Abadiy Prezidentlikka intilayotgan “Batka”, AQSHning iddaolari, Ukrainani tabriklagan “Uzbekistan”... Bugun nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
17 fevral 2022
9139Jamiyat
Jizzaxda institut bo‘limi boshlig‘i $100 ming pora olayotganda ushlandi
Jizzax davlat pedagogika instituti ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i 100 ming dollar pora olayotgan paytda ushlandi. Pora institut fakultetlaridan birining dekanidan talab qilingan bo‘lgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati Matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, Jizzax davlat pedagogika institutining ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i 2021 yilning oktyabr oyida mazkur oliy o‘quv yurti fakultetlaridan birining faoliyatini tekshirish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni ushbu fakultet dekaniga salbiy ta’sir qilmasligi va uni lavozimida qolishini ta’minlash evaziga 100 ming AQSH dollari talab qilgan.
DXX Chegara qo‘shinlariga yangi vakolat berildi
Joriy yilning 15 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonun bilan quyidagi huquqbuzarliklarga oid ishlarni Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari ko‘rib chiqishi belgilandi:
• chegara zonasiga, shuningdek fuqarolarning kirishi va bo‘lishiga vaqtincha cheklov belgilangan joylarga kirish hamda ularda yashash qoidalarini buzish (224-modda);
• Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi rejimni buzish (224-1-modda 1-qismi).
Qashqadaryoda YPX xodimlari bilan janjallashgan haydovchi qamaldi
Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanida YPX xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, janjal chiqargan haydovchiga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, Yakkabog‘ tumanida YPX xodimlari va qonuniy talabga bo‘ysunmagan Nexia-3 rusumli avtomobil haydovchisi o‘rtasida ziddiyatli vaziyat yuzaga kelganligi hamda atrofda bo‘lgan ayrim shaxslar xodimlarning xizmat vazifasini bajarishga halaqit berganligi holati bo‘yicha to‘plangan hujjatlar kecha, 16 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudi tomonidan o‘rganib chiqilgan.
O‘zbekistondagi 4 ta OTM Britaniyaning THE reytingiga kirdi
Buyuk Britaniyaning “Times Highyer Education” (THE) agentligi “Young University Rankings – 2022” (Yosh universitetlar reytingi – 2022) reytingiga ilk bor O‘zbekistonning 4 ta oliy ta’lim muassasasi kiritildi. Bu haqda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur OTMlar yangi turdagi maqom — “Reportyer” universitetlar qatorida e’tirof etildi. Bular:
Mazkur OTMlar yangi turdagi maqom — “Reportyer” universitetlar qatorida e’tirof etildi. Bular:
• Toshkent davlat yuridik universiteti;
• Toshkent pediatriya tibbiyot instituti;
• Turin politexnika universiteti;
• Urganch davlat universiteti.
Tekin pishloq qopqonda bo‘ladi! Navoiy ko‘chasi g‘irt tekinga ta’mirlanayotgani aytilmoqda
Xabaringiz bor, Toshkentning Navoiy ko‘chasida qurilish ishlari boshlangandi. Shahar markazidagi o‘zgarish muhokama mavzusiga aylangach, hokimlik loyihani taqdim etdi. Unda Alisher Navoiy shox ko‘chasi va Paxtakor hamda Alisher Navoiy shox ko‘chasi va Labzak ko‘chalari kesishmasi ta’mirlanishi belgilangandi. Ammo shu bilan hammasi tugamadi. Aksincha, yo‘l piyodalar uchun yanada noqulay bo‘lib qolishi sababli, bahslar avj oldi, savollar ko‘paydi.
Bugun, 16 fevral kuni Toshkent shahar hokimligi rasmiylari Navoiy ko‘chasida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazib, poytaxt markazidagi ko‘cha g‘irt tekinga ta’mirlanayotgani ma’lum qildi.
