o‘sish 5,6 foizgacha sekinlashishini prognoz qilmoqda.
Qayd etilishicha, jahon iqtisodiyoti yangi COVID-19 shtammlari tarqalishi tahdidlari, shuningdek, inflyatsiya, qarz va daromadlar tengsizligining kuchayishi fonida aniq sekinlashuv davriga kirmoqda. Bu rivojlanayotgan mamlakatlarning tiklanishiga xavf solishi mumkin.
O‘zbekistonning KXSHTga a’zo bo‘lish xavfi bormi?
O‘zbekiston xalqi, ayniqsa, bilimli, dunyoni ko‘rgan yoshlari davlatning KXSHT kabi bir taraflama maqsadlarga tayangan tashkilotlarga a’zo bo‘lishini istamaydi. Bu haqda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, siyosatshunoslik fanlari doktori Sayfiddin Jo‘rayev QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Yaxshi ma’lumki, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi (KXSH) SSSR parchalangach, asosan Rossiyaning tashabbuskorligida 1992 yil 15 may kuni Toshkentda tuzilgan. Bu tashkilotga dastlab O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston va Rossiya qo‘shilgan. 1993 yilda Ozarbayjon, Gruziya va Belarus tashkilotga a’zo bo‘lgan.
Konsulxona Istanbuldagi o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi
O‘zbekiston Respublikasining Turkiyaning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqib, firibgarliklardan ogohlantirdi.
“So‘nggi vaqtlarda Bosh konsulxona atrofida firibgarlik holatlari sodir bo‘layotgani haqidagi ma’lumotlar kelib tushmoqda.
Shu sababli vatandoshlarimizdan hushyorlikni oshirishga chaqirib qolamiz”, deyiladi bayonotda.
Qashqadaryoda uyda turgan Cobalt'ning gaz balloni portladi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida Cobalt avtomobilining gaz balloni portlab ketgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Matbuot xizmati izoh berdi.
Qayd etilishicha, hodisa 2021 yilning 4 dekabr kuni soat 14:10 larda Muborak tumani Qorabog‘ qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Shu qishloqda yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro O‘.L.ning yashash uyi hovlisida turgan, o‘ziga tegishli bo‘lgan Cobalt rusumli avtomobilga o‘rnatilgan gaz balloni to‘satdan portlab ketgan.
Diqqat! “Uzbekistan Airways” AQSHga ketmoqchi bo‘lganlarga ogohlantirish bilan chiqdi
AQSHga kirish uchun yangi qoidalar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, yo‘lovchilar parvozdan kamida 24 soat oldin PZR test hamda kamida 15 kun oldin COVID-19 ga qarshi to‘liq emlanganliklarini tasdiqlaydigan guvohnomaga ega bo‘lishlari kerak. Bu haqda “Uzbekistan Airways” Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSHga borayotgan yoki tranzit orqali o‘tadigan yo‘lovchilar (2 yoshdan yuqori) COVID-19 uchun parvozdan kamida 24 soat oldin PZR usulida topshirilgan testning manfiy natijasini taqdim etishlari kerak. Ruxsat etilgan testlar: antigen, NAAT, RT-LAMP, RT-PCR yoki TMA. Shuningdek, yo‘lovchilar maxsus attestatsiya varaqasini to‘ldirishlari va ro‘yxatdan o‘tish paytida uni bosma shaklda taqdim etishlari shart.
Toshkent qoq markazida “ognetushitel” portlatganlar qamoqqa olindi. Jarohatlangan bolaning barmoqlari uzilib ketgan
Joriy yilning 1 yanvar kuni poytaxt Toshkentdagi “Samarqand darvoza” savdo majmuasi oldida fuqarolar Yangi yilni nishonlash maqsadida qo‘lbola “ognetushitel” portlatgandi. Oqibatda holatni videoga olayotgan 3 kishi jarohatlangandi. Mazkur hodisaga aloqador bo‘lgan 13 kishiga ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olindi.
Ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, portlash oqibatida M.S. (1997 yilda tug‘ilgan) qorin yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, M.A. (1999 yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq boldir, tovon sohalari yirtilgan jarohati hamda X.N. (2006 yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq panja qismi yirtilgan, majaqlangan jarohati, oyoq barmoqlari noto‘liq amputatsiyasi tashxisi bilan turli ko‘rinishdagi tan jarohati olgan.
Olib borilayotgan tergov tezkor harakatlari davomida mazkur hodisaga aloqador bo‘lgan 13 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, Jinoyat protsetsual kodeksining 221-moddasi tartibida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 5 nafari ma’muriy tartibda qamoqqa olingan, yana 5 nafari ma’muriy jarimaga tortilgan.