Olmazorda so‘kong‘ichligi bilan tilga tushgan va sochiga allaqachon oq oralagan, keyinroq Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari lavozimini egallagan Baxtiyor Rahmonovga ko‘ra, Alisher Navoiy shox ko‘chasidagi chorraha va yo‘lni turk kompaniyasi o‘z hisobidan ta’mirlaydi. Agar yo‘ldagi o‘zgarish o‘zini oqlab, hammasi rejadagidek amalga oshsa, bu kompaniya shahardagi 140 ta chorrahada ham shunday qurilishlarni amalga oshiradi. Bu chorrahalarni qurish ishlari byudjet hisobidan bo‘ladi.
“Uzbekistan” Ukrainani nega tabrikladi?
Kecha, 16 fevral – Ukraina Birlik kuni munosabati bilan “O‘zbekiston” mehmonxonasi fasadida “Birlik kuni muborak bo‘lsin, Ukraina” yozuvi aks ettirildi.
Mehmonxona rasmiysining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, “Birlik kuni muborak bo‘lsin, Ukraina” yozuvi ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi aks ettirilgan.
Mehrob muqaddas joy – Musulmonlar idorasi imom-xatiblar ogohlantirilganini ma’lum qildi
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning kuni kecha matbuot anjumanida aytgan, “Odamlar xohlasa dinga ishonadi, xohlamasa yo‘q. Balki tarki dunyo qilib yashashni tanlar. Bu har bir odamning konstitutsiyaviy huquqi. Shu sababli ham qonunda belgilangan huquqlar, qonunda belgilangan kafolatlarni ijtimoiy maqomidan qat’i nazar, chiqib inkor qila olmaydi. Bu signalni barcha diniy tashkilot va domlalarimizga yetkazishni istardik”, degan gaplari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Bunga “Bodomzor” jome masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov javob qilib, “Bir-ikki ahli ilm qattiq hissiyotga berilib, gapirgani bilan butun imomlarni da’vat yo‘lini to‘sishga kim vakolat berdi u odamga”, deb chiqdi.
Ayni muhokamasi to‘xtamayotgan masala yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy munosabat bilan chiqdi.
Unda qayd etilishicha, alohida diniy xodimlarning shaxsiy fikri O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy munosabatini ifoda etmaydi.
Qoraqalpog‘istonda qurilish sohasi mansabdorlari 30 mlrdni “rastrata” qilgan – DXX
Qoraqalpog‘istonda qurilish sohasida 30 mlrd so‘m talon-taroj qilingan holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Preziyedntining “2018 yildagi investitsiyaviy va infratuzulmaviy loyihalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2018-2021 yillarda Nukus davlat pedagogika institutining o‘quv binolarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish uchun 54,3 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
2018 yilda o‘tkazilgan tenderda “Jayhun Universal Qurilish” MCHJ g‘olib chiqib, u tomonidan 2021 yilning sentyabr oyiga qadar barcha ishlar amalga oshirilishi kerak bo‘lgan.
Surxondaryoda Suriyadagi jangarilarga qo‘shilishni rejalashtirgan shaxs ushlandi
Surxondaryoda jihodga chorlash targ‘iboti bilan shug‘ullangan va Suriyadagi jangarilarga qo‘shilishni rejalashtirgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, DEO/XTT emissarlari ta’siriga tushib, Suriyadagi jangarilar lageriga borishni rejalashtirgan Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi R.I. Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan.
Tadbir davomida unga tegishli bo‘lgan telefon apparatidagi Telegram messenjeridagi akkaunti orqali Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy, Abu Saloh, Rashod Qori kabi “jihodchilar” DEO g‘oyalarini targ‘ibotchilari bilan aloqalari aniqlangan.