Olam
3 kunlik chaqaloq -20 daraja sovuqda ko‘chaga tashlab ketildi
Rossiyaning Novosibirsk viloyati Sosnovka qishlog‘idagi tashlandiq yo‘lning yoqasida tuxum qutisiga tashlab ketilgan chaqaloq topib olindi. O‘smirlar go‘dakni havo harorati -20 darajagacha tushib ketgan vaqtda, kechasi topib olishgan. Vaziyatdan xabar topgan ota-onalardan biri chaqaloqni darhol shifoxonaga olib borgan.
Qayd etilishicha, chaqaloqning jinsi qiz bola va hozirda uni tashlab ketgan onasiga nisbatan jinoyat ishi ochilib, qidiruvga berilgan.
O‘smirlardan birining ota-onasi chaqaloqni boqib olmoqchi ham bo‘lgan, ammo ulardan bolaning haqiqiy ota-onasi topilgunicha kutib turish so‘ralgan.
“Biz sizga raqib emasmiz”. Hukumat bloklagan sayt rahbari Prezidentga murojaat qildi
Qozog‘istonda Giperborey YouTube kanali muallifi Vadim Boreyko va “Orda.kz” nashri bosh muharriri Gulnar Bajkenova Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga “Orda.kz” saytini blokdan chiqarishni so‘rab murojaat qildi.
“Orda.kz” saytini blokdan chiqaring. Sizga va sizning yaqinlaringizga yoqmaydigan ma’lumotlar bo‘lishi mumkin. Mitinglarga bizni sababchi qilib ko‘rsatishlari mumkin. Biz qandaydir ma’lumot tarqatganimiz uchun mitinglar sodir bo‘ldi, deb o‘ylashlari ham mumkin. Lekin bunday emas. Jurnalist — bu yangilik tarqatuvchi. U sinoptikka o‘xshaydi. Agar meteorolog qor yog‘adi desa, u shuni yetkazadi. Siz hech narsani o‘zgartira olmaysiz. Biz o‘z ishimizni haqqoniy bajardik. Hozir ham, keyin ham shunday qilamiz. Biz sizni, sizning qandaydir harakatingizni tanqid qilamiz. Bu esa biz sizning raqibingiz degani emas. Biz qonunga qarshi hech narsa qilmaymiz”, degan Boreyko va Bajkenova To‘qayevga murojaatida.
Oq Uy Rossiyaga qarshi yangi sanksiya qo‘llamoqchi. Putin ham nishonda
“AQSH Prezidenti Jozef Bayden ma’muriyati Vladimir Putinga shaxsan ta’sir ko‘rsatuvchi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamoqda”, deya yozadi “The Washington Post” axborot agetligi. Agentlik Milliy xavfsizlik kengashi vakili va qo‘liga kelib tushgan hujjatlarga tayanib ushbu xabarni ma’lum qilgan.
“Agar Putin Ukrainaga bostirib kiradigan bo‘lsa, senator-demokratlar yangi sanksiyalar paketini e’lon qilishadi”, deyiladi, xabarda.
Koronavirus fonida Telegram bloklanishi kutilmoqda
Germaniya Telegram’ni bloklashi mumkin. Bu holat o‘ta o‘ng guruhlar va koronavirus cheklovlariga qarshi bo‘lgan odamlar orasida mashhur xabar almashish xizmati mamlakat qonunlarini buzishda davom etsa, sodir bo‘ladi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri Nensi Fayzer ma’lum qildi.
“Bunday bo‘lishini inkor eta olmaymiz. Biroq, uni o‘chirib qo‘yish juda jiddiy qadam va oxirgi variant bo‘ladi. Shuning uchun, bundan oldin boshqa barcha variantlarni muvaffaqiyatsiz deb hisoblash kerak”, degan Fayzer.
Nazarboyevning kenja qizi Qozog‘iston xalqiga murojaat qildi
Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning kenja qizi Aliya Nazarboyeva mamlakatda sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealardan juda xavotirda ekanini aytib, otasini qo‘llab-quvvatlagan Qozog‘iston xalqiga minnatdorlik bildirdi.
“Yurakda og‘riq bilan yurtimizdagi fojiali voqealardan xavotir olmoqdaman. Barcha qurbonlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiraman. Barchamiz uchun shafqatsiz bo‘lgan bu saboq tariximizdagi so‘nggisi bo‘lishiga umid bildiraman. Sizga qo‘llab-quvvatlagan so‘zlaringiz uchun ham rahmat aytaman. Ayni damda otamni ma’naviy qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat aytaman, u shu kunlarda turli viloyatlar aholisidan ko‘p xabarlar olmoqda”, deb yozgan u Facebook sahifasida.
Murojaatdan ko‘p o‘tmay, Aliya Nazarboyeva Instagram va Facebook'dagi sahifasini o‘chirdi. Orda.kz nashrining yozishicha, Aliya Nazarboyeva Birlashgan Arab Amirliklarida "jon saqlamoqda".
“Arqadag‘” vazir o‘rinbosarini hech qanday izohsiz ishdan oldi
Kecha, 12 yanvar kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakat Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi. Davlat rahbari yig‘ilishda sabablarini tushuntirmasdan, politsiya podpolkovnigi Mirat Babaguliyevni Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod qildi. Bu haqda TDX davlat axborot agentligi xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, Ashxobod politsiya boshqarmasi boshlig‘i, mayor Vepali Atayev Ichki ishlar vazirining yangi o‘rinbosari etib tayinlangan. O‘z navbatida, Ashxobod politsiya boshqarmasi boshlig‘i etib mayor Merdan Muhammetmiradov tayinlangan.
Birinchi Prezidentning uzoq yillik hamkori va uning ikki o‘rinbosari davlat to‘ntarishida ayblanyapti
Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining (MXQ) sobiq raisi Karim Masimov va uning ikki o‘rinbosariga nisbatan davlatga xiyonat ayblovlaridan tashqari, hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish hamda hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish xatti-harakatlari bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bu haqda qo‘mita Matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq MXQ raisi Karim Masimovga nisbatan davlatga xiyonat bo‘yicha sudgacha tergovni davom ettirmoqda. Mazkur holat yuzasidan hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish va mansab vakolatlarini suiste’mol qilishga qaratilgan harakatlar yuzasidan qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruvlar boshlab yuborilgan”, deyiladi xabarda.
OAV Nazarboyevning kenja qizi qayerdaligini fosh qildi
Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning kenja qizi Aliya Nazarboyeva ayni vaqtda Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Orda.kz” nashri uning qayerdaligini fosh qildi.
“Qozog‘iston sobiq Prezidentining kenja qizi o‘zining Instagram akkauntini yopdi. Bugun tongda u mamlakatda sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealardan juda xavotirda ekanini aytib, otasini qo‘llab-quvvatlagan Qozog‘iston xalqiga minnatdorlik bildirdi. Keyinroq Instagram’dagi sahifasi yopilib qoldi”, deyiladi xabarda.
Mirziyoyev safsataboz Lukashenkoning gaplariga javob qaytardi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi kengaytirilgan yig‘ilishida Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenkoning KXSHT yig‘ilishida aytgan gaplariga munosabat bildirdi.
"Kuni kecha ba’zi davlat rahbarlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealardan saboq chiqarishi lozimligi haqida asossiz bayonot berildi. Biz mintaqadagi vaziyatni, xavfsizlikka bo‘lgan barcha xavf-xatarlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz.
Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz", dedi davlat rahbari.
Sport
“El-Klasiko”: “Real” azaliy raqibini mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi
Bugun, 13 yanvar kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Ispaniya Superkubogining ilk finalchisi aniqlandi. Karlo Anchelotti boshchiligidagi “Real Madrid” murosasiz bahsda Xavi boshchiligidagi “Barselona” ustidan g‘alaba qozondi – 3:2. Madrid klubi ketma-ket 5-uchrashuvda ham “Barsa”ni mag‘lubiyatga uchratishning uddasidan chiqdi.
Kataloniyaliklar uchrashuv davomida ikki marta ortga “kambek” amalga oshirishga muvaffaq bo‘lishdi, biroq ular Federiko Valverdening 120-daqiqada kiritgan goliga javob bera olishmadi. “Qirollik klubi” esa finalga yo‘l oldi.
Xames raqib futbolchisining hayotini saqlab qoldi
Qatarning “Al-Rayyan” klubi yarim himoyachisi Xames Rodriges Qatar chempionatining 13-turidan o‘rin olgan “Al Vaqra”ga qarshi uchrashuvda malilik himoyachi Usmon Kulibalining hayotini saqlab qoldi. Bu haqda “BeIN Sports” nashri xabar berdi.
Gap shundaki, uchrashuvning birinchi bo‘limida Kulibali hushidan ketgan. Kolumbiyalik futbolchi esa voqea joyiga tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar Kulibaliga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatgan. Rodriges 32 yoshli futbolchining boshini to‘g‘rilab, qo‘shimcha yordam ko‘rsatish uchun shifokorlar brigadasi kelguniga qadar nafas olishiga ko‘maklashgan. Hozirda malilik futbolchi shifoxonaga yotqizilgan va ahvoli barqarorlashgan.
“Roma” rahbariyati Shomurodov sabab Mourinodan norozi
Avvalroq, Joze Mourino O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Roma” klubi hujumchisi Eldor Shomurodovning o‘yinini tanqid qilgani haqida xabar bergan edik.
Mashhur sport nashrlarining xabar berishicha, “bo‘rilar” rahbariyati Jozening natijalaridan noroziligini bildirgan. Rahbariyat portugaliyalik mutaxassis yozda katta transfer kampaniyasidan so‘ng, yaxshi natija ko‘rsatishi kerak, deb hisoblamoqda. Shuningdek, Eldor Shomurodovning holatidan qoniqish hosil qilmayapti. 20 million yevrolik futbolchi zaxira o‘rindig‘ida o‘tirmasligi kerakligi iddao qilinmoqda.
LiveBarchasi