Olam
“Ukraina uchun xavf yo‘qolmadi”. Putin bilan uchrashgan Shols Baydenga hisob berdi
Germaniya kansleri Olaf Shols va AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 16 fevral kuni telefon orqali muloqot qilib, Ukraina atrofidagi vaziyat jiddiyligicha qolayotganini, Rossiya qo‘shinlarining Ukraina chegaralaridan sezilarli darajada olib chiqilmaganini ta’kidladi. Bu haqda Germaniya Vazirlar Mahkamasi vakili ma’lum qilgan.
“Federal kansler Olaf Shols bugun kechqurun AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali suhbatda Ukraina va uning atrofidagi vaziyat yuzasidan fikr almashdi. Ikkisi bir ovozdan Rossiya qo‘shinlarining Ukraina bilan chegaradosh hududlarda to‘planib qolgani tufayli yuzaga kelgan vaziyat o‘ta jiddiy deb baholanishi kerakligini aytdi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi keyingi harbiy tajovuzkorligi xavfi saqlanib qolmoqda, o‘ta hushyorlik zarur, Rossiya qo‘shinlarining sezilarli darajada olib chiqib ketilishi hali kuzatilmagan”, deydi Vazirlar Mahkamasi vakili.
Rossiya aldayaptimi? AQSH Ukraina chegarasida rus qo‘shinlari ko‘payganini iddao qildi
Rossiya Ukraina bilan chegaradagi harbiy mavjudligini 7 ming kishiga oshirgan. Bu haqda Amerika rahbariyati ma’lum qilmoqda.
“Kecha Rossiya rasmiylari Ukraina bilan chegaradan qo‘shinlarini olib chiqib ketayotganini e’lon qildi. Bu bayonot bu yerda (AQSHda) ham, dunyoda ham katta e’tiborni tortdi. Biroq, endi bu yolg‘on ekanini bilamiz. Oxirgi bir necha kun ichida Rossiya Federatsiyasi Ukraina bilan chegaradagi harbiy mavjudligini 7000 askarga oshirdi. So‘nggi kunlarda Rossiya Federatsiyasi ham diplomatiyada ishtirok etishga tayyorligini e’lon qildi, ammo biz ko‘rib turgan barcha belgilar ular faqat ommaviy ravishda gaplashishni va deeskalatsiyani e’lon qilishni, shaxsiy ravishda esa urushga safarbar qilishni niyat qilishlarini ko‘rsatmoqda”, degan Vashington ma’muriyatining yuqori martabali rasmiysi.
Donetskda otishma: Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda
Bugun, 17 fevral kuni ertalab Ukraina xavfsizlik kuchlari o‘zini-o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk Xalq Respublikasi hududini to‘rt marta, shu jumladan Minsk kelishuvlarida taqiqlangan minomyotlardan o‘qqa tutgani aytilmoqda. Rus mediasining O‘t ochishni to‘xtatishni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha qo‘shma markazga tayyanib xabar berishicha, aholi punkti ham o‘qqa tutilgan.
“Ukraina qurolli tuzilmalari Minsk kelishuvlariga ko‘ra olib qo‘yilishi kerak bo‘lgan qurollardan foydalangan holda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini qo‘pol ravishda buzdi”, deya iddao qilinmoqda.
Turkmanistonda o‘qituvchilar arzandaning “yutuqlari” haqida jar solishga majburlanmoqda
Xabaringiz bor, Turkmanistonda joriy yilning 12 mart kuni navbatdan tashqari Prezident saylovi o‘tkazilishi kutilmoqda. Mamlakatdagi oliy lavozimga amaldagi Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Sardor saylanishi taxmin qilinmoqda.
Bu uchun Turkmanistonda ham astoydil harakat boshlangan. “Xronika Turkmenistana” nashrining yozishicha, 14 fevral kuni maktab o‘qituvchilari birinchi darsda Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Serdarning “hayot yo‘li va yutuqlari, fe’l-atvori” haqida gapirishga majbur bo‘lgan.
O‘qituvchilarga Berdimuhamedovning “yaxshi ishlari va erishgan yutuqlari” haqida gapirib berish, bolalar undan minnatdor bo‘lishlari kerakligi haqida ko‘rsatma berilgan.
O‘zbekistonning “asr loyihasi” qurilishida rossiyaliklar ham qatnashadi
Transafg‘on temir yo‘lini qurishda “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan tashqari Rossiya temir yo‘llari ham ishtirok etishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Pokiston Islom Respublikasi Tijorat vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammad Solih Faruqiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda aytib o‘tilgan.
Uchrashuvda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi chog‘ida (15-16 iyul 2021 yilda) imzolangan Tranzit va savdo to‘g‘risidagi bitim shartlarini amalda joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish masalasi ko‘rib chiqilgan.
Ukraina atrofida inqiroz chiqargan Rossiya Venesuela bilan kelishib oldi
Rossiya va Venesuela harbiy sohadagi hamkorlik rejalarini ko‘rib chiqdi hamda Janubiy Amerika mamlakatida tinchlik, shuningdek suverenitetni himoya qilish uchun uni amalga oshirishga kelishib oldi. Bu haqda Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro ma’lum qilgan.
“Biz harbiy hamkorlikni (Rossiya bilan – tahr.) ko‘rib chiqdik. Tinchlik, suverenitet, hududiy yaxlitlikni himoya qilish uchun Rossiya va Venesuela o‘rtasida kuchli harbiy hamkorlik yo‘nalishini tasdiqladik”, deydi Prezident.
Abadiy Prezident bo‘laman – Lukashenko G‘arbga shantaj qildi
Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko, agar G‘arb respublikaga 2020 yilgi saylovlardagi kabi hujum qilsa, u abadiy davlat rahbari bo‘lib qolishini aytdi. Bu haqda BelTA agentligi xabar bergan.
“Agar siz [G‘arb] bizga 2020 yildagidek hujum qilishda davom etsangiz, men abadiy Prezident bo‘laman”, degan Lukashenko Osipovichskiy poligonidagi “Ittifoqchilar qarori – 2022” Belarus-Rossiya o‘quv mashg‘ulotlarining borishi bilan tanishganidan keyin jurnalistlarga.
Lavrov Ukraina atrofidagi keskinlik qachon tugashi haqidagi savolga javob berdi
Ukraina atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi joriy yil 20 fevralida tugash yoki tugamasligi Rossiya bilan bog‘liq emas, chunki taranglikni Kreml kuchaytirmayapti. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.
Lavrovga ko‘ra, Ukrainadagi keskinlikni Rossiya keltirib chiqarmayapti. Joriy yilning 20 fevral kuni, rejalashtirilganidek, Belarus bilan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar tugaydi.
"20 fevralga kelsak, savolni menga tegishli joyi yo‘q. Mashg‘ulotlarimiz ma’lum qilinganidek, 20 fevralda tugaydi. Ukrainadagi keskinlik shu kuni tugashi yoki yo‘qligiga kelsak, bilmayman, chunki biz uni keltirib chiqarmaganmiz. Biz bunday ish bilan shug‘ullanmaymiz”, deydi Tashqi ishlar vaziri.
Rossiya AQSHning takliflariga javob tayyorladi
Rossiya bugun, 17 fevral kuni xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muloqot doirasida AQSH bildirgan takliflarga o‘z javobini yuboradi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.
“Amerika maktubi tahlilini yakunlamoqdamiz. Umid qilamanki, yaqin kelajakda vaziyat qanday rivojlanishini bilib olasiz. Bugun Amerika tomoniga ushbu maktubni yuboramiz”, degan Lavrov Italiya Tashqi ishlar vaziri Luidji di Mayo bilan muzokaralardan keyingi matbuot anjumanida.
“Arqadag‘”ning muxoliflari ham Prezident saylovida qatnashmoqchi
Turkmanistonda prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish davom etmoqda. Davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, kecha, 16 fevral kuni Markaziy saylov komissiyasi Agrar partiyadan ko‘rsatilgan Mari viloyati hokimi o‘rinbosari Og‘ajon Bekmirodov nomzodini ro‘yxatga olgan.
"Xronika Turkmenistan" nashriga ko‘ra, turkman muxolifatining xorijdagi vakillari ham Turkmanistondagi prezidentlik saylovlarida qatnashish istagi borligini ma’lum qildi.
Putin noqonuniy migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish kerakligini aytdi
Rossiyadagi noqonuniy migrantlar va mamlakat qonunlarini buzganlarga nisbatan eng qattiq choralar ko‘rish, jumladan, ularni Rossiyadan chiqarib yuborish va qayta kirishini taqiqlash kerak. Bu haqda mamlakat Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi kollegiyasida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada noqonuniy tarzda bo‘lib turgan migrantlar va o‘z biznesini noqonuniy migratsiya asosida qurayotgan jinoiy guruhlarga nisbatan eng qattiq choralar ishlab chiqilishi lozim. Qoidalarni buzadigan, noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxslarni Rossiyadan chiqarib yuborish va kelajakda mamlakatga kirishini taqiqlash to‘g‘risidagi qarorlarni tezda qabul qilib, ijrosini ta’minlash kerak.
Sport
“Liverpul” ustunlik qilgan “Inter”ni nimaning hisobiga yengdi? Klopp tilga kirdi
Bugun, 17 fevral tunda Yevropa Chempionlar ligasi nimchorak final bahslari davom ettirildi. “Inter” maydoniga safar qilgan “Liverpul” 2 – 0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgan bo‘lsa, “Zalsburg” uyida mehmon bo‘lgan “Bavariya” kutilmaganda, 1 – 1 hisobidagi durrang bilan ortga qaytishga majbur bo‘ldi. Kunning markaziy uchrashuvi bo‘lgan, “Inter” va “Liverpul” uchrashuvidan so‘ng futbolchi va murabbiylar qanday fikrlar bildirdi?
Mag‘lubiyatga qaramasdan, milanliklar ustozi Simone Inzagi jamoasi yaxshi futbol namoyish qilganini ta’kidlagan.
“Real” “o‘lja”dan quruq qolishi mumkin. Masalaga Qatar amiri aralashdi
PSJ hujumchi Kilian Mbappeni jamoada saqlab qolishga bo‘lgan urinishlaridan voz kechmayapti.
Joriy yilning 15 fevral kuni Chempionlar ligasi doirasida "Real Madrid"ga qarshi o‘yindan so‘ng (1:0) Qatar amiri Tamim bin Hamad al-Soniga yaqin odamlar fransiyalik futbolchining oilasi bilan uchrashib, uning shartnomasini uzaytirish masalasini muhokama qilishgan. Bu haqda "El Chiringuito" nashri xabar beradi.
Tomonlar o‘rtasidagi muloqot uzoq vaqtdan beri davom etmoqda. Xabar qilinishicha, parijliklar Mbappe bilan shartnomani qisqa muddatga uzaytirish borasida muzokaralar olib borishmoqda.
Habib boksga o‘tmoqchi bo‘lgan UFC jangchisiga maslahat berdi
Yengil vazn toifasida 33 yoshli sobiq UFC chempioni Habib Nurmuhamedov Frensis Ngannu va uning UFC bilan shartnoma muzokaralari bo‘yicha davom etayotgan mojarosi haqida o‘z fikrini bildirdi.
"Fyuri va Ngannu UFC'da o‘zaro jang qilishsa, Fyurida deyarli imkoniyat yo‘q. Ammo boksda men Taysonning u qadar ustunligini ham ko‘rmayapman. Ehtimol, Fyuriga raqib Aleksandr Usik bo‘lar. Usik u uchun qiyin sinov bo‘ladi.
LiveBarchasi